"Bir vijdon uyg'onur" asariga taqriz
Bismillahir romanir rohiym
"U yer - dunyo emas, u yerda dunyoning qonunlari o'tmaydi. U yerda faqat Allohning aytgani bo'ladi"
Ushbu asar turk adabiyotining yorqin vakillaridan biri bo'lmish Ahmad Lutfi Qozonchi qalamiga mansub. Asar didaktik ruhda yozilgan bo'lib, bir oila misolida bu dunyoning yolg'onchi ekani, haqiqiy hayot o'limdan so'ng boshlanishi, inson gunohlariga tavba qilib, yolg'iz Allohga sig'inishi lozimligi juda ibratli tarzda yoritilgan.
Asar bosh qahramonlari Sururi bey, Saodat xonim va Tumay bey , ya'ni kichik bir oila. Lekin bu kichik oilaning "katta" hayoti atrofdagilarni xulosa qilishga , ibrat olishga, to'g'ri yo'lni tanlashga chorlaydi.
Sururi bey - ma'mur lavozimida ishlagan, butun umri yolg'on dunyo lazzatini totish bilan , sharob- u aroq ummoniga g'arq bo'lish bilan o'tgan g'ofil banda. Alloh nasib qilgan pokiza juft - u haloliga hayotligidayoq do'zax azobini ko'rsatgan shaytoniy kimsa. Sururi bey o'z ismiga monand hayot kechiradi - umrini maishatga bag'ishlab , surur bilan yashaydi, Allohni , uning muqaddas kitobi - Qur'onni tan olmaydi, namozxonlarni behuda yotib turayotgan jinnilarga chiqaradi. Umuman olganda, asli musulmon bo'lsa- da , kofirlardek umr o'tkazadi. O'zining hayotini zaharlagani kamdek, halol , pok, muslima ayolini doim dindan qaytarishga urinadi, hali go'dak farzandini ( 6 yoshdayoq) aroq ichishga majburlaydi.
Alloh - yagona , u bilguvchi , ko'rguvchidir. Albattaki, otasi bunday bo'lgan farzandning solih , mo'min qobil bo'lib voyaga yetishini kutish xuddi sahrodagi qumni sanab bo'lmaganidek ilojsiz ish. To'g'ri, Saodat xonim farzandini tarbiyalashi mumkin edi. Lekin, Sururi bey hamma narsada o'z hukmini o'tkazardi, ayol ojiz edi.
Qush uyasida ko'rganini qildi , hatto ortig'i bilan! Ichkilikka mukkasidan ketib, hatto aroq uchun otasini urishgacha borgan farzanddan nima kutish mumkin!!! Umri payonida Sururi bey xatolarini anglaydi , lekin shunda ham tavba qilmaydi - to'shakda ham aroqni o'ylaydi. Saodat xonim bunday g'ofil bandaga muqaddas zamzam suvini hayf biladi. Tumay bey uch kun ichida ham ota , ham onadan ayriladi. Qabristondagi mo'ysafidning " U yer dunyo emas, u yerda dunyoning qonunlari o'tmaydi" gapi uni o'ylantirib qo'yadi. Tasodifan masjidga kirgan Tumay beyning hayoti butkul o'zgaradi - namozxonalar " Qadr kechasi" duosini o'qiyotganlarining guvohi bo'ladi. Tumay bey endi Allohga imon keltirib, muftining oldiga boradi , haq yo'liga kiradi, ismini Murod deb o'zgartiradi va yangi hayot boshlaydi. Armiyaga borib, hayotni yana ham anglay boshlaydi.
Rahmdil Alloh uning gunohlarini kechirib, unga yaxshi insonlarni, soliha juft halolni yuzlashtiradi.
Ushbu asar kitobxonni mushohadaga chorlaydi, Allohni tanishga , ushbu aldamchi , yolg'on dunyo jilvasiga ishonmaslikka, yolg'iz Allohga sig'inib, unga yolvorish kerakligiga ishonch uyg'otadi. Ota ona o'tkinchi ekani, ularni vaqtida qadrlash lozimligiga da'vat etadi.
Asardan iqtiboslar:
" Qabriston - qaytar dunyo hayotining so'nggi va majburiy bekati" "Bu yer ( qabriston) koinot gultoji o'laroq , yaratilgan odamning tuproqqa aylanishi uchun qurilgan bir tegirmondirki, har bir hovuch tuprog'i yaxshi - yomon, go'zal - xunuk , yosh - keksa, umuman, turli insonlar xokidir"
" Alloh koinotdagi hamma narsaga , insonlarga hayot beradi va istagan vaqtda o'zi oladi. Uning amriga qarshi chiqish va bo'ysunmaslikka hech kimning haqqi yo'q"
" Bugun Allohning borligini va qudratini inkor qilish - ertaga insonni hisob va jazodan qaytarmaydi"
" - Gapir , bolam, seni kim yaratdi? - Sizni keksaytirib, sochlaringizni oqartirgan Alloh yaratdi"
Nilufar Zokirovna
© @mutolaa_sehri