"Bir yuz bir" asariga taqriz
"101" - Smolensk jangida asirga olinib, Niderlandiyaning Amersfort konslagerida o'zining mardonavor harakatlari , metin irodasi bilan tarixga muhrlangan o'zbek jangchilari soni... Ushbu asar Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskaya bilan hammualliflikda yozilgan. Rus tilidan Shohsanam So'fiyova tomonidan tarjima qilingan.
Asar urush II jahon urushiga safarbar qilingan sovet askarlarining jasorati, ularning so'nggi daqiqalargacha o'z millati sha'ni uchun o'limga tik boqib, qahramonlarcha halok bo'lishgani haqida hikoya qiladi.
Asar voqealari nemis generali Valter Geynrixning o'g'li Martin tomonidan so'zlab beriladi. Martin nabirasi Evrin bilan O'zbekistonga keladi. U o'zini butun umr qiynagan xotiralarini aytish , qandaydir ma'noda vijdoni oldida pok bo'lish uchun ham bizning yurtimizga keladi. Martinning qo'liga Amersfort lageridagi yahudiy askar Aleks de Luening kundaligi tushib qoladi.
O'zbek askarlari ichida eng yoshi ulug'i Hoshim ismli yigit edi(34 yosh). U o'z safdoshlarini juda oqilona boshqarib , ko'p bora o'limdan asrab qoladi. Ularga hayvonlarcha muomala qilishayotgan bir paytda Hoshimga xayrihoh bir do'st - Aleks uchraydi. Aleks o'zbeklar bilan nemis zobitlari o'rtasida tilmoch vazifasini o'tar edi.
Hoshim bilan bir safda Shuhrat va Ilhom ismli yosh yigitlar ham bo'lib , ularning asarda o'rni beqiyos. Ayniqsa , Ilhom ruhi so'nggan, ertangi kunga ishonchi qolmagan safdoshlarining ko'ngliga iliqlik olib kiradi - loydan minora yasaydi, qo'shiq kuylaydi...
O'zbek askarkarini bunday jahannam azobiga solishdan maqsad - nemis askarlarining Moskva uchun janglari oldidan ruhini oshirish uchun film suratga olish edi. Ular bu "odamsiyoq mahluqlar" ning hech narsaga yaramasligini, qarshisida turgan dushman aslida juda nochor ahvolda ekanini ko'z ko'z qilishni rejalashtirgan edilar. Buni qarangki, ularning rejalari barbod bo'ldi...
Bunga Hoshim va uning safdoshlari yoshgina yigitlarning mustahkam irodasi, bir biriga bo'lgan mehri , ishonch, o'zbekona lutf, kattalarga hurmat , mentalitet va har qanday holda ham insoniylik qiyofalarini yo'qotmaganlari sabab bo'ldi.
Ushbu asarda eng qiyin damlarda ham INSON degan nomga loyiq bo'lish , birodarlarini unutmaslik, hamjihatlik ( kartoshkani bo'lib yeyishlari), o'zaro hurmat, ishonchni yo'qotmaslik, o'z manfaatlaridan boshqalarnikini ustun qo'yish( karsterda Hoshim Martin bergan nonni yemaydi, chunki safdoshlari och edi) kabi g'oyalar ilgari surilgan. Urush - quyon ovi emas. Urushda g'olib tomon bo'lmaydi. Ushbu asar real voqealarga asoslangani uchun ham kishida hayrat uyg'otadi, asarni o'qir ekansiz urush manzaralarining jonli guvohiga aylanasiz. Men bu asarni o'qib , o'zbek xalqining metin irodali , hamjihat , bir mayizni qirqqa bo'lib yeydigan, o'zi o'lim yoqasida tursa - da, safdoshlarining hayotini saqlash uchun kurashadigan xalqimiz borligidan faxrlandim. Asarda eng ta'sirli nuqta menimcha ularga non uloqtirilishi . Juda uzoq muddat och qolgan asirlar shunday damda ham o'zini yo'qotmasdan harakat qiladilar. Eng kichik yoshli yigit Hoshimga nonni uzatadi. Hoshim esa uni ko'ziga surtib , mayda mayda bo'laklab , do'stlariga beradi. O'zbekona urf odatlarimiz - kattalarni hurmat qilish, nonni e'zozlash aynan shu voqeada juda jonli tarzda tasvirlangan. Yana bir misol : Hoshimning o'lgan oshnasiga janoza o'qishi , do'stlarini har doim asrab avaylashi ham juda yaxshi tasvirlangan. Hoshim - haqiqiy o'zbek o'g'loni , u barchaga birdek ibrat bo'la oladi.
Xalqimiz azal azaldan hamma ishni hamjihatlik bilan , birlashib, bir musht bo'lib bajargan . Katta Farg'ona kanali deysizmi , frontorti ishlar deysizmi, urushdami buning ahamiyati yo'q. Har doim o'zbek xalqining mard , jasur o'g'lonlari millat sha'nini o'z g'ururi kabi , tanidagi joni kabi asragan. Biz shunday ajdodlarimiz borligidan faxrlanamiz. Bu kabi qahramonlar bizga ayniqsa hozirgi murakkab davrda ibrat bo'ladi...
Nilufar Zokirovna