July 6

Ta’lim – kelajakka qo‘yilgan narvon

Yurtimizda ta’lim-tarbiya sohasiga bo‘layotgan e’tibor, olib borilayotgan islohotlar, jamiyatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni yetuk va zamonaviy bilimlarga ega insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan. Bu borada Prezidentimiz 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham atroflicha to‘xtaldi.

Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ham ana shu mas’uliyatni chuqur his qilgan holda fidokorona mehnat qilib kelmoqda. Bugungi kunda maktabimizda 1 972 nafar o‘quvchi ta`lim olmoqda. Ularga 92 nafar malakali pedagoglar saboq beradi.

O‘qituvchilarimiz ta’lim mazmunini yangilash, fanlarni interfaol va zamonaviy metodlar asosida o‘qitish, har bir bolaning qobiliyatini rivojlantirishda alohida mas’uliyat va mehr bilan ish olib borishmoqda. Shuning uchun ham maktabimizda har yili yuksak natijalar qayd etilmoqda.

Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida 80 foiz bitiruvchimiz oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishga erishdi. Bu albatta, nafaqat o‘qituvchi, balki ota-ona va o‘quvchining hamjihatlikdagi mehnati, mas’uliyati, intilishi natijasidir. Joriy o‘quv yilida 36 nafar bitiruvchilarimiz milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar. Maktabimiz o‘quvchilari respublika fan olimpiadalarining shahar, viloyat bosqichlarida faol ishtirok etib faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. 7 nafar o‘quvchilarimiz muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga erishdilar. Bunda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarimiz orasida Shoxida Shodieva, Laziza Botirova, Sevara Xudoyberdieva, Shoxsanam Usmonova, Nilufar kabi ustozlarimiz milliy va xalqaro talablarga mos maxsus sertifikatlarga ega bo‘lib, ularning maoshlariga 50 foiz ustama to‘lanmoqda. Bu esa ularning kelgusidagi faoliyatlariga yanada katta rag‘bat bo‘lmoqda.

Maktabimizda sport va fan sohasidagi yutuqlarimiz ham ta’lim jarayonidagi natijadorlikning yana bir yorqin tasdig‘idir. O`quvchilarimiz Reut Elezaveta respyblika fan olimpiadasining viloyat bosqichida rus tili fanidan faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Rayxona Abbasova biologiya fanidan, Shukrona Umarova kimyo fanidan faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib g‘olib bo‘ldi.

Bugungi globallashuv davri taʼlim muassasalarida tarbiyaviy ishlarni tizimli tashkil etish, ayniqsa oʻquvchi-yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, milliy vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Ana shu vazifalar mohiyatidan kelib chiqib, yil davomida turli ma`naviy – ma`rifiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Ayni paytda ham Prezidentimizning tashabbuslariga ko‘ra yurtimizdagi barcha umumta`lim maktablarida ta`til davrida o‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loihasi doirasida ma`naviy – ma`rifiy, sport va kasbga yo‘naltirishga oid mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Bizning eng asosiy vazifamiz – har bir bolaning qobiliyati va iste’dodini yuzaga chiqarish, unda Vatanga muhabbat, xalqqa xizmat qilish tuyg‘usini shakllantirish va yuksak insonparvarlik ruhida tarbiyalashdir. Ta’lim bu — faqat dars o‘tish emas, balki yurakdan joy olgan ishonch, mehr, sadoqat va fidokorlik hamdir. Biz ana shu fidokorlik

bilan kelajagimiz uchun ta’lim bayrog‘ini yanada balandroq ko‘tarishda davom etamiz.

Ro‘zimurod MAHMUDOV,

Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori