O'. Umarbekovning " Hayot qo'shig'i" hikoyasi
XX asr o'zbek adabiyoti tarixida o'chmas iz qoldirgan, o'zining asarlari bilan ko'plab kitobxonlar qalbini larzaga keltirgan buyuk adiblardan biri O'lmas Umarbekovdir.
U nafaqat qissachilikda, balki roman janrida ham muvaffaqiyat bilan qalam tebratgan ijodkor sanaladi. Uning hikoyalari, yaratgan kinoqissa va dramatik asarlari hali hanuz diqqat markazida. Yozuvchining o'ziga xos uslubi bor. U jumlalarida jimjimadorlikdan, ortiqcha so'z qo'llashdan chekingan, sodda va tushunarli tarzda kitobxonga o'z ko'ngil kechinmalarini yetkaza olgan adibdir . O'lmas Umarbekovning hikoyachilikda ham o'rni beqiyos. Uning " Hayot qo'shig'i" nomli hikoyasi insonni sog' salomat ekani, yashayotgani, dunyoda borligi uchun Ollohga shukronalar aytishga, o'zida bor bo'lgan narsalarni qadrlashga, mehr muhabbat tuyg'ularining kuchiga tasannolar aytishga undaydi. Ushbu hikoyada Xatamjon ismli yosh bir yigit bir qishloqdoshining betobligini eshitib, otda undan xabar olgani boradi. Lekin falokat tufayli otning ostida qolib, anchadan keyin oyoqlari falaj bo'lib qoladi. Oqibatda uning ikkala oyog'ini kesishga majbur bo'lishadi. Hikoya qahramonlari Mirsiddiq va Abduqodir ismli shifokorlar uning hayotga qaytishiga, yana avvalgi Xatamjonga aylanishi uchun harakat qiladilar.
Ayniqsa , bunda Mirsiddiqning qilgan ishi juda foyda beradi. Operatsiyadan keyin hech kim bilan gaplashmay qo'ygan Xatamjonning xonasiga musiqa qo'yib, hayotga bo'lgan ishtiyoqini qaytaradi. Ana shu musiqa tufayli Xatamjon o'zgarib , endi yashashni , yashaganda ham quvnoq, shod , baxtga to'lib yashashni niyat qiladi. Mirsiddiq aka uning xonasiga kirganida Xatamjon
" Kuyla, sozim, kuyla, tinma Kuyla, kuy - bu shodligim Bog'lar - u qirlar adirlar Senga jo'rdir shodligim"
- deya o'zi yaratgan kuyni xirgoyi qilardi. Bu qo'shiqning nomini so'raganida uni " Hayot qo'shig'i " deb ataydi...
Ushbu hikoyani o'qib , Abdulla Qahhorning " Ming bir jon" hikoyasi yodimga tushdi. Ikki hikoyada ham muqarrar o'lim yoqasida turgan qahramonlar taqdiri beriladi. Lekin ular hali yashashni istaydi, odamlarga mehr bilan boqadi. Hayotning har bir lahzasini mazmunli , go'zal o'tkazishga harakat qilishadi. Biz shunday insonlar taqdiri bilan tanishganimizda hayotimizda uchrab turadigan ba'zi kamchilikar, ba'zi qiyinchiliklar hech narsaga arzimasligi, hayotdan lazzat olib yashashimiz lozimligini anglaymiz.
Asarda ilgari surilgan g'oya - mehr ulashish. Mehr orqali ilojsiz narsalar ham amalga oshishi mumkinligi, mehrning kuchi nimalarga qodir ekanligini Xatamjon taqdiri orqali ko'ramiz. Haqiqatan ham , mehrning kuchi beqiyos. U dori darmon qila olmagan ishni bajaradi. Inson yashar ekan, doimo mehrga intilib, mehr istab yashaydi. Zero, inson mehr muhabbat bilan tirik. Uning dunyoda borligi uchun , yashashi uchun mehr kerak! Bir birimizdan ushbu " dori" ni ayamaylik azizlar !!!
Nilufar Zokirovna
© @mutolaa_sehri