Xitoylik investorlar Baxmalda
Baxmal tumani o‘zining qulay iqlim sharoiti, bog‘dorchilik sohasidagi investitsiyaviy jozibadorligi bilan nafaqat yurtimizda balki dunyoning ko‘pgina davlatlari e`tiboridagi zamin. Yaqinda “Shanxay Ai Ze Industrial Development” va unga qarashli kompaniyalar rahbarlaridan iborat Xitoy delegatsiyasi Baxmal tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a`zolariga tuman hokimi Aziz Ergashev ishtirokida tumandagi investisiya loyihalarining taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot davomida ular “BAKHMAL FRUIT GROWING” fermer xo‘jaligi hamda “BAXMAL NATURAL JUS” sok konsentrat ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda investorlar Baxmal yerlarida hosildorligi yuqori navli mevali ko‘chatlar yetishtirish, ularni qayta ishlash va mahsulotni Xitoyga eksport qilish bo‘yicha takliflar bildirishdi.
Tashrifda Xitoyning “Shanghai Ai Ze Industrial Development”, “Aize Supply Chain Management”, “Zepu Runze” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kompaniyasi rahbarlari hamda O‘zbekistonning Urumchidagi aloqa bo‘limi vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar agrosohada uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari bo‘yicha kelishuvga erishishni muhokama qildilar.