August 22

Mahoratli o‘qituvchi - millat tayanchi

Bugun Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Mahoratli o‘qituvchi-millat tayanchi” bosh g‘oyasi asosida 4-Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, ta`lim sohasi fidoiylari, faxriy pedagoglar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirning tantanali ochilishida so‘zga chiqqan shahar hokimi G.Alimova shaharda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar ko`lamiga to`xtalib, o‘tgan o‘quv yili davomida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritdi.
-2024-2025 o‘quv yilida jami 840 nafar maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan 40 foizga yetkazildi. O‘tgan yili bilan solishtirganda 10 foizga ko‘tarilganligi e`tirof etildi. 2025-yilda bitiruvchilarimizdan 34 nafari oltin va 4 nafari kumush medallarga ega bo‘lishdi. Ulardan 25 nafari qizlarni tashkil etadi. Jami 840 nafar bitiruvchilardan OTMga o‘qishga kirgan 366 nafarining 214 nafari ya’ni, 59% qizlarni tashkil etadi.

Joriy o‘quv yilida maktab o‘quvchilari bir qancha yutuqlarga sazovor bo‘lishdi.
Jumladan: Shahrimizdagi 11-maktab o‘quvchilari “Yosh gvardiyachi” tanlovida respublika bosqichida 1-o‘rinni hamda “Iqtidor maktab ansambli” tanlovining respublika bosqichida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Sport maktabi tarbiyalanuvchisi, 3-maktab o‘quvchisi Sevara Mamatova yaqindagina Taylandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempinatida ishtirok etib g‘olib bo‘ldi va 4- marotaba Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, bir qator pedagoglarimizning, jumladan, 4-umumta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi Zamira Jahongirova, 17-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Barno Murodova hamda 5-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Dilafruz Xalilovalarning erishgan natijalari tahsinga loyiqdir,- dedi hokim o‘z ma’ruzasida.
Shahar maktabgacha va maktab ta’limi tizimida erishilayotgan muvaffaqiyatlarda sohada xizmat qilayotgan fidoyi ustozlarning mehnatlari beqiyos. Forum davomida o‘zining samarali mehnatlari bilan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda o‘rnak bo‘layotgan ana shunday ustozlarning mehnatlari e’tirof etildi hamda shahar hokimligining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbirda so‘z olgan shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri A.Daminov o‘z ma’ruzasida ta’lim tizimidagi islohotlar va 2025-2026 o‘quv yilida ta’lim muassasalari rahbarlari oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtaldi.

Forumda so‘zga chiqqanlar pedagoglarning aksariyati yoshlardan iboratligi, bu albatta, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlashning isboti ekanligini ta’kidladilar. Soha xodimlarining yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek kelgusidagi mashaqqatli va sharafli ishlariga muvaffaqiyat tiladilar.

Forumda shahar madaniyat bo‘limi san’atkorlarining konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Feruza RAHIMOVA, Samarqand pedagogika texnikumi direktori, Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati