June 1, 2020

Iqbol Mirzo ”Bonu” romani

Ijodkor nazmga sig'magan dardlarini nazmga to'kadi. Shoir Iqbol Mirzoning ''Bonu'' romanini ikkinchi marta o'qib chiqdim. Asar 2016-yilda yozib tugallangan. Roman epistolyar uslubda. Unda Bonuning ko'rgan- kechirganlari maktublar, yozishmalar shaklida bayon qilingan.

Vaqealar rivoji quyidagicha:

Asarda Buxorolik yosh qiz Bonuning hayoti yoritilgan. Mir Arab madrasasi tuprog'ini , 10 yil yalab ilmi komil bo'lgan mo'min boboning o'gitlari, adabiyot muallimi bo'lgan otasidan, kutubxonachi onadan tarbiya olgan Bonu yoshligidan ko'chada o'ynab- quvnab o'sgan tengdoshlaridan farqli o'laroq, xontaxtada tirsak sanchib, Allohning kalomini va hadisi sharifni tinglab, goho Xo'jamnazar Huvaydo g'azallarini o'qib yodlab ularning sehri -jozibasi bilan ulg'ayadi. Hayotining mazmuni mutolaaga aylanadi. Ammo bobosing vafoti unga ilk zarba bo'ldi... Yillar o'tdi u talabalar safiga qo'shildi. Olmos bilan tanishdi. Olmosning she'riyatga ixlosmandligi ularni yaqinlashtirdi. Orada ko'rinmas rishtalar bog'landi. Bu rishtalar muhabbatga aylandi. Ne ajabki bu orada Bonu taqdirning ikkinchi zarbasiga uchradi. Jonidan ortiq ko'rgani otasidan judo bo'ldi. Dard kelsa qo'sha- qo'sha keladi deganlaridek, tanasini oq dog'lar o'rab oldi. Bu orada Olmos boshqa qizga uylandi. Hayot Bonuga ko'plab zarbalar yubordi. Lekin Bonu hayot zabralari bilan birma -bir kurashga o'zida kuch topdi. Asarni o'qib o'ylanib qolasan. Oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa o'n beshi yorug' bo'ladi, deyishadi. Lekin qani o'sha Bonuga atalgan yorug'lik?!

Nega Olmos uning sof muhabbatini oyoqosti qildi, nega Bonuning hayotini o'yin qildi?! (Men ham Bonuga qo'shilib unga ishonibmana. Uni baxtli qiladi deb o'ylabmana. Buni chin dildan xohlabmana! Ha yigit, yigit, ahvolingizni ko'ring! Nafs nimalar qilmadiya sizni?!)

Akasi Mirxond nega uni shuncha azoblarga tashlab qo'ydi?Barchasini chetdan jim kuzatdi? Axir, aka otadan keyingi otaku?!!

Yusuf esa u o'z muhabatiga yomon yo'llar bilan erishmoqchi bo'ldi. Agar buni muhabbat deb atash mumkin bo'lsa. Uni deb Bonu qancha malomatlarga qoldi.

Asardagi eng salbiy obrazlardan biri - Dilbar. Uning uchun ayollik sha'nining ikki chaqalik qiymati yo'q. Suvrati inson siyrati shayton. O'zining qilmishi yetmaganidek Bonuni ham nopok yo'llarga boshlamoqchi bo'ldi.

Yo'q, Hayotda yaxshi insonlar ko'p, juda ko'p!

Shunday insonlardan biri Shoira opa. Uni qanday ta'riflashni bilmayapman. U farishtaning o'zi. Hamma Bonudan yuz burib ketganda unga suyanch bo'ldi. Qotgan non yeb bo'lsaham farzandlariga halol luqma yedirdi. U tufayli Bonu o'zida yashashga kuch topdi.

''Huvaydo bobo '' Bonuning eng qiyin pallalarida yonida bo'ldi, Bonu uorqali o'z bobosini va Huvaydoni qayta topgandek bo'ldi. O'gitlari sabab yana yashashga ishtiyoq topdi o'zida.

Bonu timsolida ayol matonati, ayol jasorati, ayol muhabbati, ayol sha'ni, ayol vafosi, ayol sabri aks etgan.

Shoira opa, Huvaydo bobo, Bobur, Alisher, Makar, Larisa obrazlari orqali hayotda inson qadrini anglaydigan, dardini his qiladigan, qalbini tushunadigan odamlarga tayanch bo'la oladigan insonlar tasvirlangan.

Jontemir, Marina Dilbar, Botir, Muhiddin obrazlari orqali chet elga ishlash uchun borgan ammo, aysh- ishrat qilib, bir bora beriladigan umrni behuda sarflayotgan insonlarni ko'rish mumkin. Asarda ko'plab ijtimoiy muammolar ham ko'tarib chiqilgan. Bonu ishlagan maktabning ahvoli, direktor va o'qituvchilarning yangiliklarni qabul qila olmasliklari, sen menga tegma, men senga tegmayman deb yashashi, ta'limga e'tibor bermasliklari kabi.

''Tanangda og'riq his etsang, demakki sen tirik jonsan,

O'zgalar og'rigin sezsang demakki, sen insonsan, insonsan! '' Shu parcha orqali xuddiki Bonuning butun hayotini ko'rsatib berilgandek. U o'zi musofir yurtda bo'laturib Shoira opaga yordam berdi, Ruxsoraga ko'maklashdi, oilasini moddiy jihatdan ta'minladi. Olmosga beminnat yordam berdi, Lora va Larani hayotini saqlab qoldi... Ehhe bunday misollar keltirish mumkin.

Asarda ko'plab ibratli fikrlar, Huvaydo g'azallaridan parchalar keltirilgan. Quyida menga yoqqan jumlalarni keltirmoqchiman.

  1. Ona baribir onada farzandim deydi. Hamma sendan yuz o'girganda ham yoningda mung'ayibgina u qoladi.
  2. Naylayki odamizod o'zidan uyalishi, or qilishi, hatto nafratlanishi mumkin ekan. Biroq tashlab ketolmas ekan.
  3. Odamzod bolasi ko'zlari ko'rgan narsanigina mavjud deb o'ylaydi.
  4. Eshitar -tinglamas, ko'rar- anglamas.
  5. Umuman olganda g'aflat odamzodning baxti
  6. Odamlar bir tomchi ko'z yoshingga arzimaydi. Arziydigani seni yig'latmaydi.
  7. Odamzod o'zi boshidan kechirmaguncha,devorga boshi urilmaguncha ajdodlar xatosini takrorlab boraveradilar.
  8. O'qiganing, uqqaning emas tanangdan o'tkazganing falsafadir.
  9. Har kim o'z manziliga o'zi tanlagan yo'ldan boradi.
  10. Asardan ko'plab xulosalar chiraqish mumkin ekan. Inson har qanday vaziyatdaham o'zligini yo'qotmasligi, hayot bilan kurashishi kerak. Bu mening soddagina xulosam.

Asarni o'qishni tavsiya qilaman !

© Sanobarxon Jamolova

@mutolaa_sehri