September 19

"Davlat tiliga e’tiborsizlik – mas’uliyatsizlikning ochiq ifodasi"

Bugun mamlakatimizda davlat tilining nufuzi, uning to‘g‘ri qo‘llanishi va hurmat qilinishi davlat siyosati darajasida ko‘tarilgan. Lekin ayrim tashkilotlar bunga loqayd munosabatda bo‘lib, o‘z faoliyatida oddiy talablarni ham bajarmayotganini ko‘rib, achchiq haqiqatni tan olishga to‘g‘ri keladi.

Samarqand viloyatidagi “Maroqand neft bazasi” MCHJ peshtoqlariga yozilgan yozuv bunga yorqin dalildir. Peshtoqqa osilgan lavhada “O‘zbneftgaz” AJ nomi noto‘g‘ri, harflar tushib qolgan, jumlalar uzilib ketgan holda yozilgan. Natijada yozuvni o‘qishning o‘zi mushkul, mazmuni esa umuman tushunarsiz.

Bu qanday tushuncha? Axir oddiy peshtoq yozuvi korxonaning yuzi, uning obro‘-e’tibori va madaniyatidan darak beradi. Tashrif buyuruvchi inson birinchi navbatda mana shunday lavhaga qaraydi va o‘ziga xulosa qiladi. Bunday e’tiborsizlik – davlat tiliga ham, odob-axloq va tartib-intizomga ham bepisandlikdir.

Savol tug‘iladi: agar rahbariyat shunday oddiy talabga ham e’tibor bermayotgan bo‘lsa, unda ishlab chiqarishda qanday intizom, qanday mas’uliyat kutish mumkin? Qonun va qoidalar talab qilgan yozuvni ham to‘g‘ri yozishga hafsala topilmagan joyda, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati haqida nima deyish mumkin?

Davlat tili haqidagi Qonunda aniq belgilab qo‘yilgan: barcha tashkilotlarning nomlari to‘liq, to‘g‘ri va estetik talablar asosida yozilishi shart. Shunday bo‘lsa-da, ushbu holat qonun talablarini ochiqchasiga mensimaslik, davlat tiliga bo‘lgan hurmatsizlik sifatida ko‘rinmoqda.

Shu bois mutasaddi tashkilotlar, xususan, til nazorati bilan shug‘ullanuvchi idoralar ushbu masalaga befarq bo‘lmasligi lozim. Chunki bu faqatgina yozuv masalasi emas – bu madaniyat, intizom va davlatga hurmat masalasidir.