May 2, 2020

Somerset Moemning "Chandiqli kishi " hikoyasi

Somerset Moem o'zbek kitobxonlariga o'zining eng mashhur asarlaridan biri bo'lgan biri bo'lgan "Oy va chaqa " romani hamda bir necha ajoyib hikoyalari orqali tanish. Afsuski, jahon adabiyotining eng ko'zga ko'ringan vakillaridan biri bo'lgan ushbu adibning ko'plab asarlaridan bexabarmiz.

Somerset Moem - o'zgacha uslubga ega yozuvchi. Uning eng kichik hikoyalari ham kishini o'yga toldiradi. Xuddi o'zbek adabiyotida Abdulla Qahhor hikoyalari qanchalik mazmunli, teran fikrlarga boy bo'lsa, Moem asarlari ham shunday.
Ijodkorning menga eng yoqqan hikoyasi " Chandiqli kishi " hikoyasidir. Ushbu hikoyada favqulodda bir voqea yoki ijtimoiy mavzular emas, insoniy tuyg'ular tarannum etiladi.

Asar qahramoni - isyonchi . U mavjud hukumatni ag'darmoqchi bo'lgan , uni va to'rt safdoshini qamashadi. Isyonchining harakatlari va gap- so'zlariga e'tibor qilinsa, uning hech ham o'limdan qo'rqmasligi, mardligi ayon bo'ladi. Unga qiyinchilik, azob - uqubat begona. Hattoki, o'lishini sezib tursa- da, bunga beparvo holda sigareta tutatadi.

General mahbuslarni o'limi oldidan oxirgi tilagini so'raydi. Shunda to'rt mahbus hech qanday tilaklari yo'qligini bildirishadi. Chandiqli kishi esa xotinini ko'rmoqchiligini aytadi.

Hikoyada mening diqqatimni tortgan narsa shu bo'ldiki, chandiqli kishining safdoshlari o'lim oldidan hech narsa so'rashmadi. Vaholanki, qonunga muvofiq, o'limga hukm qilingan har qanday kishining so'nggi tilagi amalga oshirilar edi. Men ularni hayotdan biron maqsadi yo'q, nimaga yashayotganini ham bilmaydigan , faqatgina birovga ergashishga qodir kishilarga qiyoslagan bo'lardim. Ular xuddi o'zlari kabi o'lim topishdi. Yozuvchi shu o'rinda aytadiki, " ular birin ketin , beso'naqay ravishda qulashdi" ( hech qanday qarshiliksiz, kurashsiz, itoatkorona!!!) Bizning qahramonga esa xotini bilan uchrashishga 5 daqiqa vaqt ajratildi. U ayol qamoqxonaga kirishi bilan hamma unga mahliyo bo'lib qoladi. Chandiqli kishi esa xotirjamgina xotinini bo'g'izlaydi...

Uni nega o'ldirding? - degan savolga isyonchi " Men uni sevardim" deya javob beradi.

Ushbu hikoyada eng nozik , hatto sevgidan ham kuchli tuyg'uning qudratini ko'ramiz.

Hosh , isyonchi xotinini sevgan bo'lsa , unda nega uni vahshiylarcha o'ldirdi ? Axir, sevgan inson sevgilisiga yomonlikni ravo ko'rishi mumkinmi?! - degan savol tug'ilishi mumkin. Men ham hikoyani birinchi marta o'qiganimda hayratlandim. Nahotki , shunday bo'lishi mumkin!

Ha , bo'ladi. Chandiqli kishi o'lishini oldindan bilardi va qamalganidayoq shu rejani o'ylagan. U sevgan insoni uning o'limidan keyin boshqa inson bilan bo'lishini tasavvur ham qilolmagan va shu qarorga kelgan...

Isyonchining bu qarorga kelishi oson bo'lmagan albatta. Lekin u rostan ayolini sevgan, ardoqlagan, u bilan butun umr bo'lishga ont ichgan. U yashamaydimi, unda ayoli ham yashamaydi! Togri , bu xudbinlikdek tuyulishi mumkin. Ammo , bu xudbinlik , bu rashk ortida juda kuchli muhabbat yashirin...

Uning bu ishini ko'rgan general ta'sirlanib, uni ozod qiladi va hurmat ko'rsatadi.

Men bu hikoyani qayta va qayta o'qish davomida shuni angladimki, insonda uning o'zi boshqara olmaydigan his tuyg'ular bor, ularni hamma ham tushuna olmaydi. Sevgi bor joyda rashk bo'ladi albatta. Ayolning taqdiriga achinamiz , lekin uni ham tushunish mumkin...

Nilufar Zokirovna

© @mutolaa_sehri