Nazar Eshonqul: “Momoqoʻshiq” qissasi haqida
Asarda Shamsi Saloh va Muazzam obrazlari orqali ijodkor maʼnaviy qiyofasining nozik qirralari tasvirlanadi. Ijodkorlik insonning intellekti va ilohiy qobiliyati orqali amalga oshadi. Adabiyotshunos S. O. Gruzenburg badiiy ijodning namoyon boʻlishini ikkiga ajratadi: ilohiy va iblisona. Ilohiy ijod bu – Alloh tomonidan berilgan neʼmat. Iblisona ijod esa insonni shayton boshqarib, uni nafs komiga tortadi, barcha narsaga shayton nazari bilan dunyoni qora va jirkanch koʻradi.
Sh. Saloh iblisona ijod yoʻlini tanlagan ijodkor. U hamma narsaga ijirgʻanib, gʻashlanib qaraydi. Shamsi Saloh nafs yoʻlida davr qobigʻiga oʻralib, mashhurlik, shon-shavkat uchun atrofdagi odamlar nazarida juda qobiliyatli ekanini koʻrsatish uchun oʻzini yasama holda sirli tutishga urinadi. U oʻz asarlarida mehnatkash xalqning orzu-armonlarini tasvirlayman deb maqsad qilib qoʻyadi, ammo uning onggi mustabid tuzumning boʻlmagʻur safsatalari bilan zaharlanib ulgurgan edi. Insonning ruhiy olamiga, uning maʼnaviy dunyosiga oʻzga bir yot gʻoya, fikrlar qanchalik mustahkam singdirilmasin, har bir inson qalbining tub-tubida asl “men”i saqlanib qoladi, oʻzlik, milliylik oʻzini ochiqdan-ochiq namoyish qiladi. Mana shu Shamsi Salohning ichki qiyofasi Muazzamning qoʻshigʻidan soʻng oshkor boʻladi.
Insonning qalbi, uning ruhiyati va koʻnglining nozik torlarini chertadigan sanʼat turlaridan biri bu qoʻshiqdir. Qissada qoʻshiq epizodi odamiylik timsoli sifatida kuylanadi. Balki bu Odam Ato va Momo Havodan farzandlariga qolgan insoniylik haqidagi qoʻshiqdir. Mana shu qoʻshiqni kuylayotgan Muazzam esa tugʻma iqtidor va ilohiy qobiliyat egasi. Uning qoʻshiq aytishini hamma biladi va qiz ziyofatlarini usiz tasavvur qila olishmaydi. Shamsi Saloh ham oʻz xalqi uchun shunday qadrli edimi? Yoʻq, u qalban va fikran yolgʻiz edi. U odamlar uning gaplaridan kulayotganini va tushunmayotganini aytib siqiladi. Bu holdan Shamsi Saloh gʻazablanib, odamlardan yiroqlashib, oʻz dunyosi ila yolgʻiz yashaydi. Bundan koʻrinib turibdiki, tashqi qiyofasi kam-koʻstsiz, ammo ichki dunyosi boʻm-boʻsh ijodkordir.
Muazzamning bu goʻzal qoʻshigʻi Sh. Salohning uxlab, mudrab yotgan butun qalbini larzaga soldi. Kirill Skott “Muzika va uning asrlar mobaynidagi sirli taʼsiri” nomli kitobida qoʻshiqchi haqida shunday deydi: “Buyuk sanʼatkorlar ham notiq, ham aktyor va shu bilan birga qalbi, yuragi kuy bilan hamohang boʻlishi lozim”. Haqiqiy ijodkor oʻz sanʼat asarini yuksak iqtidor va yurak-yurakdan, mehrini berib yaratsa, albatta, u oʻlmas, tirik bir moʻjizaga aylanadi.
Sh. Saloh oʻzini Muazzamning ovozi uchun jon kuydirayotgan sanʼat homiysi qilib koʻrsatadi. Aslida, uni sanʼat yulduzi darajasiga koʻtarsa, esankiragan Muazzam Sh. Salohning yelkasiga bosh qoʻyib: “Bular bari siz tufayli, siz boʻlmasangiz shu kunlarga yetmasdim” deb shivirlaydi…” Bu oʻy esa oʻzicha uni magʻrurlantirardi. Bu esa Sh. Saloh psixologiyasidagi xudbinlikni koʻrsatadi. Sh. Saloh bu iqtidor egasining ovozini eshitgandan soʻng, qoʻshiq taʼsiridan uning oyoqlarini quchib yigʻlagisi kelsa ham buni qalban tan olmaydi.
