"Lolazor" romani haqida
“Lolazor” asarini oʻqib tugatdim va hali hamon uning ta'siridaman. Bilmayman, bu ta'sir meni qachongacha oʻz izmida ushlab turadi?
Asar tili ravon, ammo oʻqilishi qiyin. U hamma asarlar kabi yengil va oson oʻqilmaydi. Chunki uning toshi ogʻir. Roman boshqa asarlarga taqlid qilmaydi, uning oʻziga xosligi ham shunda. Unda sevgi va ishq oʻyinlari ham asosiy planda emas. Balki bir umr bir-biriga oshnolik qilgan, “yonma-yon, ammo butkul tanholikda oʻtgan” ikki inson taqdiri, ular asnosida oʻnlab personajlar qismati, tabiati, ruhiyati orqali jamiyat va tuzumning inqirozi badiiy tahlil va talqin qilinadi. Oʻz oʻrnida qoʻllanilgan kinoya, piching, qochiriq, istehzoo, kesatiqlar romanga oʻziga xos goʻzallik baxsh etgan.
Asar markazida respublikaning mas'ul rahbari Oshno hamda unga bir umr yoʻldoshlik qilgan, uning panohida jon saqlagan Nazar Yaxshiboyev turadi. Bu ikkisi ikki olam, ikki xarakter, ikki ruhiyat egasi. Birinchisi daraxt novdasidek moʻrt, guldek nozik. Qattiqroq shamol essa, sinib tushgudek. Siyosiy tuzum bor boʻyi bilan oʻz nogʻorasida oʻynata oladi. Ikkinchisi esa chapaniroq, chayirroq. Goʻyoki yantoqqa oʻxshaydi, boʻronga ham, jaziramaga ham dosh bera oladi. Har qanday vaziyatdan chiqib ketish yoʻlini topuvchi ustomon. Shunday boʻlishiga qaramay, novdadek moʻrt Oshnoning toleiga oshno. U topgan obroʻ-e'tibor, yaxshi-yomon kunlar, yoʻqotishlar, xato va adashishlar, achchiq saboqlar ana shu inson bilan bogʻliq. Ammo Nazar Yaxshiboyev “Oshnoni men yaratdim”, men boʻlmasam, Oshno ham boʻlmas edi deb oʻylaydi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Balki, Oshnoni Hotam Shoʻro yaratgandir? Balki, ularning taqdirini bogʻlab qoʻyilishiga sababchi inson ham Hotam Shoʻroning oʻzidir. Bulduruq qishlogʻidagi yuzlab yoshlar orasidan aynan Oshno va Yaxshiboyevni tanlab, ularni ilm olish uchun Oʻrtaqoʻrgʻonga yuborgan u emasmidi?!
Dastlab, koʻngliga yaxshilik tukkan bu ikkovlon ham Hotam Shoʻroning marhamati bilan, qolaversa, uning yuzini yerga qaratmaslik uchun qiyinchiliklarga dosh berib boʻlsa ham, oʻqishga harakat qilmaganmidi? Qaroqchilik ortidan non yeyishni or bilgan Oshno qorin toʻydirish uchun qoʻliga qalam olib, maqola qoralamaganmidi? Doʻstining halol yoʻl bilan pul topganini koʻrgan Yaxshiboyev ham aynan shu maqsadda Oshnoning yoʻliga oʻtmaganmidi? Ha, Yaxshiboyev qorin gʻamida xuddi qaroqchidek adabiyotga kirib keldi. Oʻrtamiyona yozuvchi boʻlgan bu shaxs hammadan oʻzini ustun sanaydi, boshqa yozuvchilarni mensimaydi, adabiyotni ocherk, maqolabozlikdan iborat deya tushunadi. Aynan shu inson qalami ostida Qurbonoy, Toʻpori kabi ilgʻorlar yetishib chiqdi va aynan Yaxshiboyev, yoʻq, yoʻq, Oshno sababli zavolga yuz tutdi. Balki, ikkisi tufayli hamdir.
Oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻini lolazorga aylantirmoqni istagan Oshno mansab otiga mingach, Bulduruq uchun bir ariq suv chiqarib berishga yaramadi. Yaxshiboyev masalani eslatganida odamlar nima deydi, ular bizni mahalliychilik qilyapti deb malomat qilmaydimi, deya qoʻrqdi. Asli qoʻrqoq edi Oshno. talabalik davrida ham, mansab egasi boʻlganda ham qoʻrqib yashadi. Oʻzining jon doʻstiga ham ishonmasdi. Uning ishonchsizligi “–Yoʻq, Nazar, – dedi Oshno titrab, qaqshab, – ikkovimiz bir kunda oʻlganimiz ma'qul. Oʻshanda sen menga magʻzava toʻkishga ulgurmaysan”, degan soʻzlaridan ham ma'lum. Darvoqe, u hali yoshligida onasi va singlisini oʻrtaga qoʻshib, sendan voz kechmayman deb qasam ham ichgandi. Demak, uning oriyati ham juda arzon ekanki, kezi kelsa, bu doʻstlikni ham uzib, va'dasini ham buzib yuboraveradi.
Oshno qoʻrqoqligidan tashqari sodda va uni ishontirish juda oson edi. Xuddi Moyra kabi. Birovga ergashib kelgan yengiltak Moyra uni bir zumda qanday rom etgan boʻlsa, u egallagan mansab ham xuddi shunday rom etdi. Siyosat ham Moyra kabi. Kecha boshqasini koʻnglini olgan boʻlsa, bugun Oshnonikini olishga shay, ertaga esa boshqaninikini...
