"Sukut suiqasdi yoxud Stalindan Saddamgacha"
Nurali Qobul – bugungi kunda Markaziy Osiyoda eng ko‘p o‘qiladigan va kitoblari eng ko‘p chop etiladigan mashhur yozuvchi. Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, “haqiqiy yozuvchi, undagi yangilik va beg‘uborlik hech kimda yo‘q”. Uning “Oyqor”, “Sening bolalik osmoning”, “Salom tog‘lar”, “Unutilgan sohillar”, “Bo‘ri ovi”, “Sangzor”, “Qulon quduqqa qulasa” kabi qissalari, “Temuriylar” roman-epopeyasi kitobxonlar orasida ancha mashhurlikka erishgan.
Uning “Sukut suiqasdi yoxud Stalindan Saddamgacha” nomli roman-pamfleti xalqimizning XX asrdagi fojeaviy tarixi, Sovet Ittifoqi deb atalmish mustabid tuzum davrida boshidan kechirgan ko‘rguliklari haqida hikoya qiladi. Asarda nafaqat o‘zbek xalqining boshiga tushgan ayanchli qismat, balki butun dunyoda ro‘y bergan va berayotgan siyosiy hamda iqtisodiy bo‘hronlar, qurolli ziddiyatlar, mustabid hukmdorlarning o‘z xalqi boshiga solfgan kulfatlari ham yodga olinadi. Roman-pamfletning nomlanishiga izoh sifatida yozuvchi biror insonning sha’ni, hurmat-e’tibori, haq-huquqi, qadr-qimmati va mol-u joniga tajovuz etilganda loqayd qarab turishni sukut suiqasdi deb atagani keltirilgan. Asarning birinchi bobi – “Dor tagidagi daho”da muallif XIX asr rus jamoat arbobi, yozuvchisi va publitsisti Nikolay Chernishevskiyning ayanchli taqdirini qalamga olgan. Chernishevskiy butun umri davomida rus xalqining manfaatlarini ko‘zlab, zolim hukmdorlarni tanqid qiluvchi hamda Rossiyaning hukmron doiralari olib borayotgan ichki va tashqi siyosatni keskin qoralovchi maqolalar e’lon qiladi. Biroq bu ishi uchun podsho hukumati tomonidan Senat maydonida sazoyi qilinganda manfaatlarini himoya qilgan mana shu xalqning bironta vakili uning yonini olmay befarq nazar solib turadi. N.Qobul aynan mana shunday befarq sukunatni Chernishevskiyning surgun etilishi va ozodlikning bo‘g‘ilishiga sabab bo‘lgan suiqasd deya baholaydi.
Asarning “Dohiylar dohiylar uchun qadah ko‘targanda” bobida esa ko‘pchilik omma uchun Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba hissa qo‘shgan deya o‘qitilgan Iosif Stalinning aslida urushga o‘zi bosh aybdor ekanligi tarixiy faktlar vositasida ifodalab beriladi. Ushbu qismda Moskvaga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Ioaxim fon Ribbentrop bilan imzolangan maxfiy shartnomaga ko‘ra, Stalin Gitlerning Yevropadagi harbiy harakatlari uchun oziq-ovqat yetkazish majburiyatini ham olgandi. Biroq Ilya Erenburg ta’rifi bilan aytganda “Stalin umri davomida astoydil ishongan inson – Gitler ham uni 1941-yilda aldadi”. Asarning keyingi bobida esa o‘z davrida dohiyga aylantirilgan Stalinning qilmishlari, uning qatag‘on siyoati, millionlab xalqning tubsiz urush girdobiga mubtalo etgan yovuz kimsa ekanligi isbotlanadi. Mixail Sholoxov Stalinga “Yuradi, kuladi, ko‘zlari esa g‘ajib tashlaydigan yo‘lbars ko‘zi kabidir” deb ta’rif bersa, Buxarin “Marksni o‘qigan Chingizxon” deya “dohiy”ning beshafqatligiga ishora qiladi.
Asar nomida Stalindan keyin tilga olingan keyingi shaxs Saddam Husayn bo‘lib, u 1979-1003-yilarda Iroq prezidenti sifatida mamlakatni boshqargan. Bitikning shu joyida jiddiy kamchilik ko‘zga tashlanadiki, Stalinning dahshatli qilmishlari va tubanliklari haqida har tomonlama ma’lumotlar berilishi bilan birga, Saddam Husayn haqida juda kam gapiriladi. Uning hayoti va faoliyatiga doir faktlar faqat birtomonlama hamda G‘arb matbuotidagi biryoqlama fikrlardan iborat bo‘lib qolgan. Roman-pamfletning “Milliy fojia” bobida Saddam Husayn dor ostida aytgan “Meni o‘zlari tanlagan edilar. O‘zlari o‘ldirdilar” degan so‘nggi so‘zlari epigraf sifatida tanlangan. Bu so‘zlar ham sukut suiqasdiga misol bo‘lishi mumkin, chunki S.Husaynning qatl etilishini ham mamlakat xalqi befarqlarcha qabul qilgan. Bundan tashqari asarda nomi bot-bot tilga olinadigan Liviya prezidenti Muammar Kaddafiy haqida ham G‘arb propagandasiga asoslangan bir-ikki og‘iz so‘z bilan cheklanilgan.
Bitikning keyingi boblarida kitobxon Nikita Xrushchyov va uning otasi amaldan tushgandan so‘ng xor qilingan qizi Rada Nikitichna, Leonid Brejnev va uning qariyalar uyida vafot etgan qizi Galina Leonidovna hamda kuyovi Yuriy Churbanovlar haqida bir-biridan qiziqarli faktlar keltiriladi. Negaki, muallif yuqorida aytilgan shaxslar davrining bevosita guvohi bo‘lgan, bu shaxslar bilan shaxsan muloqotda bo‘lgan hamda ularning tilidan aytilgan hikoyalarni asarga kiritgan. Bu omil esa roman-pamfletning qiziqarli bo‘lishini ta’minlagan.
Shuningdek, “Qiyomatga qadar yechilmas tavqi lan’at” bobida muallif milliy tariximizning qora kunlariga tanqidiy nazar tashlagan holda Buxoroning mang‘itlar sulolasidan chiqqan amiri Nasrulloxonning Qo‘qon malikasi, shoira Nodirabegim hamda mashhur adolatparvar va haqiqatgo‘y shoir Jo‘naydulloh Hoziqning shafqatsizlarcha qatl ettirishini qoralagan.
Asarning umumiy yutug‘i shundaki, kitobxonga tarixning ko‘pchilik uchun sirli hamda bahsli bo‘lgan qismlariga teran nazar tashlashga, tarixiy dalilarni bir-biriga solishtirgan holda o‘rganib, unga xolisona baho berishga imkon beradi. Lenin, Stalin, Xrushchyov, Brejnev, Andropov, Gorbachyov kabi sovet davlati hukmdorlarining siyosatda tutgan o‘rni, tarixda qoldirgan goh ijobiy, goh salbiy izlariga nazar tashlaydi hamda ulardan ibrat olishga chaqiradi. Chernishevskiy, Lev Tolstoy, Anton Chexov, Jo‘naydulloh Hoziq kabi ijod ahlining xalq ma’rifati uchun kurashi hamda zolim hukmdorlarning qora ishlarini keskin tanqid ostiga olishini qo‘llab-quvvatlaydi, ularning nohaq surgun yoki qatl etilishiga nisbatan o‘quvchida hamdardlik ruhini uyg‘otadi.
© Azamat Fayzullayev | @mutolaa_sehri