Ijodkor shunday bir iqtidor egasiki, u boshqa insonlarga nisbatan hayotni chuqur falsafiy mushohada etib, bu insonlarning qalbidagi tuygʻu-kechinmalarni toʻgʻri baholaydigan ruhshunos boʻlishi lozim. Ammo Shamsi Salohda bunday iqtidor yoʻq edi. Shuning uchun Muazzamning qalb tugʻyonlarini notoʻgʻri tushunadi. Shamsi Saloh nazarida Muazzam omi, hayotni faqat turmush tashvishlaridan iborat deb tushunadigan odamlar orasida yashab, hayotda orzu-havassiz, hissiz, baxtsiz yashashga mahkum, deb oʻylaydi. Lekin aslida Muazzamning ovozi oʻzining kichik kulbasi, atrofidagi daraxtzorlar, qishloq hayotidagi mehnatlari bilan uygʻunlashgan va bu ovoz shular bilan goʻzal edi. Shamsi Saloh unga shon-shavkatli kelajakni taklif qilsa ham, Muazzam oʻz maskani va oʻzligidan kechmaydi.
Insonning fantaziyasi va fikr doirasining torligi, uning qatʼiy, oʻzgarmas narsalarga bogʻlanib, chegaralanib qolishi yaratuvchanlik qobiliyatini susaytiradi. Shamsi Salohning butun ongi va qalbi oʻz davridagi madaniy mafkura bilan shunday oʻrgimchak toʻri misol oʻrab tashlangan, u oʻzining mana shu maʼnaviy tutqunlikdagi hayotini “erkin hayot” deb oʻylardi. Shamsi Saloh Muazzamni va, hattoki, atrofidagi butun borliq, dov-daraxtu paxta dalasidagi gʻoʻzalarni ham tutqun bir maʼyus-mahzun oʻzbek ayoli timsolida tasavvur qiladi. Hattoki bu ayolni zanjirband Prometeyga qiyoslaydi. Aslida esa Muazzam erkinlikda baxtiyor qoʻshiq kuylardi. Shamsi Saloh uning tovushidagi erkinlikni sezdi, ammo Muazzamning oʻzini bu mehnatlarga tutqun, deb oʻyladi. Ijodkor qalban erkin boʻlsa, albatta, uning ovozi butun borliq uzra masrur yangraydi. Muazzamning qoʻshigʻi Sh. Salohning xotirasida unutilgan bir voqeani oʻygʻotadi: “Bu qoʻshiqni eslab qol… Bu odam haqidagi qoʻshiq. Odamlar oʻlib ketadi, lekin qoʻshiqni aytadigan yangi-yangi zuryodlar dunyoga keladi, lekin qoʻshiq oʻlmaydi…”, deb momosi Shamsi Salohga oʻzligini hech qachon unutmaslikni va bu qoʻshiqni kelajak avlodga yetkazishni bir vasiyat singari uqtiradi. Sh. Saloh esa buni eslash tugul, bu haqda birovlarga gapirishni or biladi. Kimligini aytishdan choʻchiydi. Chunki u qoʻrqoq edi.
Yozuvchi Shamsi Saloh psixologiyasi va tabiatdagi tasvirlarni psixologik paralellizm sifatida uygʻunlikda olib boradi. Sh. Saloh qalbini qora toʻr shunchalik egallaganki, u atrofidagi goʻzal tabiat tasvirlarini qora va xira koʻzoynak bilan koʻrar, keng dalada yastanib yotgan gʻoʻzalarni son-sanoqsiz lashkarga, tiniq koʻl esa unga qurib qolgan siyohdonday va undan sasigan balchiq hidi kelayotganday tuyuladi. Bu tasvirlarning barchasida Sh. Saloh maʼnaviy dunyosi, ruhiyatining qanchalik zaharlanganini koʻrish mumkin. Sh. Saloh hikoyaning boshidan to oxirigacha tund, parishon, loqayd holda tasvirlanadi. Sh. Salohda mana shu illatlarning barchasi mujassam edi.