June 2

“Uch og‘ayni” asari haqida

Foto: asaxiy.uz

Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni” (nem. “Drei Kameraden”) romani 1936-yilda nashr etilgan. O‘zbek tiliga Nizom Komilov tarjima qilgan. Ushbu roman muallif Germaniyadan surgun qilingan davrda Shveytsariyada yozilgan, senzura tufayli dastlab uning dan tilidagi tarjimasi chiqqan. 1937-yilda ingliz, 1938-yilda Niderlandiyada nemis tilida bosilgan. Kitob faqat 1951-yilga kelibgina Germaniyada chop qilingan.

Asar sobiq urush qatnashchisi Robert (Robbi) Lokamp tilidan hikoya qilinadi. Syujet 1920-yillar oxirlarida ro‘y beradi. Lokamp, uning Gottfrid Lens va Otto Kester ismli do‘stlari avtomobil ta’mirlash ustaxonasi ochadilar. Uchlikning eng yaxshi ashyosi – bu tengsiz motor o‘rnatilgan eski “Karl” nomli mashina. Binding ismli kishi qishloq pabi (qovoqxona)ga ketayotganda Karlni ortda qoldirishga urinadi, biroq yeta olmaydi. U yerda Binding Lens bilan do‘stlashadi, Robert esa Bindingning hamrohi Patritsiya (Pat) Xolmanga oshiq bo‘ladi. Ular, turli taqdirdagi va jamiyatning turli qatlamlaridan boʻlgan odamlar, bir-birlarini sevib qolishadi. Dastlab Robert ichkilikka mukkasidan ketganligi sababli oʻzini Patritsiyaga loyiq deb bilmaydi. U sevgilisining koʻziga piyonista boʻlib koʻrinishni istamaydi va shu sababli ichishni tashlaydi. Doʻstlari uni qoʻllab-quvvatlaydi. Roman Veymar Germaniyasi (1919-1933) inqirozi fonida ularning sevgisi rivojlanishini koʻrsatadi.

Romanda boshqa bir syujet liniyasi ham parallel ketadiki, bunga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. 1917-yili Flandriyada fransuzlarga qarshi janglarda qatnashgan uch og‘ayning ruhiyatiga, ayniqsa, Robertga urush o‘chogi juda yomon ta’sir qilgan, uning ruhiy tushkunligiga sabab bo‘lgandi. Urush oʻchogʻidan oʻtgan odamlar har qancha urinsalar ham oʻtmish xotiralaridan qochib qutula olmaydi. Dahshatli front xotiralari bosh qahramonni doimo azoblaydi. Bolalikdagi ochlik sevgilisi Patritsiyaning kasalligiga sabab boʻldi. Uch og‘ayni fidoyilik ko‘rsatib, hatto sevimli mashinalari bo‘lgan “Karl”ni sotib Patni Alp tog‘larida joylashgan sanatoriyga yuboradilar, biroq bu choralar uni hayotda saqlab qola olmaydi.

Robbining sevgilisi bundan o‘n yil burun tugagan urushning qurboni bo‘ladi, Garchi urush tugab ketgan bo‘lsa-da, u solgan alamli izlar va uning qo‘rqinchli sharpasi odamlarning ruhiyatida hamon kezib yurardi. Ba’zi sobiq askarlar frontdan omon qolganligini nishonlash uchun ichkilikka berilib ketgan, boshqalari urushdagi mag‘lubiyat uchun Germaniya hukumatidagi xoin amaldorlarni ayblab qasos olish istagida yonardi. Hukumatga qarshi norozilik isyonlarining birida Lokamp eng yaqin do‘sti bo‘lgan Lensdan judo bo‘ladi. Lensning o‘limi asarning eng fojiali qismlaridan biri bo‘lib, urushdan keyingi davr jamiyatining tushkun kayfiyatini ramziy ifoda etadi.

