October 1

Chinakam ustoz - shogirdlar qalbining  me`moridir

Mamlakatimizda 1 oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” keng nishonlanishi bejiz emas. Bu kun nafaqat muallimlar va murabbiylarning kasb bayrami, balki butun xalqimiz uchun ustozlarga minnatdorlik va ehtirom ifodasi bo‘lgan qutlug‘ ayyomdir. Zero, ustozga hurmat – millatga hurmat, degan haqiqat zamonlar osha o‘z qadrini yo‘qotmay kelmoqda.

Yurt taraqqiyoti avvalo ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq ekan, davlatimiz rahbarining: “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oyasi ham o‘rinlidir. Zero, ustoz – kelajak avlod qalbi va tafakkurining me’moridir.

Qo‘shrabot tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham ana shu ulug‘ sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Darsxona va yo‘laklar gullarga bezatildi, bayramona kuy-qo‘shiqlar yangradi. O‘quvchilar qo‘llarida guldastalar bilan ustozlarini muborakbod etishdi. Faxriy muallimlar e’zozlandi, ota-onalar esa ustozlarning mashaqqatli, biroq sharafli mehnatlarini samimiy so‘zlar bilan e’tirof etdilar.

Shoir aytganidek, chinakam ustoz:

“Komillik darajasidagi shogirdni yurt ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan kadr sifatida tarbiyalaydi, uning qalbini nur bilan bezaydi, hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi”.

Darhaqiqat, oddiy muallim – buyuk zotlarni kamolga yetkazuvchi, ularga qanot qo‘shuvchi qudratli kuchdir. Muhammad Yusufning quyidagi satrlari ham bu haqiqatni yanada chuqur ifoda etadi:

Navoiy-ku, bizga ustozdir biroq, Kimdir o‘qitgan-ku, Navoiyni ham... ...Yo‘qdan Beruniylar binolar qilgan, Mashrabni mashhur-u dunyolar qilgan...

Shunday ekan, ustozlarga hurmat – ularga ilk qadamdayoq minnatdorlik bildirish, mehnatiga munosib baho berish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Qutlug‘ ayyom munosabati bilan yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan barcha aziz ustozlarimizni chin dildan tabriklaymiz.

Shokir Ergashev, jurnalist