“Vavilonlik eng boy odam” asari xususida
Pul inson zaruratlarining orasida eng muhimlaridan biridir. Inson rivojlanishi jarayonida pulning mohiyati sezilarli darajada rol o’ynaydi. Pul ajoyib qudratga ega, u yoki boshqaradi yoki boshqariladi. Moddiy daromad, boylikning ahamiyati faqat bugungi kunga kelibgina muhim o’rin egallamoqda deb aytolmaymiz. Daromad qadim zamonlarda ham insonlar faoliyatida o’z o’rniga ega bo’lgan. Pulga turlicha munosabatlar har qaysi zamonda ham mavjud bo’lib, pulga o’z qarashlari, munosabatini to’g’ri yo’naltira olganlar doim omadlilar, munosibroq so’z bilan tariflaydigan bo’lsak o’ziga to’q boylar safida bo’lishgan. O’tgan asrlardagi boylar ham, bugungi kun olg’irlari ham aynan pul falsafasining bilimdonlaridir. Hozirgi kunda moliyaviy bilim haqida dars beradigan asarlar sirasiga Robert Kiosaki asarlarini misol qilishimiz mumkin. Qadimgi moliyaviy bilimlar bo’yicha esa eng yaxshi asarlardan biri “Vavilonlik eng boy odam” asaridir.
✔️ Asar haqida
Ushbu asar amerikalik yozuvchi Jorj Samuel Kleyson tomonidan yozilgan bo’lib, asar 1926- yilda chop etilgan pamfletlari seriyasidagi eng muvaffaqiyatli kitoblardan biridir. Asarning muvaffaqiyatli jihatlari unda keltirilgan omadga erishish, pul bilan murosa qilish haqidagi fikrlar, mulohazalarning kuchli va tushunarli ekanligidadir. Muallif atrofimizdagi oddiy insonlarning o’y hayollarini, kamchiliklarini, ularga ayanan nima yetishmasligini sodda tarzda ajoyib ifodalaydi. Har bir boy bo’lish ishtiyoqidagi odamga aynan nima zarur va bunga qanday erishish kerakligini ajoyib tasvirlar orqali yoritib beradi. Valviondagi insonlar moddiy ahvoli, boylar va kambag’allar o’rtasidagi farq bir necha obrazlar, syujetlarda ifodalanadi.
✔️ Asar qisqacha bayoni
Asarda obrazlar anchagina. Ularning har biri hayot mashaqqatlarini boshdan o’tkazgan va daromad hayotlariga zarur bo’lgan qahramonlardir. Ularning barchasi hayoti davomida pul saboqlarini o’rganishadi, daromadning kelish va uni ushlab turish sirlarini o’zlashtirishadi. Bu yo’lda abatta o’ziga yarasha mashaqqatlarga duchor bo’lishadi, ammo alal oqibat albatta maqsadlariga yetishishadi. Ularning maqsadlariga yetishishlarining muhim omillaridan biri niyatida qatiy turishlikdir.
✔️Asar mazmun va g’oyasi
Umuman olganda bu asar bizga maqsadga muvaffaqiyatli yetish yo’llarini o’rgatadi. Maqsadga yetish uchun eng avvalo nima xohlashimizni bilishimiz, niyatimizni mustahkam ushlashimiz, mustahkam irodali va yetuk aql idrokli bo’lmog’imiz darkor. Bundan tashqari pul bilan qanday munosabat qilish haqida ham bilimlar olishimiz mumkin. Bu bilimlar pulga “qullik” qilmaslik, inqirozga yuz tutmaslik, muhtojlik sezmaslik uchun hayotimizda zarur hisoblanadi. Asardagi oltin qoidalardan biri bu daromadli bo’lish uchun o’zimizga haq to’lashimiz kerakligi haqidagi o’gitdir. Daromad yig’ishda amal qilish kerak bo’lgan yana bir narsa qarzdorlikka e’tibor qaratish, kimga qanday holatda qarz bera olishni bilishlikdir. Asarda do’stlar bilan aloqa va oila ham muvaffaqitayli daromadda o’ziga xos o’ringa ega ekanligi haqida fikrlar mavjud. Masalan, qahramonlardan biri oilani muhtojlikda yashashiga yo’l qo’ymaslik lozimligni uqtiradi va asar qahramonlaridan yana biri “Vafodor xotin haqida qayg’urish erkakka kuch va o’z maqsadiga erishishda qat’iyaklilik bag’ishlaydi” deya e’tirof etadi.
✔️ Xulosa
Hayotda boy va badavlat bo’lishlik oliy maqsad emas. Boylik qaysidir ehtiyojlarimizni qondirish uchun shunchaki vosita xolos. Ammo, sir emaski barcha zamonlarda aynan o’sha vositaga “sig’inadiganlar”, shu bilan birga shu vositani qanday qo’lga kiritishni bilmaydigan, bor boyligini ham hayoti uchun manfatli sarf qila olmaydigan insonlar mavjud. Xulosa shuki har bir jon o’zi xohlagandek yashash uchun aql idrokini ishga solmog’i lozim, pulga erishish va egalik qilishni oqilona nazorat qilmog’i dakor. Bu yo’lda esa albatta moddiy bilimlarga tayanish samarali yo’ldir.
💬 Asardan iqtiboslar
✔️ “Omad – bu har qanday sharoitda ham undan vaqtida foydalanib qolishga tayyor bo’lmagan odamga fursat sarflab o’tirmaydigan qudratli imkoniyat”.
✔️“Oltin, - uning qonunlarini biladigan va unga amal qiladigan kishilar uchun yaratilgan”.
✔️“Agar do’stinga yordam bermoqchi bo’lsang, shunday qilginki, uni ezayotgan tashvish, sening boshingga tushmasin”.
✍️ Habibi Nur
© @mutolaa_sehri