Oqdaryoda yosh san`atkorlar bellashdi
Oqdaryo tumanidagi 43-sonli Madaniyat markazida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Iqtidorli maktab ansambli” respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov musiqa san’atiga qiziquvchi iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida musiqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlar ijodiy salohiyatini rivojlantirish, maktab ansambllarini rag‘batlantirish, jamoaviy ijro mahoratini oshirish hamda milliy qadriyatlarimizni asrash va targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Tuman bosqichida 5-11-sinflarda tahsil olayotgan va musiqaga ishtiyoqi baland bo‘lgan o‘quvchilardan iborat ansambl jamoalari ishtirok etdi. Tanlov milliy ijro, erkin mavzuda ijro, musiqa va xoreografiya uyg‘unligi, ansambl haqida qisqacha taqdimot shartlari asosida o‘tkazildi.
Har bir jamoa o‘z iqtidori, ijodiy yondashuvi va sahna mahoratlarini namoyon etib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqi uchun bahslashdi. Ijrochilar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan “ijro mahorati”, “hamohanglik”, “asar tanlovi va kompozisiyasi”, “sahna madaniyati va chiqish”, “ko‘rinish va libos” mezonlari asosida baholandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 43- umumta’lim maktabining “Nihol” jamoasiga 1-o`rin, 30- maktabning “Sado” ansambli ikkinchi o‘ringa, 39-maktabining “Zukkolar” ansambli esa uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Gʻolib jamoalar ko‘rik-tanlov tashkilotchilari tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.