Shuni vaqtida tushunib yetmagan Oshno bu qutquga uchdi, u ishongan ezgulikning qiymati ham Moyraning iffati kabi boʻlib chiqdi...
U istagan odamiga yordam berar, uning bu mehribonchiligidan oʻz maqsadiga yetganlar qancha edi. “Eng yomoni – maqtovni yoqtirgani, maqtalgan vaqtida shamday erib tamom boʻladiki, taftida qoʻlini isitib olganlar qancha!” Xususan, Aleksandr Shoymardonov. U Oshnoning ishonchi tufayli butun respublikani paxta ekiladigan hududga, beshikdagi yosh boladan tortib, yotoqdagi qariyagacha paxtakorga aylantirdi, dengizni quritdi, yerlarni yaroqsiz holga keltirdi, odamlarni esa mayib-majruh qildi. Va pirovardida, Oshnoga xiyonat ham! Oshnoning ildiziga qurt tushib, moʻrtlasha boshlagan vaqtida koʻngli Oshnoni sotmoq istadi...
Yaxshiboyev oʻzi aytganidek, uni “hech qachon aldab boʻlmaydi, yuksalgan chogʻida narvonni pastda unutib qoldirmaydi, hammaga bir xilday, oʻzi tengiga hasad qilmaydi; pastroqlarni oʻz ismi qolib, otasining ismi bilan ataydi; kattaroqlarni ham vaqti-vaqti bilan chaqib oladi”. Doimo oʻz gunohiga kimnidir sherik qiladi. Qaroqchilik qilgan kezlarida odamlarning choʻntagidan shilgan pulga Oshnoning ham qornini toʻydirgani kabi, oʻlayotgan vaqtida ham Zohiddan olgan porasini shogirdlariga taqsimlab chiqadi. Goʻyoki shu bilan vijdonidagi ogʻriqlarni kamaytirayotgandek. Yaxshiboyevni yeyish, yutib yuborish anchayin mushkul. Uni chaynamoqchi boʻlgan insonning tishlari qamashadi, yutmoqchi boʻlganida esa tomogʻiga suyakdek tiqiladi va hech qachon hazm boʻlmaydi...
Lekin uning ham koʻnglida bir ezgulik bor edi. Bulduruqda bogʻ qilish. Umri oxirida oʻzi odam sirasiga qoʻshmaydigan Saidqul Mardon bilan bu orzusini amalga oshirdi. Oshno “Lolazor” deb nomlagan, ammo vaqtlar oʻtib bu nom ham unut boʻlgan va Bulduruq sifatida qolgan qishlogʻida bogʻ yaratdi. Hech qursa doʻsti paxta ektiraverib, paxtazorga aylantirib yuborgan yurtning bir burchagida Yaxshiboyev ekkan daraxtlar koʻkardi.
Yaxshiboyevni sotib olish mumkin edi. Ha, ha, uni shaxsan taqdirini Oshnoning oʻzi sotib olgandi. Oliyani qamatib, ozodligi evaziga uni sotib olgandi. Oʻsha vaqtning oʻzidayoq taqdiriga bog‘lagandi, Yaxshiboyevni oʻzining soyasiga aylantirgandi. Hamma narsaga kuchi yetadigan Nazar Yaxshiboyev bu safar bu qaramlikni tugatishga kuchi yetmadi... Yozuvchi romaniga turgʻunlik muhiti ta'siriga tushib qolgan, aslida iste’dodli yozuvchi boʻlgan Saidqul Mardonni ham qissanavis qilib olib kirgani ham asarning mukammal boʻlishini ta’minlagan. Sababi voqealarni faqat Nazar Yaxshiboyev nigohi bilan kuzatadigan boʻlsak, balki Oshno va Yaxshiboyevga oid hodisalar, boshqa odamlar haqidagi toʻla haqiqatga erisholmagan boʻlardik.
Tuzum qutqusiga uchmagan Saidqul Mardon Oshno va Yaxshiboyev toʻgʻrisidagi haqiqatlarni bayon qilar ekan, vaqti-vaqti bilan oʻz kechinmalari, hayoti, kechmishini ham hikoya qiladi. Va asarga toʻkislik beradi. Asardagi voqealar goh bemor, goh qissanavis tomonidan bayon etilishi asarga oʻziga xos bahs, tasvirga esa polifonik xususiyat, serjilo ma’no kasb etgan. "Lolazor" romani haqiqiy realistik asardir. Chunki muallif asardagi voqealarni, insonlarning taqdiri, ularning qingʻir ishlari-yu gunohlarini oʻsha davrdagi muhitdan ajralmagan holda, qalban his qilib, tushunib qalam tebratgan. Va roman shunisi bilan qimmatlidir.
Boshdan oyoq kinoyaga qurilgan asarni oʻqiy turib, Oshnoning taqdiriga oshnolik qilgan insonlardan shunday jirkanasanki, hatto oʻzim ham, balki, Yaxshiboyevdirman, deb oʻylab qolasan.
“Lolazor” romani haqida juda koʻp gapirish, bahs yuritish mumkin. Men bir oʻquvchi sifatida oʻz tushunchalarimni, taassurotlarimni bayon qilishni istadim, xolos. Oʻz vaqtida ikki taqdir egalariga juda, juda achindim. Shu xalqning bir a’zosi sifatida istardimki, Yaxshiboyev va Oshnoning taqdirini takrorlovchi insonlar zamonamizda boshqa uchramasin, Saidqul Mardon kabi ta’masiz insonlar, ijodkorlar koʻpaysin.