Ustozlar hayot yo`llarimizni yoritguvchi ulug` zotlar
Pastdarg‘om tumanidagi 57-umumta’lim maktabida 1-oktyabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosib ravishda, ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Ta’lim dargohini ziyo qilib turgan ustozlar bu kunda o‘quvchilarning samimiy tabriklari, ezgu tilaklari va yuksak ehtiromlariga munosib guvoh bo‘ldilar.
Mazkur tantanali kunda maktab pedagogik jamoasi faqatgina hozirgi avlod ustozlarini emas, balki faxriy ustozlarni ham yoddan chiqarmadi. Ular ustozlik mehnati bilan butun umrini ilm va ma’rifatga bag‘ishlagan Mavjuda Safoqulovaning xonadonlariga tashrif buyurib, samimiy tabrik so‘zlari bilan izzat-hurmat ko‘rsatdilar.
Suhbat jarayonida faxriy ustoz o‘tmishdagi ta’lim sohasiga oid qiyinchiliklar haqida eslab o‘tdi. Shu bilan birga, bugungi kunda yaratilgan keng imkoniyatlar, yangi maktab binolari, zamonaviy o‘quv jihozlari va o‘qituvchi mehnatiga qaratilgan e’tiborni alohida qadrlab, bu ne’matlarning qimmatini anglab yetish zarurligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ustozga hurmat – ma’rifatga hurmat, kelajakka hurmatdir. Shu kunlarda butun yurtimizda ustozlarning azizlanishi, ularga munosib izzat-ikrom ko‘rsatilishi xalqimizning ma’naviy yuksakligidan dalolatdir.
57-maktabda o‘tkazilgan mazkur tadbir nafaqat o‘quvchilar, balki barcha pedagoglar uchun katta taassurot qoldirdi. Chunki ustozning qadri – millatning qadri, ustozga hurmat – yurt kelajagiga mehr demakdir.