Ustoz xotirasi yod etildi
Oqdaryo tumanidagi 46-umumta’lim maktabida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy - ma`rifiy tadbir tashkil etildi. Inson qadri, ustozlarga ehtirom va o‘tmish saboqlarini yod etish g‘oyasi ustuvor bo‘lgan ushbu tadbirlar o‘quvchi-yoshlar qalbida katta taassurot qoldirdi.
Tadbirga mehnat faxriylari, nuroniy ustozlar va jamoatchilik vakillari taklif etildi. Maktab sahnida yangragan samimiy so‘zlar, ezgu tilaklar va xotiraga yo‘g‘rilgan chiqishlar barchani o‘yga toldirdi. Ayniqsa, maktabda uzoq yillar samarali mehnat qilgan, ko‘plab shogirdlar qalbida chuqur iz qoldirgan faxriy ustoz Akbarali Muhammadiev xotirasiga bag‘ishlangan “Ustoz xotirasi — shogirdlar qalbida abadiy” nomli xotira kechasi barchani to`lqinlantirdi.
Kechada ustozning hayot yo‘li, fidokorona mehnati va yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari haqida iliq xotiralar aytildi. Shogirdlar ustoz haqidagi esdaliklarini hayajon bilan so‘zlab, uning insonparvarligi, talabchanligi va mehribonligini alohida ta’kidladilar.
Tadbirda tarix fani o‘qituvchilari o‘quvchi-yoshlarga Ikkinchi jahon urushi xotiralari, urushning og‘ir va mashaqqatli yillari haqida ta’sirchan hikoyalar aytib berdilar.
O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan she’rlar, sahna ko‘rinishlari va vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar tadbir mazmunini yanada boyitdi.
Mu`tabar NURIDDINOVA, Oqdaryo tumanidagi 46-umumta`lim maktabi direktori