Ta’lim sohasida yangi bosqich: Samarqandda keng ko‘lamli islohotlar
Samarqand azaldan ilm-u ma’rifat o‘chog‘i, buyuk allomalar vatani sifatida tanilgan. Bugun esa bu qadimiy maskanda ta’lim sohasini rivojlantirish, yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish borasida yangi sahifa ochilmoqda.
Viloyatda hozirda 1276 ta umumta’lim maktabi, 20 ta ixtisoslashtirilgan, 1 ta Prezident maktabi, 47 ta nodavlat ta’lim muassasasi, shuningdek, 773 ta davlat, 154 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 3166 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkichlarning o‘ziyoq ta’lim tizimi qanchalik keng qamrovli ekanidan dalolat beradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Samarqand zaminida ham o‘z samarasini bermoqda. Hududlarda yangi maktab va bog‘chalar qad rostlayotgani, mavjudlari esa ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgani buning yaqqol isbotidir.
Bu haqda Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ishtirokidagi press-turda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi "2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori asosida viloyatda 28 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va 76 ta maktabda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari belgilangan. Bugungi kunda esa 104 ta ta’lim maskanida bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.
Bu ezgu ishlar nafaqat davlat, balki xalqimizning tashabbuskor farzandlari – tadbirkorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, tadbirkor Ilhom Rustamov ta’lim olgan 52-sonli maktabni butkul yangilab, 480 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berdi. Yana bir fidoyi inson – Anvar Temirov Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi 90-sonli DMTTni rekonstruksiya qilib, bolajonlar uchun qulay muhit yaratdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Tashabbusli budjet” loyihasi esa xalqimizning bevosita ishtiroki bilan ta’limga yangi nafas baxsh etmoqda. 2025-yilda mazkur loyiha doirasida 51 ta ta’lim obyektiga 74 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirilib, qo‘shimcha bino qurish, joriy ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Bugun Samarqandda qad ko‘targan har bir yangi maktab – bu kelajak uchun qo‘yilgan mustahkam poydevor, ta’mirlangan har bir sinfxona – yoshlar orzu qanotini yoyadigan maydon, yaratilayotgan har bir sharoit esa – ertangi kunning yutuqlariga qo‘yilgan ishonchli zamin demakdir.