Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni” asariga taqriz.
“Insonki taslim bo‘lmadimi, demak o‘z qismatidan kuchliroq.” (E.M.Remark)
Remark asarlari o‘zining “urush nafasi” bilan o‘z o‘rniga egadir. Uning “Uch og‘ayni ” asari “ G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” asarining mantiqiy davomi desak ,xato qilmaymiz.
Asarda urushdan keyingi hayotning tasviri keltirilgan bo‘lib, jamiyatdagi o‘zgarishlar, insonlar onggidagi xilma-xilliklar, tuyg‘ular, munosabatlar ochiq -oydin keltiriladi. Asarda yozuvchi voqealikni Robert ismli qahramon tilidan hikoya qiladi. Robertning oilaviy ahvoli esa “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” asaridagi Paul Boymerning hayot yo‘liga o‘xshaydi.( Ayni urush davridagi holati). Asar qahramonlarni 3 og‘ayni bo‘lib, Robert, Kester, Lenslarning oddiygina hayot yo‘li orqali, urush qoldirgan izlarning kishilar onggi va ruhiyatidagi ta‘siri yaqqol ko‘rsatilgan. Asarda bu uch qahramon biror bir mansabdir, yoki jamiyatning oldi qatoridagi shaxslar emas, ular eng quyi pog‘onadagi, bugunini zo‘rg‘a kun ko‘rib o‘tkazayotgan shaxslar bo‘lib, aynan mana shu toifa jamiyatdagi ichki ahvolni yanada ko‘proq, kengroq tushunishimizga keng yo‘l ochib beradi. Ularning hayot tashvishlari qanchalik oddiy bo‘lsa, jamiyat haqida qarashlari esa har bir ongli davlat hodimidan qolishmaydi. “Insonlarni kulfat birlashtiradi” deyilganidek, bu uch og‘aynining yo‘llarini front bir nuqtada kesishtirgan bo‘lsa-da, urushdan keyingi vaziyat va hayot yo‘llarida ham ular bir biridan ayrilishmaydi, sodiq do‘st bo‘lib qolishadi.
Asarda yozuvchi do‘stlik va muhabbat tuyg‘ularini bir nuqtada kesishtiradi. Uch og‘aynining bir birlarining hayotiga aralashib, begona bo‘lishsa-da, yaqindan a‘lo qo‘llab quvvatlashlari ular o‘rtasidagi kuchli do‘stlik rishtasini ko‘rsatsa, Robert va Patritsa Holman o‘rtasida muhabbat orqali urush odamlarining tuyg‘ularini, hissoyotlarini, kechinmalarini ko‘rsatib beradi.
Asarda kitobxon urushni ko‘rgan bu mard insonlarning urush haqida xotiralari orqali bu tinch hayotga osonlikcha erishmaganliklarini, erkin nafas olayotganligi uchun shukrona aytayotganlari orqali esa tinchlik deb atalmish bebaho ne‘matning urush insonlari hayotida qay darajada muhim ahamiyatga ega ekanligini yanada ko‘proq tushunib yetadi! Urushda inson insonni halok qilarkan, uning ko‘nglidan nimalar kechishini ular bilishadi. Ular insonning qadr-qimmati urushda qanday-u, tinch hayotda ne cho‘g‘lik qiymatga egaligini yaxshi tushunishadi.
Urush uchrashtirgan bu insonlarning tuyg‘ulari urush ko‘rmagan insonlarnikida ming chandon kuchli! Ular hayotni sevishadi, do‘stlikni qadriga yetishadi, muhabbatni ko‘zlariga surtishadi.Ular INSONlarni yaxshi tushunishadi.
Jamiyatda urush keltirgan munosabatlardagi soxtalik,insonlarning faqat bugunini o‘ylab yashashi, ijtimoiy munosabatlarga butkul befarqligi urushda hayot uchun kurashgan uch og‘aynining fikr mulohazalari, voqealiklarga aralashuvida kengroq ochib beriladi. Asarni o‘qigan kitobxonda hayotga oshiqlik yanada kuchayadi.Sil kasaliga chalingan insonlarning achchiq qismati osuda yashayotgan ko‘p qalblarga hayotning qadrini anglatib qo‘yadi.Insonda yaxshi kunlarni ko‘rib yashayotganiga ShUKRONALIK hissi paydo bo‘ladi.
O‘lging kelguncha yashagandan ko‘ra,yashaging kelayotgan paytda o‘lganing ma‘qul.
••• Birovni sevmaydiganlar uchun yolg‘izlikka bardosh berish osonroq.
••• Rahmdillik dunyodagi eng befoyda narsa.U ichiqoralikning bir turi.
•••
Go‘yo bu olamni hayotning rang -barangligiga mahliyo bo‘lgan bir savdoyi yaratib qo‘ygan-u, so‘ng uni yakson etishdan bo‘lak tadbir o‘ylab topolmagan.
•••
Insoniyat o‘lmas san‘at obidalarini yaratdi, ammo o‘z qavmiga daxldor kimsalarning har birini loaqal nonga to‘yg‘azishga qurbi yetmadi.
•••
Ko‘z iqrori har qanday so‘zdan afzalroq.
•••
Ba‘zan hech narsa to‘g‘risida o‘ylamasang, biror ishga qo‘l urmasang, kimgadir suyanishing mumkinligini his etsang - o‘zingni qushday yengil sezasan.
•••
Yalqovlik har qanday baxtning ibtidosi va har qanday falsafaning intixosi.
•••
XX asr ustidan kulmagan odam o‘zini osishi kerak. Lekin uzoq kulib ham bo‘lmaydi. Oxir voy bo‘ladi.
•••
Hech qachon bezovtalik oromga, izlanish sukunatga aylanmagan, tubanlashish hech qachon to‘xtamagan.
Gulinoz Anvarovna