June 1, 2020

Remark:''Uch og'ayni''

Remarkning eng mashhur asarlaridan biri bo'lgan ''Uch og'ayni'' romani 1938-yili Shvetsariyada yozilgan. Romanda chin muhabbat va haqiqiy do'stlik tasvirlangan. Asarni o'zbek tiliga Nizom Komil tarjima qilgan. Dastlab ''Jahon adabiyoti'' jurnalida chop etilgan. ''Uch og'ayni'' asari Remark ijodining cho'qqisi deb e'tirof etilgan.

Asarni o'qishni boshladimu o'zimni shu davrga tushib qolgandek his etdim. Asar qahramonlari Robert, Kester, Gotfridlar bilan tanishdim. Ular birinchi jahon urushida qatnashishgan urushdan so'ng kichik bir ustaxonada avtomobillarga xizmat qilishadi. Do'stlik, mashina,poyga o'ynash va ichkilik bilan o'zlarini ovutishadi. Shu orqali iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy muammolarni biroz bo'lsada unutishga harakat qilishdi. Ular oddiy insonlar bo'lsada juda sahiy, o'zida borini insonlarga berib ularga xursandchilik ulashishni yaxshi ko'rishadi, har qanday sharoitda ham bir- birini qo'llab- quvvatlashardi, ularda do'stga sadoqat tuyg'usi mustahkam edi. Qaysidir ma'noda men ham ular bilan do'stlashdim. Ular biz yashayotgan tinch ozod hayotdan ancha uzoqda edi. Ular urush qiyinchiliklarini ko'rgan, urush tugagan bo'lsa ham u o'z izlarini qoldirgan edi.
Shunday kunlarda qahvaxonalarning birida bu og'aynilar Patritsa Xolman bilan uchrashib qolishadi. Robert unga ko'ngil qo'yadi. Ular park va kafelarda xiyobonlardagi uchrashuvlari dengiz bo'yiga qilgan sayohatlari ularning eng baxtli kunlari edi. To'satdan Patning sog'ligi yomonlashadi. Robert va Kester Pat sog'ayib ketishi uchun barcha choralarni ko'rishadi. Kester do'stining sevgilisi uchun o'zining eng sevimli mashinasi karlni sotadi. (Bu haqiqiy oliyjanoblik edi.) Shifokorlarga ko'rsatishadi, davolatishadi.
Afsuski uni saqlab qolisholmaydi. U hayotdan ko'z yumadi. Bu orada Gotfridni otib o'ldirib ketishadi. Kester va Robert qotilni topishga harakat qilishadi . Va uni o'ldirib do'sti uchun qasos oladi.

Menda kuchli tassurot qoldirgan kishilardan yana biri Ferninand Grou. U marhum insonlarning suratini chizib u orqali tirikchilik qiladi. Uning suhbatlarda aytgan gaplari o'zini tutishidagi boshqachalik asarga alohida ruh bergan. Uning quyidagi jumlalari jamiyatdagi axloqiy muammolarga ishora qiladi. ''Hayot haqida o'ylaganingda dilgir bo'lasan. Ammo odamlar hayotni nimaga aylantirganini ko'rganingda esa faqat surbet bo'lish mumkin ''.

Asardagi Xasse obrazi ham o'ziga xos o'ringa ega. U ayolini baxtli qilish, hayotini yaxshilash uchun urinadi. Lekin barcha harakatlari bekor ketadi. Asar rivojida Orlov, Zalevski,Roza, Gustav, Yupp kabi obrazlar qatnashadi

''Biz o'tmishimizga daxldor barcha narsaga qarshi -soxtalik va xudbinlik, ochko'zlik va shavqatsizlikka qarshi kurashmoqchi edik; biz bag'ritosh bo'lib qoldik va yaqin o'rtog'imizdan boshqa hech kimga, bizni hech qachon aldamagan osmon, tamaki,daraxtlar, non va zamindan bo'lak hech narsaga ishonmay qo'ydik. Natijada bari yemirildi, qalbakilashdi va unutildi. Unuta olmaganlarning ulushi esa faqat nochorlik va noumidlik, loqaydlik va ichkilik bo'ldi. buyuk insoniylik va mardona talpinishlar davri o'tdi. Korchalonlik, sotqinlik va qashshoqlik tantana qildi. ''

Ushbu parchada asarda aytilmoqchi bo'lgan fikr ifodalanib berilgan. Urush tugadi ammo uning asoratlari hali -hanuz insonlarga ta'sir o'tkazmoqda. Urush odamlarda kelajakka ishonchsizlik hissini paydo qildi. Buyuk maqsadlar haqida o'ylamay qo'yishdi. Natijada bu davrda ''yo'qotilgan avlod'' shakllandi.

Asardan chiqargan xulosam

Do'stlik buyuk ne'mat.

Urush - insoniyatning ozini ham hissini ham ishonch u umidini ham yo'q qilishga qodir ofat.

Urushda qatnashgan insanlar dunyodagi eng oliyjanob insonlar ammo uni boshlaganlar foyda ko'rishdan boshqa narsani o'ylamaydigan vaxshiylardir.

Manga yoqqan jumlalar

''Muhabbat uchun soddalik yarashadi.''
''Hech narsani yuragingga yaqin olma. Yaqin olsang, osha narsani asrab qolmoqchi bo'lasan. Bu dunyoda hech narsani mangu asrab bo'lmaydi.''(Kester)
''Vijdon odatda aybdor bo'lmaganlarni azoblaydi."

© Sanobarxon Jamolova

@mutolaa_sehri