Xalq bilan muloqot — aholi roziligining bosh mezoni
Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishi davlat boshqaruvi organlari uchun muhim dasturilamal bo‘ldi. Boisi, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan ushbu muloqot yurtimizdagi demokratik qadriyatlarni yanada chuqurlashtirish, xalq bildirgan ishonchni oqlashdek mas’uliyatli ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimiz "Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak" degan tamoyil endilikda shunchaki shior emas, balki barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ish tartibi va bosh qoidasiga aylanishi shart. Zero, tizimdagi har bir murojaat ortida — bir inson taqdiri, uning davlatga bo‘lgan umidi va ishonchi yotibdi.
So‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi ikki baravar oshgani, mahallalarda turmush sharoitini yaxshilash uchun bor imkoniyatlar ishga solinishiga qaramasdan nega ayrim hududlarda murojaatlar soni kamaymayapti? Yig‘ilishda bu savol mas’ullar oldiga ochiq va keskin qo‘yildi. Mamlakatimizda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta murojaat to‘g‘ri kelayotgan bir paytda, Toshkent shahri, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo kabi viloyatlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqoriligicha qolmoqda. Bu raqamlar joylardagi rahbarlarning xalq bilan ishlashda hali ishga solinmagan imkoniyatlari va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan nuqtalarini ro‘y-rost ko‘rsatib berdi. Shuningdek, ayrim hokim va vazirlarning murojaatlarga yuzaki yondashayotgani, Sergelidagi ko‘prik misolida bo‘lgani kabi, oddiy muammolar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lmaguncha yechilmay qolayotgani tizimdagi eng og‘riqli nuqta sifatida qayd etildi. Bu kabi loqaydlik nafaqat muammoni ko‘paytiradi, balki odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Shunday ekan bugun qaysi jabhada faoliyat olib bormaylik har birimiz inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligini tan olib, jamiyatda har bir insonning farovon hayoti uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash yo`lida astoydil harakat qilmogimiz lozim. Yig‘ilishda Qarshi shahri tajribasi murojaatlar bilan ishlashning yangi modeli sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Bu yerda har bir raqam ortida aniq chora-tadbirlar belgilanganligi aniq tahlillar bilan ko`rsatib o`tildi.
Yig`ilishda murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga yuborgan tashkilot rahbarlari keskin tanqid qilindi. Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochilishi, uni yuritishga yoshlar yetakchisi bilan mahalla raisi mas’ul etib belgilanishi tizimda katta o‘zgarishlarni boshlab beradi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim qilib boradi. Bu esa o`z-o`zidan muammolarga echim topishda o`zining ijobiy samarasini beradi. Bundan buyon murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga ko‘rib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin choralar ko`rilib, murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlarga jazo berish kuchayadi.
Yig`ilishda kun tartibiga qo`yilgan eng muhim masala qaysi rahbar qanday ishlayotgani sotsiologik tadqiqotlar asosida baholanadigan bo`ldi. Endi bir martalik so‘rovlar bilan cheklanib qolinmaydi. Qaysi hududlarda odamlarning ishonchi ortib borayotgani, qayerda kamayayotgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari aholiga manfaat keltirmayotgani kabi masalalar yuzasidan doimiy monitoring va tahlillar o‘tkazib boriladi. Prezident Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari faoliyatini baholash bo‘yicha reyting metodologiyasini ishlab chiqish, tahlillar asosida reyting shakllantirish va uni muntazam ravishda Prezidentga taqdim etib borishi bu boradagi islohotlarni haqqoniyligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati, SamDTU davolash ishlari bo`yicha prorektori, ko`p tarmoqli klinika bosh shifokori