Tovuq bozori kimning “erkatoyi”?! qonun va tartib qayerda qolmoqda?
Mamlakatimizda savdo-sotiq tizimini tartibga solish, bozorlarda sanitariya va gigiyena talablarini kuchaytirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratish bo`yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.Biroq ayrim joylarda hali-hamon bu talablar to‘liq bajarilmayotgani achinarli hol albatta. Samarqanddagi parranda bozorida yuzaga kelgan holat har qanday kishini ko`nglini ranjitadi.
Bayram ayrami arafasida xarid qilish maqsadida eski shahardagi “Ipak yo‘li” buyum bozoriga bordim. Bozor atrofi odatdagidek gavjum — mashinalar ko‘p, joy esa kam. Mashinani qo‘yish uchun ancha vaqt aylanib yurishga to‘g‘ri keldi. Qizig‘i shundaki, avtomobillarni qo‘yishga joy topish mushkul bo‘lsa-da, pul yig‘uvchilar esa har qadamda uchraydi.
Bir amallab yo`l chetiga mashinani joyladik. Avtomobildan tushar – tushmasimizdan ro‘paramizda bir ayol paydo bo`lib, parkovka uchun to‘lov talab qildi. Undan qancha ekanini so‘raganimda 6 ming so‘m dedi. Pulni to‘ladim, biroq chek berilmadi. Bu holat qiziqish uyg‘otdi va bozor ma’muriyatidan ushbu to‘lovlar haqida so‘rab ko‘rishga qaror qildim. Ma’lum bo‘lishicha, majmua rahbari o‘rinbosari Farrux ismli mutasaddi bozordagilar ko‘chada turgan mashinalardan pul yig‘masligini aytdi. Demak, pul kim tomonidan va qanday asosda yig‘ilmoqda?!
Savollarga javob izlab bozor ro‘parasidagi “Xizr” MChJga qarashli tovuq bozoriga kirdim. Aytish joizki, qariyb 30 yillik jurnalistik faoliyatim davomida bunday manzaraga kamdan-kam duch kelganman. Bozorga kirish bilanoq ko‘rgan holatlar kayfiyatni tushiradi.
Bu yerda sanitariya, gigiyena, mahsulot sifati kabi eng oddiy talablarga ham deyarli amal qilinmayotgandek taassurot uyg‘otadi. Tovuq go‘shtlari yerga yaqin joylarda, loyga qorishib sotilmoqda. Uning yonida ko‘katlar, bir tomonda qorayib ketgan sifatsiz bananlar, yana bir tomonda veterinariya dorilari va yem mahsulotlari turibdi. Aslida esa oziq-ovqat mahsulotlari qat’iy sanitariya talablariga muvofiq alohida rastalarda, toza sharoitda sotilishi lozim.
Tibbiyotda ko‘kat mahsulotlari mikroblarni tez tarqatishi mumkinligi isbotlangan. Shunday ekan, ularni gigiyena talablariga mutlaqo zid bo‘lgan joyda sotish aholi salomatligi uchun ham xavf tug‘dirishi mumkin. Eng ajablanarlisi — bu jarayonni nazorat qiladigan tegishli xizmatlar vakillari ko‘rinmaydi.
Shu o‘rinda yana bir haqli savol tug‘iladi: ushbu maskan rasmiy ravishda bozor sifatida ro‘yxatdan o‘tganmi yoki yo‘qmi? Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Xizr” MChJ rahbari Jamshidbek Bahodirov bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bu yerda bozor faqat yakshanba kunlari tashkil etilar ekan. Biroq kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, savdo faqat yakshanba kuni emas, balki haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari ham davom etadi.
Ko‘chada avtomobillardan yig‘ilayotgan pullar va ko`rsatilayotgan xizmatlar uchun chek berilmayotgani haqida so`raganimizda esa vaziyat keskinlashdi. Ham iste`molchi, ham jamoat faoli sifatidagi qiziqishlarimiz bozor mas’uliga yoqmadi.
Xalqimizda “Kim oldin musht ko‘taradi, yoki kimning oyog‘i qaltiraydi” degan naql bor. Ba’zan keskin munosabatning o‘zi ham jiddiy muammolardan darak beradi. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘chadagi avtomobillardan olinayotgan pullar aynan “Xizr” MChJ tomonidan yig‘ilmoqda. Biroq bu mablag‘lar rasmiy ravishda hisobga olinayaptimi yo‘qmi bu ochiq qolayotgan masala! Ayrim fuqarolarning aytishiga qaraganda bozor bo`ladigan kunlari bu yerda avtomashina egalaridan mo`mmaygina pul yig`ib olinar ekan. Bu holatlar bugun davlat siyosati darajasiga ko`tarilayotgan yashirin iqtisodiyotning bir ko`rinishi emasmi?!
O`ylaymizki, bu borada viloyat hokimligi, viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda bozorlar uyushmasi mutasaddilari ushbu holatga aniqlik kiritib, jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob berishlarini kutib qolamiz. Negaki, bozorlar — bu nafaqat savdo maskani, balki aholining salomatligi, qonun ustuvorligi va tartib-intizom aks etadigan muhim ijtimoiy maskandir. Jamoatchilik esa bunday masalalarda ochiqlik va shaffoflik bo`lishini hohlaydi.