June 1

Aniq maqsad bilan kelajak sari dadil qadamlar

Bugungi globallashuv davrida yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ezgu maqsadlar sari dadil intilishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sanaladi. Ana shu ezgu g‘oyalar targ‘iboti yo‘lida Pastdarg‘om tumanidagi 82-umumta’lim maktabida “Aniq maqsad — kelajak poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir maktab o‘quvchilari, pedagoglar hamda faollar ishtirokida ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda yoshlarni qat’iyatli bo‘lishga, vaqtning qadriga yetishga, kelajak oldidagi mas’uliyatini chuqur his etishga undovchi fikr va mulohazalar o`rtaga tashlandi. Ta’kidlanganidek, insonning bugungi mehnati va izlanishi uning ertangi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam zamin yaratadi.

Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan o`zlarining kelajak hayot haqidagi bilim va ko`nikmalari namoyish etildi. Har bir chiqishda ilm-ma’rifatning qudrati, mehnatsevarlikning ahamiyati hamda yurt ravnaqi uchun fidoyilik ruhini tarannum etuvchi g‘oyalar o`z aksini topdi.

Bugun mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim sharoitlari va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor har bir o‘g‘il-qizni ulkan marralar sari chorlamoqda. Biroq bu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun eng avvalo aniq maqsad, mustahkam iroda va tinimsiz izlanish zarur. Tadbirda so‘z olganlar ham aynan shu jihatlarga alohida urg‘u berdilar.

Darhaqiqat, maqsadi aniq insonning yo‘li ham ravshan bo‘ladi. U duch kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tadi, o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni izchil amalga oshiradi. Shu bois yosh avlod qalbida buyuk orzular, yuksak maqsadlar va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish bugunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Zero, kelajakni bunyod etadigan kuch — maqsadiga sodiq, bilimli va fidoyi yoshlar qo‘lidadir. Aniq maqsad esa ana shu porloq kelajakning eng mustahkam poydevoridir.

Bozorgul Xoliqulova,

Pastdarg‘om tumanidagi 82-umumta’lim maktabi psixologi