Romanda “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”dagidek halok bo‘lgan va jon berayotgan norasida askarlarning fojiasi ham eslab o‘tiladi:

“…1917-yil. Flandriya... Ammo Midendorfning niqobi yirtilib ketdi. Buni u kech payqadi. Boshqasini kiyguncha amcha-muncha gazni yutib qon qusa boshladi. Ertasiga ertalab jon berdi; rangi gezarib ketgan edi. Bo‘yni tilka-pora. Sho‘rlik, nafas olaman deb, tirnog‘ini bo‘yniga botiraveripti… Bemorlar yotqiziladigan uzun aravachalar uzukkun xonaga kirib-chiqib turadi. Ba’zan ular bo‘sh qaytadi. Yonimda Iozef Shtol yotibdi. Oyog‘i yo‘q, lekin o‘zi bilmaydi…”.

Remarkka xos uslub shundayki, u urushni romantizatsiya qilmaydi, unda askarlar mardlarcha halok bo‘lmoqda yoki jasur quroldoshlarimiz dushmanni orqaga surib tashladi deya bong urmaydi, u oddiy askarning bevaqt o‘limi ro‘yi-rost sodda tilda ifodlaydi, ortiqcha bo‘yab bejamaydi. Bu omil Remark asarlarining xalqchil bo‘lishini ta’minlagan.

Lokamp ijarada yashaydigan ko‘p qavatli uyda ko‘plab achinarli taqdir egalari istiqomat qilishadi. Tirikchilik uchun ular qo‘llaridan nima kelsa shuni bajarishadi, ishsiz qolishdan qo‘rqib yuraklarini hovuchlab yashaydi. “Ilgari bunchalik emasdi, qoqilgan odam o‘zini o‘nglab ketardi, hozir esa ishdan bo‘shasang – umrbod ko‘chada qolasan”.

Asardan iqtiboslar:

“Men bilgan odamlarning orasida katta baxtsizlikdan o‘ziga kichkina baxt yarata olgan yakka-yu yagona inson shu bo‘ladi. Hayotini nimaga sarflashni bilmaydi, shuning uchun tirik yurganiga xursand”.
“Chin hayot faqat orzu-xayollarda, uning shu’lalaridagina mavjud”.
“Gul hamma aybni berkitadi. Qabrlarni ham gul kuzdan yashirib turadi-ku”.
“Sevgi degani – aldovdan iborat-da. Ona tabiat tomonidan o‘ylab topilgan go‘zal aldov”.
“Bir hisobda to‘g‘ri – yolg‘iz odamni hech kim tashlab ketmaydi. Ammo ba’zan, kechqurunlari, bu sun’iy farog‘at shunaqayam sillani quritadiki, o‘zingni qayerga qo‘yishingni bilmay qolasan”.
“O‘lganlarning xotirasiga izzat-ikrom – ularning oldidagi gunohni anglashdan boshqa narsa emas”.
“Kishilik jamiyatining ildizlari ochko‘zlik, qo‘rqoqlik va sotqinlikdan iborat. Odamzot yovuz, lekin ezgulikni yaxshi ko‘radi…faqat birovlardan chiqadigan ezgulikni yaxshi ko‘radi”.
“Soddalik ulug‘ narsa, Robbi. Faqat hasadgo‘ylar uni ahmoqlik deyishadi. Soddalik qusur emas, aksincha, iste’dod belgisi”.
“Faqat ahmoqlargina g‘alaba qozonishadi, aqlli odam ko‘pdan ko‘p to‘siqlarga duch kelib bir ishni boshlamasdanoq hafsalasi pir bo‘ladi”.
“Hech qachon ko‘p narsa bilishga urinma, Robbi! Qancha kam bilsang, hayoting shuncha yengil bo‘ladi. Bilim odamni daxlsiz, ayni paytda bebaxt qiladi”.

© Azamat Fayzullayev | @mutolaa_sehri