April 17

Yoshlarning kelajagini ular tanlagan kasb belgilaydi

Bugungi kunda ta’lim tizimida yoshlarga nafaqat nazariy bilim berish, balki ularni hayotga tayyorlash, kasb-hunar egallashga yo‘naltirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda Toyloq tumanidagi 11-son umumta’lim maktabida texnologiya fanini samarali tashkil etish orqali o‘quvchilarda kasbga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish va rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Maktabda o‘quvchilarni amaliy faoliyatga jalb etish, ularning ijodiy fikrlashini rivojlantirish, yangilik yaratishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Ayniqsa, turli ko‘rik-tanlovlar, loyihaviy ishlar va amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri – “Ixtirochilikka qadam” ko‘rik-tanlovi o‘quvchilar uchun katta imkoniyat maydoniga aylandi. Mazkur tanlovning maktab bosqichida faol ishtirok etgan Umid Davronov o‘zining izlanuvchanligi va ijodkorligi bilan ajralib turadi. U tuman bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Eng quvonarlisi, viloyat bosqichida ham o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib, 58 ball to‘plashga erishdi.

Bu natijalar yoshlarning ichki salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, ularga ishonch bildirish va amaliy ko‘nikmalar berish orqali katta yutuqlarga erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi. Texnologiya fanining hayotiy ahamiyati aynan shunda – u o‘quvchini nafaqat bilimli, balki kelajak kasbini ongli ravishda tanlay oladigan shaxs sifatida shakllantiradi.

O`g`iloy YAKUBOVA, Toyloq tumanidagi 11 - maktab texnologiya fani o`qituvchisi