May 2, 2020

"Fotima va Zuhra" asariga taqriz

O'lmas Umarbekovning "Fotima va Zuhra" nomli asari didektiv yo'nalishda yozilgan bo'lib, ushbu asar mustaqillik yillarida , ya'ni 1994 - yil nashr etilgan.

Asar qahramonlari " Shifokor " jamoa xo'jaligi raisi Sultonov , mayor aliyev , Fotima va Zuhra, Abdulla , Hamidulla , Odamboy, Shohida , Sanobar va shu kabilar.

Asarda mustaqillikdan oldin respublikamizda ildiz otayotgan mafiya va uni qo'llab quvvatlayotgan rahbarlar , ularning kirdikorlari, ularga qarshi kurashayotgan qonun posbonlari, bir oilaning butunlay barbod bo'lishi tavsilotlari aks etgan.

Romanda Sultonov obrazi orqali o'z kidikorlarini mohirlik bilan yashirgan , xalq ko'z o'ngida mehribon , xalqni o'ylaydigan rahbar sifatida gavdalangan rais hamda uning gumashtalari va noqonuniy qilmishlari fosh qilinadi.

Mayor Qodirjon Aliyev esa qonun himoyachisi sifatida o'ziga berilgan topshiriqni vijdonan bajaradi. Hatto oila a'zolarini xavfga qo'yib bo'lsa - da, Sultonovning qilmishlarini tagiga yetadi. Ushbu ikki qahramon ya'ni, Sultonov va Aliyev orqali yaxshilik va yomonlik, nafs va vijdon, ikkiyuzlamachilik va sofdillik kabi bir biriga qarama - qarshi tuyg'ular jangini kuzatamiz.

Asar didektiv yo'nalishda bo'lgani sababli voqealar juda qiziqarli , kitobxonni zeriktirmaydi, bir biriga zanjirdek bog'langan jinoyat izidan borib , uni fosh qilishgacha bo'lgan jarayonlar , voqea hodisalar o'quvchini asarga qiziqishini yana ham oshiradi.

Bosh qahramonlardan biri bo'lgan Zuhra timsolida mard, jasur, qiz bola bo'lishiga qaramay, jinoyatchilarni tutishga katta yordam bergan o'ta matonatli qiz va uning sarguzashtlari aks etgan.

Odamboy... Asardagi markaziy qahramonlardan biri bo'lgan Odamboy Sultonovning o'ng qo'li, eng ishongan odami.

Sultonov o'zining eng qabih ishlarini uning qo'li bilan bajaradi. Odamboy esa xuddi ongsiz robot singari barcha buyruqlarni so'zsiz bajaradi.

Kitobxon asarni o'qish davomida Odamboydan nafratlanadi, u hech qachon ismiga mos bo'lmaganini tushunib yetadi. Lekin shunday bo'lsa- da , u butkul salbiy obraz emas. Uning aqli zaif. Onasiga mehribonligi, uni yolg'izlatmasligi unda ham insoniy tuyg'ular borligidan darak beradi.

Ushbu asar orqali yozuvchi jinoyat javobsiz qolmasligi, bir kun kelib jinoyatchilar jazosini olishi va qonun oldida javob berishini bayon qiladi.

Asarda yozuvchi Aliyev tilidan xalqimizning befarqligi, loqaydligi, qo'rqoqligidan achinadi. Ayniqsa , Aliyevning xotinini mashinaga solib bog'ga olib kelishganida hech kim unga yordam bermagani, hamma " qorin g'ami" da oshxona tarafda yurganidan g'azablanadi.

Asarda endi ildiz otib borayotgan jinoiy to'dalar , mafiyalar, Sultonov singari yakkahokim bo'lib olgan mansabdorlar , ikkiyuzlamachi " qonun posbonlari" kabilar orqali o'sha davr uchun o'ta dolzarb muammolar tasvirlangan.

Yozuvchi kitobxonni ogoh bo'lishga , yon atrofda sodir bo'layotgan ishlarga befarq bo'lmaslikka da'vat etmoqda...

Nilufar Zokirovna

© @mutolaa_sehri