May 2, 2020

"Dunyoning eng buyuk savdogari"


"Men bu dunyoga tasodifan kelib qolganim yo'q.Men muayyan maqsadlar uchun yaralganman.Men qum zarrasi emas, tog' bo'lishim kerak"

Amerikalik buyuk yozuvchi Og Mandino qalamiga mansub "Dunyoning eng buyuk savdogari" asari kitobxonga motivatsion ruh bag'ishlaydi. Bu asarni o'qir ekansiz, bosh qahramon Xafid o'z oldiga qo'ygan maqsadlar , rejalar sizni ham ruhlantiradi.

Asar nomi - "Dunyoning eng buyuk savdogari" . Lekin , asar faqat savdo sohasi vakillari uchun yoki tadbirkorlar uchun emas, balki keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan. Uni turli yosh toifasidagi kitobxonlar mutoala qilib, o'ziga kerakli xulosalarni chiqarishi mumkin. Asarda nafaqat boy bo'lish sirlari, savdo qilish mohiyati balki, insonning yashash siri, uning dunyo bilan aloqasi, ichki "men" i , o'zidagi turli qusur va kamchiliklarni yengish haqida so'z boradi. Asar shunisi bilan qimmatliki, uni o'qigan har bir inson Xafidning o'rniga o'zini qo'yib ko'rishi , uning o'zi bilan kechgan suhbati orqali o'zida mavjud kamchiliklarni aniqlab olishi mumkin.

Xafid - aslida bir boy odam qo'lida ishlovchi tuyakash yigit bo'ladi. U bir kuni xo'jayini oldiga borib , bu ish joniga tekkani , unga ham savdo sirlarini o'rgatishini so'raydi. Xafid o'z oldiga yuksak maqsad qo'ygan edi - dunyoning eng buyuk savdogari bo'lish! Buni eshitgan xo'jayini juda hayratlanadi. Shunda Xafiddan buning sababini so'raganida u bir qizni ( Lisha) yoqtirib qolganligi, uning otasi esa oddiy tuyakashga qizini bermasligi va shu sabab boyishni maqsad qilganini aytadi. Bundan ko'rishimiz mumkinki, tuyg'ular insonni harakatga undaydi! Agar Xafid Lishani sevib qolmaganida shu faqirona hayotini davom ettirardi va hech qachon dunyoning sirlarini anglay olmas edi. Xo'jayini Xafidga imkon beradi. Uni bir chekka qishloqqa jo'natib , bir yopinchiqni sotib kelish uchun 4 kun muhlat beradi. Afsuski, Xafid qanchalik urinmasin, yopinchiqni sota olmaydi. Umidini uzib , uyga qaytayotganda bir voqeaning guvohi bo'ladi. Xafid xachirini bog'lagan g'orda bir ayol va erkak bo'lib, ular juda sovqotishgan , yupin kiyinishgan edi. Xafid e'tibor berib qarasa , ota ona o'z kiyimlarini yechib , chaqaloqni o'rashgan ekan. Lekin chaqaloq ham sovuqdan aziyat chekayotgani, achchiq - achichiq yig'layotgani ko'rinib turardi. Xafid shu payt tugundan yopinchiqni olib , chaqaloqni o'raydi. Xafidning bu yaxshiligi uning butun hayotini o'zgartiradi. Bu chaqaloq kelajakda yangi din asoschisi va targ'ibotchisi bo'lgan buyuk shaxs - Iso payg'ambar edi! ( Xafid buni umri so'nggida bilib oladi) Uning buyuk zot ekanligiga ishora sifatida - charog'on yulduz osmonda suzib yuradi. Bu yulduz endi Xafidning ortidan ergashib keladi. Xo'jayini buni ko'rib, bo'lgan voqealarni so'raydi. Hammasini diqqat bilan tinglagach, o'sha o'zi kutgan buyuk savdogar Xafid ekanligiga ishonch hosil qiladi va nomalarni topshiradi.

Nomalar - asar mazmunini tashkil etadigan asosiy vosita hisoblanadi. Xafidning xo'jayini taqdim etgan sandiqchada 10 noma bo'lib, ular Xafidning hayotiy maslagiga aynaladi. Shu noma sirlarini mukammal o'zlashtirgan Xafid -" Dunyoning eng buyuk savdogari" ga aylanadi...

Nomalar quyidagicha :

  1. Men bugun yangi hayot boshlayman;
  2. Men bu kunni muhabbat to'la qalbim bilan qarshi olaman;
  3. Men muvaffaqiyatga erishish yo'lida qat'iyatli bo'laman;
  4. Men - tabiat yaratgan eng buyuk mo'jizaman;
  5. Men bugungi kunni xuddi so'nggi kunimdek yashayman;
  6. Bugun men o'z hislarimni boshqaraman va o'z hislarimning xojasiga aylanaman;
  7. Men bugun baralla kulaman;
  8. Bugun men o'z qadrimni yuz barobar oshiraman;
  9. Men bugundan harakatga kirishaman;
  10. Men doimo duoda bo'laman!

Ana shu nomalar orqali Xafid hayotning mazmunini va eng avvalo , o'zini anglay boshlaydi. Ushbu asarni o'qish orqali biz hayotda biror narsaga erishish uchun harakat qilishni , mehnatdan qochmaslikni, ba'zan esa insonga bilimning o'zi kamlik qilishini, insonni o'zgartiruvchi , yangicha fikrlashni shakllantiruvchi odam - o'zi ekanligini anglaymiz...


Asardan iqtiboslar:

" Mening oyog'imdan tortadigan narsa - qat'iyatsizligimdir. U qo'rquvdan tug'iladi"

β˜†β˜†β˜†

" Kulgu - tabiatning buyuk in'omi. Kulgu va baxt bir biriga hamsoya"

β˜†β˜†β˜†

" Yalqov odam o'g'irga o'xshaydi. U o'z yaqinlarining oziq ovqati, kiyim kechagi va uy joyini o'g'irlaydi."

β˜†β˜†β˜†

" Mening hayvonot va nabodot olamidan , shamol, yomg'ir , tog'u toshlardan farqim shundaki, men bu olamga muhabbat bilan , ma'lum maqsadlar bilan kelganman! "

β˜†β˜†β˜†

" Omadsizlik - yuqumli kasallik"

Nilufar Zokirovna

Β© @mutolaa_sehri