"Urushning ayoldan yiroq qiyofasi"
XX asrda ro'y bergan ikkita Jahon urushi nafaqat xalqlar hayotida balki, san'at sohasida ham katta o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Urush haqida yozilgan minglab asarlarni, tasvirga olingan yuzlab kinolarni bunga misol bo'la oladi. Bunday san'at asarlarida odatda erkaklarning qahramonligi, ularning janglardagi jasorati tarannum etiladi. Lekin urush faqat qahramonlikdan iborat bo'lmagan, biz o'qiganimizdek bir uchuvchi o'nlab dushman uchoqlarini urib tushirib, yerga mashuqasi yoniga oshiqmagan, yoki T-34 nomli tank bir o'zi butun boshli divizionni tormor keltirmagan. Bu urushda sotqinlik, qo'rquv, qabihliklar namoyon bo'lgan. Urushdan keyingi asarlarda faqat g'alaba haqida, unda ishtirok etgan yuqori lavozimli ofitserlar haqida yozildi, natijada urushning asl tarixi o'zgarishni boshladi. Buni siyosiy tuzum-mafkura talabi ham deyish mumkin. Lekin belarus yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Svetlana Aleksievich o'zining "Urushning ayoldan yiroq qiyofasi" nomli hujjatli ocherkida dahshatli izdihomga boshqacha nazar bilan qarashga qaror qildi. Qahramonliklarsiz, oddiy, xalqona urush qanday bo'lgan edi degan savolga javob topishga harakat qildi. U o'z asarida tabiatning go'zallik namunasi bo'lgan ayollarni asosiy qahramon qilib tanladi. Nozik hilqat hisoblangan, shoirlar tabiri bilan aytganda faqat sevish uchun yaratilgan ayollarning tabiatiga mos bo'lmagan ishlarni qilishga urush majbur qilganligi haqida yozdi.
Uning hisob kitobiga ko'ra Sobiq SSSR qo'shinlari tarkibida milliondan ortiq ayollar urushda qatnashgan. Bu ayollar erkaklar bilan yelkama yelka frontda turli xil yumushlarni bajarishgan: aloqachilik, hamshiralik, tehniklik, oshpazlik, o'qchilik va boshqalar. Urushda erkak-ayol deb ajratilmaydi, urushda faqat askarlar bo'ladi. Ular misli ko'rilmagan qiyinchiliklarga Vatan uchun deb bardosh beradilar. Biz hozir juda yosh deb hisoblaydigan 18-19 yoshli qizlar o'z yelkalariga oila, farzand tashvishlari o'rniga, urush yukini olganlar.
Asarda berilgan turli xil ayol jangchilarni xotiralarni o'qir ekansiz, har sahifada urushning dahshati kitobxonga yaqqolroq namoyon bo'lishni boshlaydi. "Ilhaq" filmida aytilganidek "Asirga tushgan xoin" kabi qo'rqinchli buyruqlar bor edi. Masalan, Stalinning 227-buyrug'ida faqat olg'a intilib, hech qachon chekinmaslik zarur edi, chekinganni jazo otryadlari shavqatsiz jazolar edi, shunda askarlar qo'lida ikkita granata bilan zirhli tankka qarshi kurashga chiqardilar, o'limni bo'yniga olardilar. Asar urush haqida tasavvurlarizni anchagina o'zgartirib yuboradi.
Jangchi ayollar uchun urush hech qachon tugamagan, ular qalbida doim urush yashagan. Ular avvalgidek ayol bo'la olishmadi, chunki ular muhabbat, oila, farzand kabi ne'matlardan avval urushga duch kelgandilar. Urush doim ular uchun birlamchi bo'lib qoldi. Bu asarda keltirilgan barcha qahramonlar o'quvchini o'ylashga, tinchlikni qadrlashga undaydi.
"...Inson urushdan qudratli... U ko'proq bo'lgan joylar yodda qoladi. U yerda uni tarixdan qudratliroq narsa boshqaradi. Men kengroq ko'lam olishim kerak - faqat urush haqiqatini emas, umuman hayot va o'lim haqiqatini bitishim kerak. Dostoevskiy bergan savolni o'zimga berishim kerak: insonda insonlik miqdori qancha, o'zimizdagi bu insonni qanday himoya qila olishimiz mumkin?..
© Artikov Rustamjon