“Dolzarb 90 kun”: Mavsum maroqli o`tmoqda
Yoshlar tarbiyasi va ularning iste’dodini yuzaga chiqarish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda yurtimizda o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari Urgut tumanida ham keng miqyosda davom etmoqda.
Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Barkamol avlod bolalar maktabi, sport va musiqa maktablarida mazkur tadbirlar uyushqoqlik bilan tashkil etilib, yoshlarda ma’naviy tarbiya, sog‘lom turmush tarziga intilish va iqtidorlarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Tadbirlar davomida bolalar va yoshlar uchun qiziqarli tanlovlar, kitobxonlik bellashuvlari, sport musobaqalari, ijodiy chiqishlar va suhbatlar o‘tkazilib, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va Vatanga mehr-muhabbati yuksaltirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev raisligida 2025 yil 15 may kuni “Maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustivor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarni ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida yo‘l xaritalari tuzilib, reja asosida ko‘plab yumushlar amalga oshirilmoqda. Bunday keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirishda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirishga doir qarori ham dasturulamal bo‘lmoqda.
- Yurtimizdagi barcha umumta`lim maktablarida bo‘lgani kabi bizning Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 154-sonli umumta’lim maktabida ham "Dolzarb 90 kun" loyihasiga oid tadbirlar samarali tashkil etilmoqda, - deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nigora Siddiqova. - Sog‘lomlashtirish maydonchalari ishlab turibdi. To`garaklarga tajribali, bilimdon va tashabbuskor o‘qituvchilar jalb qilingan. Ular 120 nafar o‘quvchilarning ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish uchun astoydil harakat qilmoqdalar. Buning uchun Maktab ma’muriyati tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘quvchi yoshlarning miriqib dam olishlari va besh tashabbus doirasidagi barcha to‘garaklarga jalb qilinib, qo‘shimcha ravishda bilim va ma’naviy dunyolarini yanada boyitadigan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Sport musobaqalari turli xildagi intellektual o‘yinlarning o‘tkazilishi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ha, mavsumni mazmunli o`tkazish maqsadida tashkil etilgan musiqa to‘garagi a’zolari tomonidan tayyorlanib, namoyish etilayotgan dasturlar barcha yoshlarning qalbiga zavq-shavq bag‘ishlayapti. Undan tashqari ekologiya va atrof muhit muhofazasi, tabiatni sevish va uni avaylab, asrashga doir davra suhbatlari, ushrashuvlar o‘quvchi yoshlar ongida vatanparvarlik, mehribonlik, kelajakka toza va sof tabiatni qoldirish kabi tuyg‘ularni shakllantirmoqda. O‘quvchilar tabiatni go‘zal manzaralarini chizish, gerbariylar tayyorlash bilan shug‘ullanishayapti. Tabiiy ofatlar, tabiatdagi turli voqea-hodisalar haqidagi videomateriallarni ko‘rsatilishi ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirmoqda. Umuman olganda “Dolzarb 90 kun” lik mavsumi ushbu ta`lim dargohida samarali tashkil etilayotgani ota-onalarning ham quvonchiga sabab bo`lmoqda.