June 9

Kasbi bor xor bo‘lmas bu olam aro...

Inson kamolga yetishi uchun yoshligidan ilm va kasb-hunar egallashi shart, ilm ma’rifat insonning ma’naviy kamolotida va jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Ilm egallash har bir yosh uchun ham qarz, ham farz. Inson qadr-qimmati uning “siymu zari” bilan emas, olgan ilmu hunari bilan baholanadi. Bugungi kunda dunyo arenalarida mamlakatimiz haqida so‘z yuritilganda “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” degan iboralarni ko‘p eshitamiz.

Bu mamlakatimiz so‘nggi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘ygani, har sohada erishayotgan yutuqlarimizning e’tirofi, desak adashmagan bo‘lamiz. Biz ustozni otaday ulug‘ deb bilgan, doimo ardoqlagan ma’rifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham o‘qituvchi, muallim deganda o‘zim uchun eng aziz va hurmatli bo‘lgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham shu muallim saboq va ta’lim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan. Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston haqida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak” deb ta’kidlaganlar. Uchinchi uyg‘onish davri mamlakatimizda yangi asoslarini belgilab berdi, keyinchalik bu davr insoniyat oldida turgan global dunyoqarash muammolarini hal qiladi.

Bu bugun uchun yanada dolzarbdir, chunki bizning jamiyatimizda mafkura o‘zgarishi, insonning dunyodagi o‘rni va butun insoniyat yo‘li haqidagi tushunchasi o‘zgarib bormoqda. Bugungi kunda Respublikamizda professional ta’lim tizimini takomillshatirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etildi. Shuningdek, milliy malaka ramkalari va professional standartlar ishlab chiqildi.

Shu maqsadda bizning Pastdarg‘om tuman 4-son politexnikumida ham bugungi kunda 6 ta kasb yo‘nalishida kichik mutaxassislar tayyorlanmoqda. Tikuvchilik, payvandlovchi, traktor mashinist, elektromontyor, avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash, avtomobil elektr va elektron jihozlariga xizmat ko‘rsatish kasblari bo‘yicha 714 nafar o‘quvchilar ta’lim olib kelmoqda. O‘quvchilarga o‘z kasblarini mukammal o‘rganishi uchun barcha qulayliklarga ega 6 ta o‘quv amaliyot xonalari hamda o‘quv xonalari mavjud. Xalq xo‘jaligidagi talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “WORLDSKILIS SAMARKAND-2025” V - milliy kasblar chempionatida “Payvandlash texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha politexnikum o‘quvchisi Abdunabiyev Asadbek faxrli II-o‘rinni egalladi. Politexnikum o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida 24 ta fan va sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Professional ta’lim sohasida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, mustaqil fikrlaydigan, iqtidorli, sog‘lom avlodni tarbiyalash hamda yoshlarni milliy umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davra suhbatlari va sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. Besh tashabbus olimpiadasi doirasida sprotning shashka turi bo‘yicha viloyat bosqichida politexnikum o‘quvchisi Toirova Fariza II-o‘rinni egalladi. Politexnikumda o‘quvchilar ta’lim olishlari hamda kasb egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Aytish mumkinki, bilimli va yaxshi kasb egasi har qanday qiyinchiliklarni engib o‘tadi. O‘quvchi – yoshlar bilan bo‘lgan muloqotlarda ana shu amallar haqida ham tushuntirishlar berib kelmoqdamiz.

Otabek CHORIEV,

Pastdarg‘om tumani 4-son politexnikum direktori