May 18, 2020

Sa‘dulla Siyoyevning “Avaz ”romaniga taqriz


Iloyo barchani qulluqqa xos et, Meni mendan olib, bir yo‘l xalos et. Avaz O‘tar.

💢Yozuvchi haqida

Yozuvchi Saʼdulla Siyoyev dastlabki sheʼr va hikoyalari bilan oʻtgan asrning elliginchi yillari ikkinchi yarmidan o‘zbek adabiyotida koʻrina boshladi.U Qozogʻistonning Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlogʻida dehqon oilasida tugʻildi. Toshkent davla Dastlab “Yoshlik” radiosida, keyinchalik “Mushtum” jurnalida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot jamgʻarmalarida faoliyat olib borgan.1970 yilda “Qasam ichmagan yigit” nomli birinchi hikoyalar toʻplami chop etildi. Shundan soʻng “Sadagʻang ketay” (1972), “Toʻylar muborak” (1975), “Oy borib, omon keling” (1976), “Ogʻir vaznli janjalkash”, “Erkaklar uchun ertaklar”, “Yorugʻlik” (1986), “Avaz” (1987), “Beparvo boʻlmoqchiman” (1990) kabi roman, qissa, hikoyalar kitoblari bosilib chiqdi.

💢Asardagi mavzu.

Ushbu asar o‘zbekning mard o‘g‘loni, haq gapni hayiqmay aytgan,baytlari bilan zamonaning kajraftorining teskari aylantirishga harakat qilgan ijodkor Avaz O‘tarning hayot yo‘liga bag‘ishlanib,avtobiografik asarlar sirasiga kiradi. Yozuvchi asarda konkret voqealikni olib kiradi.Tarixdan ma‘lumki, Avaz O‘tardek shoirning shoh xonadonida kaltaklanib, o‘ldirilganligi o‘tmishdagi qonli, sirli voqealikka ishora qiladi.Yozuvchi mavzu sifatida esa aynan shuni tanlaydi.O‘z zamonasida Feruz taxallusi bilan tanilgan shoh va shoir podshohning asl qiyofasi va xarakter belgilarini chizishda yozuvchi uning atrofidagi shoir ahli va oddiy fuqarolardan mohirlik bilan foydalanadi.

💢Konflikt.

Yozuvchi asarning boshidan oxirigacha konfliktdan foydalanadi. Feruzning o‘zidaga konflikt: shohlik shavkati- uni qonxo‘r, har qanday maqtovlarda osmonlarga olib chiqib qo‘ygan, qo‘lidagi qilich, og‘zidan chiqadigan gap bilan ko‘plarining hayot tizginlarini osongina uza oladigan ( Sharif tarroning kaltaklanib, shafqatsizlarcha o‘ldirilishi) qilib tasvirlanganda, shunga qarama-qarshi ravishda uning she‘riyat odami ekanligi, haftada bir marotaba mushoira kechalarini uyushtirishi, shoir ahlini oldida yig‘ib,she‘r ilmiga ko‘ngil qo‘yganligi, qo‘liga qalam olib she‘r mashq qilishidagi konflikt;
Podshohning har dam o‘zgarib turuvchi kayfiyati bilan oddiy xalqning chor-noshorlikdagi kayfiyati;

Podshoh tutayotgan siyosat bilan aytayotgan gapidagi turlichalik (xalqni to‘q yashashga ishontirib ,ochdan o‘ldirishi);

Bular asarni o‘qishli, kitobxonni fikrlashga undovchi konfliktlar.

💢Markaziy obraz.

