August 17

Bolajonlarimiz maktabga kuzatildi

Nurobod tuman Maktabgacha va maktab ta`limi bo‘limi tasarrufidagi 28- son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 120 nafar qishloq bolajonlari tarbiyalanadi. Tuman markazidan olisdagi Buloqboshi qishlog`ida faoliyat ko`rsatayotgan ushbu ta`lim tashkilotida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Yaqinda bog‘chada “Xayr, bog‘cha – salom, maktab!” ma`naviy - ma`rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bolajonlarning maktab, ona-Vatan, baxtli bolalik, bog‘cha haqidagi ingliz, rus tillarida aytgan she’rlari olqishlar bilan kutib olindi. Ijro etilgan raqslar, kuy-qo‘shiqlar, ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan viktorina o‘yinlari barchaga quvonch ulashdi.

Maktabgacha tayyorlov guruhi bolalarining 40 nafari maktabga kuzatildi. Yil davomida ularning savodxonligini oshirish, ingliz, rus tillarini o‘rganishlari uchun malakali tarbiyachilar jalb qilindi.

“Zumratoylar davrasi”, “Sog‘lom bolajon” to‘garaklarida tarbiyaviy ishlar olib boriladi. Bog‘chada olgan ta’lim va tarbiya asosida maktabda darslarni puxta o‘zlashtirishlariga zamin yaratildi.

Gulchiroy JANGIROVA, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 28 - son davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti direktori