Zulmat ichra nur sochgan yulduz
Quyoshning zarrin nurlari tushmaydigan, ortiqcha bezatilmagan, devorlari sovuq kulrangga bo‘yalgan katta xona... Go‘yo bu xona ichkaridagilarni tashqi olamdan himoya qilayotganday, sokin va beg'am edi. Xonaning eng chetida, katta deraza yonida joylashgan keng karavotda Selena uxlab yotardi. U hali 18 yoshga to‘lmagan edi, lekin uning ko‘zlarida bolalikka xos porlash allaqachon so‘nib ulgurgandi.
Selena hali 18ga yetmagan bo‘lsa-da, uning hayoti bu yoshdagi boshqa qizlarning hayotiga o‘xshamasdi. U hech qachon bolalarcha beparvolikni tatib ko‘rmagan, hech qachon shunchaki kulib yuborishni o‘ziga ruxsat bermagan edi. Hayot unga erta katta bo‘lishni majbur qilgandi.
Bugun — yana maktab kuni. Yana bir rasmiy, sovuq, ortiqcha so‘zsiz kun.
Xonasiga Yeri ismli xizmatkor qiz kirib keldi. Uning qadamlari yengil, ohanglari sokin edi. U ko‘pdan beri Selenani uyg‘otar, lekin hech qachon “ertalab xayrli bo‘lsin” degan so‘zlarni aytmasdi. Bu orada u sekin pardalarni ochdi, va xona ichiga quyosh nurlarining iliq, ammo begona zarralari yoyildi.
U nurlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Selenaning ko‘zlariga tushdi.
Bu nurlar odamlarga quvonch olib kelar... ammo Selena uchun bu nur nafaqat ko‘zini qamashtirar, balki yuragidagi xotirjamlikni ham bezovta qilardi.
U ko‘zlarini ohista ochdi. Ko‘ngli xiralashdi.
Keyin asta o‘rnidan turdi, yuzini, qo‘llarini yuvdi. Sovuq suv yuziga tegib, uni hozirgi haqiqatga qaytardi. Selena boshqa qizlarga o‘xshamasdi. U bo‘yanishni yoqtirmasdi. Rangli, yorqin kiyimlar unga begona edi. U birday, sokin, lekin o‘ziga xos edi. U o‘zini chiroyli deb hisoblamasdi, lekin unga qaraganlar nigohini olib qochishga majbur bo‘lishardi — bu go‘zallik tashqi emas, ichki sukunatning jozibasida edi.
Doimo oq yoki qora kiyim kiyardi. Lekin hozirgi kunlarda faqat qora.
Qora — iztirob rangimi? Yoki himoya? Bilmaydi. Lekin bu rang uning ichidagi sukutga mos tushardi.
Maktab formasi ham unga juda yarashardi. Uning gavdasi, yelkalaridagi beozor tik turish — bularning barida qandaydir yuksaklik bor edi.
U tayyor bo‘lgach, sumkasiga darsliklarini, daftarlarini joyladi va zinapoyalardan tushdi. Oshxonada esa yana o‘sha tanish, sovuq manzara: otasi telefonda kim bilandir shiddat bilan gaplashar, onasi indamay ovqatlanar, ukasi esa qulog‘ida naushnik bilan telefonga tikilar edi. Hech kim Selenaga qarab “ertalab yaxshimisiz” demadi.
Selena esa hech kimdan shuni kutmadi ham. Shunchaki bir muddat ularni kuzatdi. So‘ng yuragi to‘lib, nonushta qilishdan voz kechdi. Sukut saqlagancha ortiga o‘girildi va uydan chiqib ketdi.
Tashqarida haydovchi uni kutardi. Yil fasli bahor bo‘lsa-da, bu tong unga yanada sovuq tuyuldi.
Mashina maktab tomon yo‘l olarkan, Selena oynadan tashqariga qaradi. Daraxtlar gullagan, qushlar sayrarkan — ammo bu manzara ham unga iliqlik bermasdi.
U maktabni tugatishiga atigi bir hafta qolgan edi. Bir hafta — lekin bu hafta uni yillar bo‘yi cho‘ziladigandek toliqdirardi.
Maktabda u bor e’tiborini faqat o‘qishga qaratgan. O‘rtog‘i yo‘q edi. Na kulgi, na suhbat — faqat daftar, raqamlar, matnlar. U o‘z dunyosida edi.
Kun oxirida darslar nihoyasiga yetdi.
O‘sha yo‘l bilan uyga qaytdi. Ichida charchoq, boshi g‘amga to‘la.
Lekin… uyga kirganida… nimadir boshqacha edi.
U eshikni ochdi-yu… yuragi bir zum to‘xtagandek bo‘ldi.