Yozuvchi har bir obrazga alohida to‘xtaladi va o‘sha obrazning shoh xonadoniga kelguncha va undan keyingi hayoti, jamiyatdagi tutgan o‘rni (bu yerda oddiy dehqondan tortib, shoh xonadonida xizmat qiluvchilar ham nazarda tutilgan), siyosat haqidagi shaxsiy tushunchalarigacha berib borib, kitkbxonga shoh xonadoniga nisbatan ulkan qarshilik harakatini tayyorlab boradi. Kitobxonga kayfiyatni yuqtiradi. Shoirlarning kattasi, o‘zi istamasa-da majburan shoh oldida bo‘lib, uning qarorlarini kesishga arzirli gap aytolmay, qalbi nohaqliklarga qarshi tursa-da, og‘zidan bir og‘iz so‘z chiqara olmagan Tabibiyning hayot yo‘li; bir umr shoh xonadonida kotib bo‘lib ishlab, oxiri bir parcha non so‘ragani uchun kaltaklanib o‘ldirilgan, mayitni ko‘mishmoqchi bo‘lishganda bir parcha bo‘z topisholmagan Sharif tarroning hayot yo‘li; podshoh o‘ylamay aytgan so‘zi bilan xalqining keyingi achchiq hayotini bashorat qilganda,xalqidan-da xarob nom bilan siylagan Xonaxarobiyning umr yo‘li, nochor xalqning bir vakili bo‘lmish, ranjiganini ham shodligini ham sezdirmaydigan, suyunsa, xoxolab kulmaydi, dard cheksa oh-voh qilmaydigan, sukutni a‘lo ko‘radigan Mutribning umr yo‘llari..

...bu qismatlarda siyosatning oddiy xalq bo‘yniga tushgan yukini ko‘rish mumkin.
Asardagi markaziy obraz- Avazning hayot yo‘li esa bevosita yuqoridagi shaxslarga bog‘lanadi. Avazning tabiatini yozuvchi ta‘riflashga harakat qilmaydi. Uning aytgan so‘zlarida, dialoglarda, voqealikka bo‘lgan munosabatida aynan xarakter belgilarini ko‘rish mumkin.

...Avazning ko‘ksidagi yolqin shoh tomonidan shunday o‘chiriladiki, uning cho‘g‘i undan keyingi necha -necha shoirlarning ko‘zlarini qamshtirdi!

Asarning yutug‘i.

Asardagi eng katta yutuq bu - yozuvchi o‘sha davr voqealigi boricha olib chiqadi.U Feruzning donishligiga tahsinlar o‘qib oddiy xalqni qoralamaydi.U Avazning shaxsiyatini chizishda o‘zidan sifatlar qo‘shmaydi.Qahramonning ruhiyatini tasvirlashda dialoglardan keng foydalanib, obraz va undagi xarakter haqida o‘quvchiga oson tushuncha beradi. Asarning tili sodda, o‘qishli.Garchi asar tarix voqealigi bilan bog‘langan bo‘lsa-da,asardagi tarixiy so‘zlar o‘quvchiga tushunarli holda,izohi bilan yetkaziladi.Bu o‘quvchini o‘sha davr voqealigiga osonlik bilan olib kiradi. Asar bir nafasda o‘qiladi.

• Asarda yana nozik she‘r ilmi, san‘atlar, mushoiralardagi tahlillar, jamiyatning oddiy fuqarosidan tortib,shoh xonadonida xizmat qiladigan vazirigacha she‘r ilmini bilishi aytib o‘tiladi.
........

Asardan parchalar.

🔹Inson farzandining ko‘nglida muz bor ekan, shovva to‘xtamaydi.

🔹 Qanoat yo‘q yerda muruvvat yo‘q,muruvvat yo‘q yerda, imon yo‘q, imon bo‘lmagach olqish ham o‘ladi.Olqish bo‘lmagach...tegirmontosh aylanaveradi...

🔹 Toki bir kimsaning qismati o‘zga bir shaxsga bog‘liq ekan, zamonlar o‘tib, xushomad, tilyog‘lamalik, munofiqlik yo‘qolib bitmas.

Asarni o‘qishni tavsiya qilaman!

✍️ Gulinoz Anvarovna

© @mutolaa_sehri