January 27, 2022

"Godoni kutib" - Samuel Bekket

Bu yerda nima qilyapmiz, biz mana shu savolga javob berishimiz zarur. Baxtimiz shuki, biz buni yaxshi bilamiz. Ha, bu dahshatli, alg‘ov-dalg‘ovli dunyoda bir narsa bizga taskin beradi: biz Godoning kelishini kutyapmiz...

"Godoni kutib" pyesasi eslangan zamon "absurd adabiyot", "absur teatr" atamalari tilga olinadi. Absurdizm nima o‘zi?
Absurdizm - inson borligining, hayotining hech qanday ahamiyatga ega emasligi haqidagi qarashlar tizimi. Absurd esa "kelishmagan", "kulguli", "aqldan tashqari" degani. Bu XIX asrda faylasuf Syoren Kerkegora tomonidan shakllantirilgan oqim. Hayotning absurdligi haqida faylasuf shunday deydi: "Hayotning ma‘nosiz ekanligiga eng yaxshi isbot uning ma‘nosi borligini isbot qilishga keltirilayotgan argumentlardir". Keyinchalik Kerkegora g‘oyalarini davom ettirgan fransuz adibi Kamyu asarlari orqali absurdizm atamasi yanada tushunarli bo‘ldi.

XIX asr o‘rtalarida Kamyu, Sartr, Ioneskular qatorida irlandiyalik adib Samuel Bekket "Godoni kutib" tragikomediyasi bilan absurd teatrini boshlab berdi. Asar dastlab 1953-yilda Parij sahnalarida qo‘yiladi. Shundan so‘ng butun Yevropa bo‘ylab sahnalashtirildi. Uni kimdir tushundi, kimdir yo‘q. Shu tariqa be'mani asar o‘tgan asr o‘rtalaridan to bugunga qadar turli tanqidlarga, bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, Godo kim? Nega uni kutishadi? Asar sarlavhasida kelgan nom egasi dramada qanday rol o‘ynaydi? Gap shundaki, Godo hech kim, u sarob. Tada-tadamm...

Asar ikki bosh qahramoni Vladimir va Estragonning asosiy maqsadi Godoni uchratish. Ular shu ilinjda kutishyapti. Kecha ham kutishgandi, bugun ham va ertaga ham Godoni kelishiga umid qilib uni kutishmoqchi. Ular kutganining kelishiga ishonadi. Orada umid uzilsa, juda bo‘lmasa, o‘zlarini daraxtga, o‘sha - Godo bilan uchrashishga kelishilgan yerdagi daraxtga, osvorishadi. O‘lsin, arqonam topilmaydi shu paytda. Ustiga-ustak, yakka-yu yagona daraxt ham o‘ta nimjon.
Asardan anglashilicha, ular oltmish-yetmish yoshlar chamasidagi chol. Balki, shu yoshgacha kutishgandir Godoni. Shunisi ma‘lumki, sirli Godo kelib ularni ozod etishi kerak. Qayerda ekan-a? Yo "...u yer tagida, mangu zulmat ichra adashib qolganmikan?" Faqat Gogo yo Didi kutishmadi Godoni, o‘qib turib men ham kutdim. Boshdan oxir: kim ekan u Godo? Balki, Potsodir? Yo Lakimikan? Ehtimol, uning yordamchisi - Bolakay Godo bo‘lib chiqar? Yo‘q! Kelaqolsa-chi?!
Ortga qarayman: hayot - absurd! Men shuncha payt ishonib kelgan narsa, mening "Godo"m mavjud emasmi?!
"Biz endi yolg‘iz qolmaymiz, tunni yolg‘iz kutmaymiz, Godoni yolg‘iz kutmaymiz, biz endi... kutmaymiz. Kun bo‘yi o‘zimiz bilan kurashib charchadik. Endi bunday bo‘lmaydi. Ertamiz allaqachon boshlandi". - Ular ishonishgandi.
Kulgili... Be‘mani... Achinarli... Shu ko‘yi siz ham ishonasiz.