Mahoratli tarbiyachi — millat kelajagining me`mori
Nurobod tumanidagi 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida pedagog va tarbiyachilarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ta’lim sifatini yuksaltirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Maktabgacha ta’lim — bola tafakkuri, dunyoqarashi va shaxsiy fazilatlari shakllanadigan muhim bosqich. Bu jarayonda tarbiyachining bilimi, mahorati va yangicha yondashuvi alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bolaga berilgan dastlabki bilim va tarbiya uning kelajakdagi kamoloti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ana shu maqsadda Nurobod tumanidagi 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Mahoratli tarbiyachi — sifatli ta’lim kafolati” mavzusida tajriba almashuv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir tashkilotda faoliyat yuritayotgan pedagog va tarbiyachilarning kasbiy bilimlarini ichki baholash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishga qaratildi.
Mashg‘ulotlar davomida bolalarning tafakkurini o‘yinlar orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Turli didaktik o‘yinlar va qiziqarli topshiriqlar orqali bolalarda mustaqil fikrlash, kuzatish, taqqoslash, mantiqiy xulosa chiqarish kabi ko‘nikmalarni shakllantirish usullari namoyish etildi. Bunday yondashuv bolalarning mashg‘ulotlarga qiziqishini oshirish, ularni faol fikrlashga undash va bilimlarni osonroq o‘zlashtirishiga xizmat qiladi.
Tajriba almashuv jarayoni pedagoglar uchun o‘z faoliyatini tahlil qilish, hamkasblarining samarali usullarini o‘rganish va kasbiy mahoratini yanada takomillashtirish imkonini berdi.
Darhaqiqat, sifatli maktabgacha ta’lim, avvalo, o‘z ustida muntazam ishlaydigan, yangilikka intiladigan va har bir bolaning qobiliyatini e’tiborga oladigan tarbiyachidan boshlanadi.
Nurobod tumanidagi 16 - davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti direktori