Farididdin Attor
Shayx Fariduddin Attor bashariyat adabiy-ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy tafakkuri rivojida bemisl rol oʻynagan allomalardan biri hisoblanadi. Attor tavalludi boʻyicha bir toʻxtamga kelinmagani bois olimlarimiz tadqiqotlarida turfa maʼlumotlarga duch kelamiz. U kishi 1145 yillar chamasida Nishopur biqinidagi Kadkana qishlogʻida tugʻilgan. Asli oti Muhammad boʻlib, otasi Abubakr ibn Ibrohimdan qolgan doʻkonda attorlik, goho tabiblik ham qilgan. Manbalarda uning 114 yil yashagani qayd etiladi. Bu maʼlumot manqabaviy xarakterga ega. Attor 1220 yildagi moʻgʻullar isyoni chogʻida vahshiylarcha oʻldirilgan. Shunda u 75 yosh atrofida umr koʻrgan boʻladi. Professor Najmiddin Komilov allomaning vafoti haqida quyidagilarni yozgan: “Attorning oʻlimi fojiali sodir boʻlgan. U oʻz ajali bilan oʻlgan emas, balki laʼnati moʻgʻullar qoʻlida halok boʻlgan. Moʻgʻullar balo-qazoday Eron yerlarini talaydilar, shaharlarni yondiradilar, kitoblarni kuydiradilar, ulamolarni qator qilib soʻyadilar. Har bir moʻgʻul askari qoʻliga tushgan narsani oʻmarib ketar, istagan odamni asir qilib, qul sifatida sotar yoki qilich bilan chopib tashlar edi.
Rivoyat qiladilarkim, bir moʻgʻul askari Attorni asir olib, bogʻlab, sudrab borardi. Yoʻlda shoirni taniydigan bir odam uchrab qoladi. U shoirga rahmi kelib, moʻgʻulga qarab, qulingni menga sot, ming dinor beraman, deydi. Moʻgʻul rozi boʻlib turganda, Attor, bu kam, sotma, men juda qimmatman, deb aytadi. Moʻgʻul ming dinorga bermay, yana sudrab ketaveradi. Yoʻlda boshqa bir odam uchrab qoladi. Moʻgʻul oʻz “moli”ni unga taklif qiladi. U odam: mayli, roziman, bir qop somon beraman, deydi. Shunda Attor moʻgʻulga qarab, tezda rozi boʻlgin, men bundan ortiqqa arzimayman, degan ekan. Jahli chiqqan badbaxt moʻgʻul shu zahotiyoq Attorni qilich bilan chopib tashlaydi… Uni Nishopurga dafn etadilar. Oʻn beshinchi asrga kelib, uning maqbarasi xarobaga aylanadi, buni eshitgan Alisher Navoiy Attorning sagʻanasini yangidan tiklab, salobatli maqbara qurdiradi”. Maqbara oʻshandan beri ulugʻ ziyoratgohga aylangan.
Alisher Navoiyning ustodi Attorga ehtiromi nihoyatda baland boʻlgan. Bu bejiz emas, albatta. Odatda Navoiyni Attorning “Mantiqut tayr” dostoni bolaligidayoq rom qilgani, shoir butun umri davomida ushbu asar taʼsirida boʻlib turganligi tilga olinadi. Bu fikrda jon bor. Biroq Navoiy buyuk shayx qalamiga mansub boshqa asarlardan ham yaxshi xabardor boʻlgan, ulardan ham katta zavq va ilohiy ragʻbat olgan. Shoir “Lisonut tayr” dostonida Attorning bir necha asarlarini tilga oladi, baʼzilariga qisqacha sharh beradi. Jumladan “Ilohiynoma” xususida “ilohiy sirlar sharhidin iboratdur” degan eʼtirofni qayd etadi. Davlatshoh Samarqandiy esa “Tazkirat ush shuaro”da Attorning Navoiy tilga olgan asarlaridan tashqari “Asrornoma”, “Haydarnoma”, “Mazharul ajoyib”, “Javohiruz zot”, “Hayloj”, “Muxtornoma”, “Xusravnoma”, “Sharhul qalb”, “Bulbulnoma” singari dostonlar yozganini, nazmiy merosining umumiy hajmi 250 ming baytga yaqin ekanligini yozib qoldirgan. Davlatshohning mana bu eʼtirofi ham diqqatni tortadi:”Attor shariatu tariqatda yagona, shavq va niyozmandlik, oʻrtanish-yonishdan shamʼi zamona, irfon dengiziga choʻmgan va haqiqat daryosiga shoʻngʻib, durlar tergan kishidur”.
Attorning mashhur “Ilohiynoma” asarini yaqinda Oʻzbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol oʻzbek tiliga tarjima qildi. 2007 yil “Musiqa” nashriyoti mazkur tarjimani nashrdan chiqardi. Tarjimaga nodir kitobning eronlik sharqshunos Fuod Ruhoniy tomonidan fors tilida nashr etilgan Tehron (2006) nusxasi asos boʻlgan. Taʼkidlash joizki, Jamol Kamol yirik irfoniy asar tarjimasiga kirishar ekan, imkon qadar asliyat ruhini taʼminlashga harakat qilgan va bunga erishgan ham. Goʻyo mutarjim noyob asar tarjimasiga “bismilloh” deb kirishar ekan, avvalo Yaratgandan, undan soʻng ulugʻ shayxning pokiza arvohidan imdod tilaydi. Aftidan tarjimonni ulugʻ shayx hazratlarining ruhi poklari himoyatiga olgan, goʻyo olis va mashaqqatli safarga chiqqan yoʻlovchiga yoʻl koʻrsatgan kabi shoirni qoʻllab-quvvatlab turganga oʻxshaydi. Boʻlmasa, Attor bilan bizning davrimizni qariyb ming yillik tarix ajratib turadi. Shuncha vaqt oʻtib, ulugʻ shayxning bizga “oʻzbekcha soʻzlagani”, garchi bu ish zamondosh shoirimizning shaxsiy iqtidori va mahorati hosilasi boʻlsa-da, qip-qizil moʻjiza, nozik aql va tabʼ egalari uchun oliy saodat deb baholashga arzigulik noyob adabiy va madaniy hodisadir.
Kitob taniqli olim Ibrohim Haqqulning “Koʻngil kimyosi” nomli salmoqdor maqolasi bilan ochiladi. Unda domla buyuk alloma shaxsiyati, shayxlik martabasi, asarlarining, ayniqsa, ushbu asarning irfoniy nazokatidan soʻz ochar ekan, maʼnaviyatga tashna zamondoshlarimizni “Ilohiynoma” mutolaasiga hozirlaydi.
Attorning “Ilohiynoma”si insoniyat ichki maʼnaviy-ruhiy olamidan bahs etuvchi ikki yuz ellikdan ortiq naql, hikoyat, rivoyat va nazmiy qissalardan iborat. Uni oʻqib XI asr odamining badiiy-irfoniy olami behad keng, naqadar yuksak boʻlganiga tasannolar aytgingiz keladi. Tarjimaning til va badiiy nafosati haqidagi mulohazalarni tarjimashunos doʻstlarimizga qoldirib, biz “Ilohiynoma” tarkibidagi baʼzi hikoyatlar bilan sizni yaqindan tanishtirish istagidamiz. Zero, bu asar hazrat Navoiy aytmoqchi “ilohiy sirlarning tuganmas xazinasi”dan tarkib topgan noyob durdona asardir.