June 16

Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari

O‘quv yili yakunlanishi arafasida, davlatimiz rahbari boshchiligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yozga ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, sport maydonchalari, oromgoh va turizm ob’ektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi, maktablarda kunduzgi oromgohlar, sport, fan va kasb-hunar to‘garaklari tashkil etilishi belgilandi.

Shu maqsadda 1 iyundan 30 avgustgacha “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilinib, maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilishi zarurligi ta’kidlandi.

Belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida ham amaliy ishlar boshlangan. Yaqinda “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Barkamol avlod bolalari” festivalining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilar “Tasviriy san’at”, “Karving”, “Kompyuter grafikasi va dizayn”, “Munchoqli bezak”, “Shaxmat” kabi 7 ta yo‘nalishda o‘zaro bellashdilar. Har bir o‘rin bo‘yicha 8 nafardan golib o‘quvchilar aniqlanib munosib rag‘batlantirildi.Yuqori saviyada tashkil etilgan festival barcha ishtirokchilarga xursandchilik ulashdi.

– Yozgi ta’tilni samarali tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – ota-onalar ishda bo‘lgan paytda bolalarni e’tiborsiz qoldirmaslik, ularning vaqtini foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishlariga erishish, – deydi Sharof Rashidov tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Sadriddinova. – Buning uchun tumanimizda 90 kun davomida k‘oplab ko‘rik-tanlov, musobaqa va turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. 90 kun davomida har bir haftada muayyan yo‘nalishda tanlov va musobaqalar, intellektual o‘yinlar o‘tkaziladi. Masalan, bir hafta shaxmat-shashka musobaqasi tashkil etilsa, keyingi hafta yosh kitobxonlar tanlovi, so‘ngra “Zakovat” intellektual o‘yini, sport musobaqalari tashkil etiladi. Shu tarzda har bir haftada belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlarda tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabining o`rni alohida bo`layotganligini aytib o‘tish joiz.

Hozir “Barkamol avlod” bolalar maktabimizda sport, musiqa, kitobxonlik va kompyuter savodxonlik yo‘nalishlari kabi 7 ta yo‘nalishdagi to‘garaklarga 1 500 nafarga yaqin o‘quvchi - yoshlar qamrab olingan. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘quvchilar turli diqqatga sazovor joylarga sayyohatlar tashkil etiladi, turizm ob’ektlari, muzeylar bilan tanishish ham ko‘zda tutilgan.

Gulchehra ISROILOVA,

Sharof Rashidov tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori