April 11, 2020

Rey Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asariga taqriz

Men yaqinda amerikalik, fantast yozuvchi Rey Bredberining “ Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asarini o‘qidim!

Yozuvchi shaxsi haqidagi bir ma‘lumot e‘tiborimni tortdi: «Bredberi o‘ta kuchli shaxs edi: keyingi yillarda u nogironlik kursisiga mixlanib qolgan, bitta qo‘li umuman ishlamasdi, ammo ko‘zlarida hayot porlar edi. U to‘qson yoshida, kasal holida ham dunyodagi voqea-hodisalardan xabardor bo‘lib turar va tinimsiz ishlar edi! Uni «ilmiy fantastika dahosi», «koinot asri » shoiri deb hisoblashardi, ammo o‘zi bu ta’riflarni yoqtirmas va “odamlar haqida yozyapman”, -deya ta’kidlardi.

✔️ Asar haqida.

Yozuvchi bizga tanishtirmoqchi bo‘lgan dunyo aslida asliyatimizga shunchalar yaqinki, go‘yo biz bir qadam tashlasak , Farengeytga kirib ketamiz! Romandagi voqealik xuddi “1984” romanidagi kabi butkul o‘zgacha qoidalar-u ,jamiyatga asoslanib yozilgan.

Bu jamiyat qanday jamiyat deysizmi?

Bu jamiyatda KITOBLAR yoqiladi! O‘t o‘chiruvchilarning kasbi ( nomidan farqli o‘laroq ,kontrast ya‘ni ular o‘t yoqishadi. “ Qachonlardir odamlarning uylari yongan paytda...yo‘q odamlarning uylari hech qanaqasiga yonmaydigan qilib qurilgan”) esa mana shu kitoblarni kulini ko‘kka sovurish ,agar iloji bo‘lsa uy egasi bilan birga yoqib yuborish! Farengeyt dunyosidagi butun boshli mo‘jiza bu - hammasiga o‘t qo‘yish!

📄“Kitob esa qo‘shningning uyidagi o‘qlangan miltiqdir.Uni yoqish kerak!Miltiqning o‘qini chiqarmoq kerak! Inson ongini jilovlamoq kerak! Kim biladi deysiz, o‘qimishli kishiga ertaga kim nishon bo‘lishin.”

✔️ Asardagi g‘oya.

Yozuvchi bu asarini 66 yil avval yozgan bo‘lsa-da, bu hozirgi kun jamiyatimizga bir muncha yaqin! Inson tafakkurining mahsuli bo‘lmish kitoblar yoqiladigan jamiyatda insonlar ularning yoqilish sabablarini hatto o‘ylashmaydi! Yozuvchi asarda inson kitob deganda miyasida bo‘shliq hosil bo‘lishini, ularning eng asosiy vaqti texnologiyaning yutug‘i bo‘lgan ulkan televizorlar qarshisida soatlab, mayda ikir -chikir suhbatlar, insonni miyasiga ortiqcha o‘ylovni yuklamaydigan ko‘ngilochar dasturlar ko‘rish bilan o‘tib ketishini, insonning inson bilan qiladigan oddiy suhbatidan ulkan ekranlardagi tomoshalarning afzalligini ko‘rsatib beradi.Bu jamiyatda eng asosiysi, mana shunday umrlarning o‘tib ketishiga insonlarning o‘zi sababchi va ular bunga rozi, xursand, baxtli (!) Bu jamiyatda qanday kamchiliklar borligini o‘ylashga ularning onggi yo‘l bermaydi, chunki u YO‘Q!

🔖 Bredberi bizlarga tanishtirmoqchi bo‘lgan jamiyatda kitob mutolaa qilinmaydi, ular yoqiladi, yoqilaveradi...

Insonlar “ongli” “hisli” 🖇Ularning er-u xotin munosabatlarida bir -biriga sovuq qarash bor; 🖇Farzandlar ota-onalaridan nafratlanishadi; 🖇Insonlarning eng asosiy suhbatlari nafrat, ikkiyuzlamachilik, g‘iybat ustiga qurilgan; 🖇Va ular eng asosiysi hech nimani O‘YLAShMAYDI!

📄 “Оdam bolasi doimo olomon ichida bo‘lsin, o‘shanda u o‘ylab o‘tirmaydi.”

📄 “Аxir inson faqat maishat qilish, qizg‘in hissiyotlar uchungina yashaydi-ku.”

Yozuvchi shu darajada rivojlangan, texnologiyalarning o‘chog‘i bo‘lgan jamiyatni ta‘riflaydiki ,bunda hatto itlar robot. Ular faqat o‘rgatilgan narsani( miyasiga joylanganini) bajaradi. Asarda umri kitoblarni yoqish bilan o‘tgan, ammo so‘nggi lahzada ko‘zlari kitobni tanib qilayotgan ishining mazmunini anglab, bilimni yenggini tutgan Gay Monteg, ma‘rifatni xalqdan yulib olayotgan, mahrum qilayotgan Billi, bu hayotga nimaga kelganini bilmaydigan , umri ulkan “qarindoshlarga”( teleekran) termulib o‘tayotgan Montegning rafiqasi Mildred, qalb dunyosi o‘zgacha bo‘lgan, Montegni o‘z dunyosidan chiqishiga ko‘maklashga Klarissa va qariyalar obrazlari uchraydi.

✔️ Kitob va nur

Har davrning bir yaxshisi bor ,albatta! Asarda yulduzli osmonga termulib, shundan ham o‘ziga bir oz baxt izlaydigan Klarissa Maklellan va miyasida ulkan kitoblarni jamlab, jamiyatdagi inqirozlar sababli qo‘lida kitob ko‘tarib yurolmay, ularni yoqib yuborgan, ammo onggida butun boshli eng nodir asarlarni saqlab yurgan qariyalar obrazlari bizning jamiyatimiz uchun ko‘prik! Ular bir chimdim nurni kitobxon onggiga joylaydi. Ular o‘z davrining chin ma‘noda qahramonlari!

📄 “Аmmо insonda bitta ajoyib fazilat bor: hammasini boshqatdan boshlashga to‘g‘ri kelsa, umidsizlikka tushmaydi, jasorat ko‘rsatishdan qaytmaydi, buning g‘oyat zarurligini , harakatlari zoe ketmasligini biladi.”

✔️ ⁉️Yozuvchi bu asarida nima demoqchi?

♦️Kitob o‘qishni bilmaydigan va istamaydigan jamiyatdagi insonlar fikrlashdan yiroq! Ular o‘z nafsiga tobe;

♦️Ularning na o‘tmishi va na kelajagi bor. Ularda na maqsad va na intilish bor. Ular butun sa‘y -harakatlarini televizor qarshisida o‘tirishga sarflaydilar;

♦️Jamiyatda olimlar-u, fan arboblaridan ko‘ra kimningdir hayotining tanazzuli qiziq;

♦️Kitob o‘qiydiganlar - aniqlikni mavhumlikka almashtirmoqchi bo‘lgan telbalar;

♦️Ularda qayg‘urish, sevish, shodlanish kabi tushunchalar begona. Ular o‘zlari o‘ylagandek “Baxtli”

♦️Jindak aqli bo‘lgan odamlar ahmoqdirlar;

⁉️Vaholanki, bunday jamiyatda INQIROZ ni insonlarning o‘zi YARATADI.

Бобом шундай дердилар: «Ҳар бир инсон ҳаётда ўзидан кейин бирон нарса — ўғилми ё китобми, расмми, ўз қўлинг билан қурган уйми ёқи жуда бўлмаса ғишт териб кўтарилган деворми, ўзинг тиккан бир жуфт башмоқми ёки ўзинг ўстирган боғми қолдиришинг керак ҳаётлигингда бармокларинг теккан, вафотингдан кейин руҳинг учун паноҳ бўладиган ниманидир қолдиришинг лозим бўлади. Одамлар сен ўстирган дарахт ёки гулга қараб сени эслашади, номингни тилга олишади». Бобом яна шундай дер эдилар: «Нима қилаётганинг эмас, муҳими қўлингни нимага урсанг ҳаммаси шаклини ўзгартиришида, аввалгисидан бошқача бўлиб қолишида, унда ўзлигингдан бир чимдим қолишида, майсазорда оддий ўт ўраётган киши билан ҳақиқий боғбон ўртасидаги фарқ мана шунда, — ўгит берарди бобом, — биринчиси дунёга келади-ю кетади, аммо боғбоннинг умри боқий бўлади».

© Gulinoz Anvarovna

@mutolaa_sehri