Frans Kafka
(1883-1924)
XX asr adabiyoti taraqqiyotini yangi yo‘nalishga solib yuborgan, inson va uning umriga o‘zgacha munosabatni qaror toptirgan Frants Kafka dunyodagi eng g‘aroyib va tushunarsiz taqdir egasi bo‘lgan ijodkordir, deyish mumkin. U 1883 yilning 3 iyulida Praga shahrida tug‘ilgan. Otasi o‘z mehnati tufayli shaharda kichikroq bir fabrikaning egasi bo‘lgan. U uch qizi va o‘g‘li Frantsning kelajagini ta’min etmoqchi bo‘ldi, lekin o‘g‘li bilan bir umr kelisholmay o‘tdi. Frantsning onasi ruhoniylar oilasidan edi.
Kafka Pragadagi nemis gimnaziyasini tugatib, 1901 - 1905 yillarda Praga universitetida huquqshunoslikni o‘rgandi, san’at tarixi va olmonshunoslik bo‘yicha ma’ruzalar tingladi. 1906 - 1907 yillarda Praga shahar sudining advokatlar idorasida amaliyot o‘tadi. 1907 yilning oktyabridan boshlab xususiy sug‘urta jamiyatiga xizmatga kirdi. 1908 yilda Praga tijorat akademiyasida shu ixtisoslik bo‘yicha malakasini oshirdi. Shundan so‘ng u turli kam ish to‘lanadigan tashkilotlarda ishlagan. 1917 yilda Kafka sil kasaliga duchor bo‘ladi, 1922 yilda nafaqaga chiqadi. 1923 yili Berlinga ketadi, lekin sog‘ligining yomonlashuvi sababli Pragaga qaytishga majbur bo‘ladi. Frants Kafka 1924 yilning 3 iyunida Vena shahri atrofidagi Kirling sanatoriyasida vafot etadi.
Kafka o‘zi uchun ko‘proq yozgan, deyishadi. U o‘z asarlarini yaxshi ko‘rmas, ularni chop ettirishga qiziqmas, hatto o‘limi oldidan do‘sti Maks Brodga o‘zining chop etilmagan barcha qo‘lyozmalarini tezda yoqib tashlashni vasiyat qilgan edi. «Menda adabiy qiziqishlar yo‘q, men o‘zim adabiyotdan iboratman», - degandi F. Kafka do‘stlaridan biriga. U o‘z asarlari haqida: «Men ularni yaratgan onlarnigina hurmat qilaman, xolos - derdi. Kafkaning yozganlari tamomila kutilmagan va o‘ziga xosdir.
Asarlari: «Bir kurash tarixi» (1902-1903, birinchi asari), «Qurilish» (1923, oxirgi asari), «Amerika» (1911-1916, birinchi romani), «Jarayon» (1915-1918, ikkinchi romani), «Qo‘rg‘on» (1921-1922, oxirgi romani), «Evrilish», «Xukm», «Jazo koloniyasida», «Ochlik ustasi», «Otamga xat» va boshq.