Aholi salomatligi doimiy nazoratda
Qarshi shahridagi 5-son oilaviy poliklinika 10 ta mahallaning 43707 nafardan ortiq aholisiga xizmat qiladi. “Elektron poliklinika” tizimi roʻyxat va ma'lumotlarni avtomatlashtirish, yagona elektron ambulatoriya tibbiy kartasini yuritish kabi afzalliklarga ega ushbu tibbiyot muassasasiga bemorlar masofadan turib, oʻzi uchun qulay vaqtda shifokor koʻrigiga navbat olishi mumkin.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish, xususan, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, tizimning birlamchi boʻgʻiniga zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Tizimda ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorlari haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirildi, ularga yordam berish maqsadida tibbiyot brigadalari tashkil etildi, oilalar kesimida “tibbiy xarita”larni shakllantirish, aholi bilan manzilli ish olib borish, ular salomatligi holatini baholash va elektron bazasini yaratish, tibbiyot muassasalarini xodimlar va diagnostika vositalari bilan taʼminlash borasida qator vazifalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ushbu poliklinikada bugungi kunda 19 ta tibbiy brigadalar aholi xizmatida.Oila shifokori, hamshira va tor soha mutaxassislaridan iborat brigadalar har bir uyga kirib, unda yashovchilarning boʻyi, vazni, bel aylanasi, pulsi, bosimi, saturatsiyasini oʻlchadi, salomatlik holatini belgiladi. 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador, tugʻish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shaxslar skrining tekshiruvidan oʻtkazilib kelinmoqda.
- Poliklinikamiz hududida yashab kelayotgan har bir fuqaroning sogʻligi va turmush tarziga doimiy e`tibordamiz, - deydi poliklinika bosh shifokori Ylduz Yoʻldosheva. – Kasallikka moyillar individual patronajga nazoratiga olinadi. Olib borilayotgan ishlarimiz samarasi kasalliklarning oldini olish, erta bosqichda aniqlash, kasallanish darajasini pasaytirish va profilaktik tadbirlar vositasida aholi salomatligi koʻrsatkichi yana-da yaxshilandi.