Ta’lim sohasida samarali hamkorlik: Pastdarg‘om va Qorako‘l tajribasi
Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga ko‘tarish uchun barcha darajadagi rahbarlar, pedagoglar va murabbiylar tomonidan ulkan ishlarni amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu sa’y-harakatlarning yana bir ifodasi sifatida Pastdarg‘om tumani hokimi Sh.Rahmonovning tashabbusi bilan 1 oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida tumandagi ta’lim tashkilotlari rahbarlari va pedagog xodimlaridan iborat guruh Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi.
Tuman hokimining o‘rinbosari S.Hamrayev va Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i N.Saparova rahbarligidagi delegatsiya Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati, u yerdagi ta’lim jarayoni va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Biz avvalo tuman hokimimizga minnatdorchilik bildiramiz. Chunki bu safarga maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlarining birgalikda yuborilgani ta`lim rivoji yo`lida muhim ahamiyatga ega. Chunki maktab va maktabgacha ta’lim tizimi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Agar bolalarimiz maktabgacha ta’lim muassasalarida ma’nan yetuk, jismonan baquvvat va bilimli avlod sifatida kamolga etsa va ularning qiziqishlari aniqlansa, maktabda shu yo‘nalishda bilimlarini chuqurlashtirish, albatta, katta natijalarga olib keladi.
Qorako‘l tajribasi bejizga namuna sifatida o‘rganilmadi. Tashrif davomida maktab direktorining haqiqiy menejer sifatidagi rahbarlik mahorati, kadrlarni to‘g‘ri tanlash va ular uchun yaratilgan moddiy hamda ma’naviy imkoniyatlar o‘rnak bo‘ldi. Eng muhimi, u yerdagi pedagoglar o‘z fidoyiligi bilan ta’lim sifati va natijadorligini ta’minlashga ishonch bilan xizmat qilayotganliklari alohida qayd etildi.
Biz nafaqat tajriba almashdik, balki ziyorat ham qilib kaytdik. Bu safarimiz, ayniqsa, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” arafasida bizga katta ruhiy kuch bag‘ishladi. Shunday uchrashuvlar, tajriba almashishlar ustozlar kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shishi shubhasiz.
Haqiqatan ham, ta’lim tizimini yuksaltirishda faqatgina nazariya va islohotlar emas, balki ana shunday jonli muloqotlar, o‘zaro tajriba almashishlar ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki ustozning ilhomi, murabbiyning mehri va rahbarning to‘g‘ri yo‘naltirishi ortida ertangi kun taraqqiyoti mujassam.
Samarqand viloyati Pastdarg`om tumanidagi 18-son davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti direktori