Erix Mariya Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” asariga taqriz
Gʻarbda "Yoʻqotilgan avlod" deb atalgan adabiyotning yirik vakili bo‘lgan Remark asarlari o‘zining real voqealarga asoslangani bilan yetakchi plandagi obrazlarning taqdiriga har bir kitobxon befarq qarolmaydi. Uning asarlarida urush daxshatlari, jahon urushi yillari va undan keyingi davrdagi hayotni, fashizmning mudhish qiyofasi, maʼnaviy ezilgan, oʻzini jamiyatdan begonalashgan deb his qiluvchi kishilar qismati aks etgan.
“G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” asari bu - biz bilgan va bilmagan jahon urushlarining eng ichkaridagi jarayonlarigacha to‘la ochib bergan asardir.Asar yozilgan paytda Remarkning nemis fuqaroligi safidan chiqarilishi ham asarning qay darajada “yuqumli” va o‘z davrining durdona asari bo‘lganidan darak beradi! Remark hesh qanday to‘qima obraz yaratmaydi, vaholanki uning o‘zi ham birinchi jahon urushi qatnashchisi. U bu daxshatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
♦️ Asar haqida
Asardagi qahramonlar hayotda ham asl qahramonlardir! Ularning 18 ,19 yillik hayotlarida, ayni yoshlikning gul chog‘larini o‘ynab - kulib o‘tkazadigan bolalarning hayotida urush - o‘chmas dog‘, ma‘naviy va jismoniy kuchli zarba bo‘ladi. Ularning sodda ko‘ngillari inson zotining qirg‘in -barot urushidan zada bo‘ladi.Asli yosh bo‘lishiga qaramay ular aynan mana shu urush tufayli ancha qarib qoladi. Asarda bosh qahramon , hikoyachi Paul Boymer, u bilan bir safda jang qilgan do‘stlari Katchinskiy, Kammerix, Myuller, Tyaden, Kropp, Detering, Xaye Vetsxus kabi obrazlar bilan yozuvchi urushning achchiq qismatini ko‘rsatgan bo‘lsa ,Kantorek, Ximmelshtos, Iozef Bem( garchi u urushga borishni umuman istamagan) obrazlari orqali o‘sha davr urushini yaltiroq qog‘ozga o‘rab, uni turli jimjimador so‘zlar bilan maddohlikning bosh mazusiga aylantirgan shaxslarni ochib beradi.Garchi bu haybarakallachilar urushdagi vaziyatni ko‘rganlaridan so‘ng, ularning yashnab, to‘lib turgan urush haqida ezgu tuyg‘ulari chilparchin bo‘ladi. 20 yoshli Paulning boshidan o‘tgan achchiq urush uni hayotda bir muncha boshqacha qilib tarbiyalaydi.Garchi urushdan oldin daftarlarga she‘rlar yozgan Paulning urush davrida hamma hammasi be‘mani mashg‘ulot bo‘lib ko‘tinishi uning ichki dunyosidagi bo‘shliqdan darak beradi.
Asarni o‘qish davomida kitobxonga yuk tushadi.Shu darajada daxshatli, achinarli, qayg‘uli o‘lim holatlarini ko‘rib,jangda sodda bolalarning beg‘ubor bir-biriga suhbatlarini o‘qib,ko‘zingizga yosh keladi.(Detering qismati, Kammerixning vafoti, Myullerning soddagi istagi Kammerix o‘lganidan keyin uning etiklarini olishni istashi, so‘ng bu etiklar yana o‘z egasini almashtiradi...)
Ularning urushdan keyingi hayotlari oddiy tilaklarning ( qorin to‘ydirish, karta o‘ynash,yotib dam olish)ro‘yobi bo‘lib ko‘rinsa-da,ammo yana urushga otlanisharkan bugun davrada o‘tirganlarning yarmidan ko‘pi YO‘Q. (Ovqatga tizilib o‘tiribmiz-u,oshpaz ovqat suzmaydi.Qolganlarni kutyapti.Axir hamma kelgan...)
