May 2, 2020

Tog'ay Murod: "Yulduzlar mangu yonadi"

Tog'ay Murodning "Yulduzlar mangu yonadi" asari uning nomini mashhur qilgan ilk asari hisoblanadi. Ushbu qissa 1976 - yil yozilgan.

Asarda kurash , kurashchi polvonlar , ular o'rtasidagi munosabatlar xalqimizning azaliy urf odatlari, to'y - hashamlari aks ettirilgan.

Asar bosh qahramoni - Bo'ri polvon obrazi orqali haqiqiy er yigit qanday bo'lishi , or - nomus , vijdon , mardlik tuyg'ulari ulug'lanadi. Asarda Bo'ri polvonning samimiy muhabbati , bu muhabbatning do'sti Nasim tomonidan toptalishi ham aks etgan

Ushbu qissada Bo'ri polvon tilidan " Farzandlar hayotga beparvo qaraydi. Musibat bilan xursandchilik farqiga bormaydi. Farzandlar o'zlari minayotgan mashinaga o'xshaydi! Odam kim, mashina kim bilib bo'lmay qolyapti " - kabi jumlalar orqali hozirgi zamon va yoshlar haqidagi fikr mulohaza, tashvishlari bayon qilinadi.

Asarda Tog'ay Murodgagina xos bo'lgan o'ziga xoslik - shevalardan , xalq maqol va iboralaridan unumli foydalanishining guvohi bo'lasiz. Polvonlarning samimiy suhbati , or - nomus uchun kurashi juda jonli tasvirlangan.

Bir umr kuragi yerga tegmagan polvon - Bo'ri polvonning ilk mag'lubiyati va undan so'nggi kechinmalari sizni befarq qoldirmaydi. Ushbu asarda yigit kishi uchun mardlik , or nomus , qadr qimmat naqadar yuqori qiymatga ega ekani , insoniylik, tuyg'ular sofligi, chin do'stlik kabilar ulug'lanadi.

Asarda Nasim obrazi orqali sotqinlik, do'stiga xiyonat , birovning tuyg'ulari ustidan kulish, sevgisini toptash kabilar aks etgan.

Ushbu mo'jazgina qissada juda katta masalalar ko'tarilgan. Asar milliy- urf odatlarimiz , an'analarimizga hurmat uyg'otadi, do'st tanlashda adashmaslik, inson doimo vijdoniga , qalbiga quloq solib yashashi kerakligi chiroyli tarzda ifodalanadi.

Nilufar Zokirovna

© @mutolaa_sehri