Urush haqida minglab jasoratlarni o‘qiganmiz-u,uning qurbonlarini bu asar ochiq-oydin ko‘rsatib berganida o‘sha jasoratlar ko‘z oldimizda qiymatini bir qadar oshiradi.Axir,ajal og‘zidan sog‘-omon kelgan insonning O‘ZI hayotning ustidan qozongan g‘alabasida!
“...birdan vujudimni betoqatlik hissi chulg‘ab oladi - yuragimning tub-tubida bu yerdan tezroq ketish istagi gupuradi.”
Kitobxonda ham shunda bo‘ladi!Tezroq urushning yakuniga yetgisi keladi.Bu qabohatdan qutulishni,o‘z qahramonini erkin,ozod kunlarga yetaklashni chin ko‘ngildan istaydi...
“O‘tmishga yo‘lni yo‘qotdim, quvg‘indiga aylanib qoldim;qancha urinmay,qancha yolvormay hamma narsa sukutda;xonamda ma‘yus o‘tiraman,o‘tmish xuddi mahbusdan yuz o‘girganday,mendan o‘zini olib qochadi.Lekin unga la‘nat o‘qimayman,balki vaqti-soati kelib,menga yana ko‘ksini ochar.Men askarman, askar hamma narsaga tayyor turishi kerak”
Urush mana shu yosh bolalarning taqdiriga qanday ta‘sir qildi?
Bo‘shliq.
Ularda na kelajakka ishonch,na buguniga orzu-havaslarni singdirish kabi tuyg‘ularni o‘ldirdi.Urush ularning murg‘ak onggini o‘zining jasadlari bilan ko‘mdi.
Befarqlikka o‘rgatdi.Shafqatsizlikka boshladi.Ammo insoniylikdan ular voz kechishmadi.Ular insonning qadri urush maydonida bir chaqalik qadr -qimmatga ega emasligini yaxshi tushunishdi va oldidagi sherigiga yanada mahkamroq dalda bo‘ldi.
Asar o‘qish davomida Zulfiyaxonimning bir misrasi qulog‘im ostida bot-bot yangradi: “Urush noming o‘chsin jahonda”
Jismonan kemtik, ma‘naviy onggida evrilishlar pallasi bo‘lgan,bolaligini,qadrdon qishlog‘i-yu,aziz tuyg‘ularini qoldirib kelgan,umrining eng go‘zal pallasini qon halqoblari orasida,jon hovuchlab o‘tkazgan 18, 19, 20 yoshli bolalarning alamli qismatini bilishimiz shart!
Birinchi o‘ldirgan odamidan uzr so‘rab,oilasini boqishni zimmasiga olishini aytib afsus chekib,yig‘lagan go‘dakning dil daftari bu!
Albatta , o‘qing!
Asardan parchalar.
Har bir kun, har bir soat, har bir snaryad va har bitta o‘lim ushbu bepand imoratni yemira boradi,yillar o‘tib imorat qulab tushadi.Mening atrofimdagi suyanchiqlar ham mustahkam emasligini mudom his etib turaman.
Hammamiz g‘alati rishtalar bilan bog‘langan og‘a-inilarimiz.Bu rishtalar xalq qo‘shiqlarida kuylangan do‘stlikni,mahbuslarning birdamligini, hukm etilganlarining bir jon-u bir tanligini eslatadi.Bizni o‘zimiz yashab turgan hayot,doimiy xafv-xatar va yurak yutib o‘lim daqiqalarini kutishdan iborat o‘ziga xos hayot tarzi jipslashtirgan.
Qo‘limiz - tuproq,vujudimiz- loy, ko‘zlarimiz- halqob. O‘likmizmi, tirikmizmi - bilmaymiz.
✍️ Gulinoz Anvarovna.