August 25, 2020

Haynrix Hayne

 (1797–1856)


XIX asr nemis adabiyotining yirik vakili, samimiy ko'ngil she'riyatiga siyosiy hajviy tanqidni ustalik bilan qo'sha olgan haqgo'y shoir Haynrix Hayne 1797-yilning 13-dekabrida Olmoniyaning Dyusseldorf shahrida savdogar yahudiy oilasida tug'ildi. Bo'lajak shoirning tarbiyasi bilan, asosan, onasi Betti shug'ullandi. Xalq og'zaki ijodi namunalaridan xabardor bu ayol o'g'lida so'zga muhabbat, uning qudratidan hayrat tuyg'usi shakllanishiga ta'sir ko'rsatadi. Otasi Samson Hayne Ovro'podagi zamonaviy fikrlovchi ko'pchilik singari o'g'lining napoleonchi harbiy bo'lishini orzu qiladi. Napoleonning mag'lubiyatidan so'ng ota-ona Haynrixning savdo bilan shug'ullanishini ma'qul deb hisoblashdi. Lekin uning ham o'zlari singari kichik savdogar emas, balki Hamburgdagi amakisi Solomon kabi yirik tijoratchi bo'lishini istashadi.
Shu maqsadda maktabni bitkazgan yigitchani Hamburgga amakisinikiga jo'natishadi. Lekin ta'sirchan, to'g'riso'z va mag'rur Haynrix savdo ishlariga mutlaqo qiziqmas, u kecha-kunduz kitob bilan oshnochilik qilar, ko'p vaqtini she'rlar yozib o'tkazar edi. Faqat iqtisodiy foyda keltiradigan yumushlar bilan shug'ullanishnigina tan oladigan amakisiga uning bu ishlari yoqmasdi. Buning ustiga, Haynrix amakisining suluv qizi Amaliyani shaydolarcha sevib qoladi. Lekin qiz uning tuyg'ularini rad etadi. Xullas, amakisinikida o'tkazilgan samarasiz uch yildan so'ng yigit uyiga qaytadi va astoydil o'qishga tutinadi.
Haynrix Hayne 1819-yildan e'tiboran Bonn, Hettingen va Berlin universitetlarida o'qiydi. Ovro'poliklar tafakkuriga jiddiy ta'sir o'tkazgan mashhur faylasuf Gegeldan ma'ruzalar tinglab, bilimini oshiradi. Yigit huquqshunoslik fakultetini juda yaxshi baholar bilan bitirib, diplom olgan bo'lsa-da, bu sohada biror kun ishlamaydi.
1827-yili Hamburg shahrida o'ttiz yoshli Haynening "Qo'shiqlar kitobi" nomli lirik she'rlar to'plami bosilib chiqdi. Bu kitobga kirgan she'rlarida yosli shoir dunyoning tushunarsiz, hayotning murakkab va odamlar orasidagi mu nosabatlarning chigalligini o'ta ta'sirchan yo'sinda tasvirlagan. U she'rlaridan birida odamlar haqida: "Ba'zisi do'st, kelar qoshimga, Ba'zilari dushniaiulaii battar", — deb yozadi. Haynening anglamsiz tuyg'ular haqidagi she'rlari xalq qo'shiqlariga yaqinligi, tushunarli va musiqiy ekani bilan o'quvchilarni o'zigj maftun etardi. Yosh shoir she'rlarida og'zaki ijodda bo'lganidek, lirik qahramonning ichki dunyosini uning kechinmalari va tabiatning tasviri orqall ochib beradi.
1830-yilda Haynrix Haynening "Yo'l lavhalari" nomli ikkinchi kitobi bosilib chiqdi. Bu kitobda u mamlakat va xalqning ahvolini mardonalik bilan xolis taftish qila oladigan ijodkor sifatida namoyon bo'ladi. Kitob yo'l ocherklaridan iborat bo'lib, Olmoniyaning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ma'naviy darajasini haqqoniy aks ettirganligi bilan ajralib turadi. H. Haynening o'tkir nigohi hanuzgacha o'ttizta davlatchaga bo'linib yashayotgan yagona millalning g'arib ahvoli, qoloqlik botqog'iga botganligini ko'radi va afsus-nadomatga to’la achchiq tili bilan uning aybdorlarini fosh etadi.
Umrini nemis xalqining hayotini farovonroq qilish uchun kurashga tikkan Haynening tutumlari o'z manfaatidan boshqa narsani o'ylamaydigan hukmdorlarga yoqmasdi. Shuning uchun ham 1830-yilda u Fransiyaga ketishga majbur bo'ldi. O'sha yilning iyulida sodir bo'lgan inqilobdan keyingi Parijdagi siyosiy va adabiy hayotda faol ishtirok etadi. Nafaqat nemislarning, balki butun insoniyatning baxtli yashashini istagan shoir bu yerda o'ziga ko'plab xayrixohlar, hamfikrlar topdi va umrining oxiriga qadar qizg'in ijod qo'ynida yashaydi.
Haynrix Hayne 1843-yilda insoniyatning hayotini tamomila o'zgartirib yuborish da'vosi bilan chiqqan Karl Marks bilan tanishadi. Marksning ommani baxtli qilishga doir yuqumli xomxayollari ta'siriga berilgan shoir dastlabki vaqtlarda uning g'oyalariga tarafdor bo'lib yuradi. Lekin kommunistik qarashlarda kishining erkiga zo'rlik o'tkazish ustuvorligini payqab qolgach, Marksdan ham, uning g'oyalaridan ham uzoqlashadi. Ovro'podagi qaynoq ijtimoiy-siyosiy hodisalar ta'sirida shoirning poetik iqtidori o'sha yillarda ko'proq siyosiy yo'nalishdagi she'rlarida namoyon bo'ldi. Haynening "Sileziya to'quvchilari" she'ri, "Germaniya. Qish ertagi" dostoni, "Qullar kemasi" balladasi yuksak badiiy kuchidan tashqari, ijtimoiy yo'nalganligi bilan ham o'sha davr o'quvchilarining e'tiborini tortadi.
Shoirning chet eldaligida yozilgan asarlari orasida 1832-yilda yaratilgan "Fransuz ishiari" asari fransuz siyosiy hayotining o'ziga xos yilnomasi sifatida e'tirof etilgan. 1842-yilda bitilgan "Atta Troll" majoziy dostoni alohida e'tiborga molik bo'lib, unda hayvonlar timsoli vositasida tepsa-tebranmas, yurt ravnaqi uchun biror narsa qilishga qodir bo'lmagan millatdoshlar ayovsiz hajv etiladi. Haynening 1854-yilda yaratgan "Lyutesiya" asari ham fran¬suz hayotini aks ettirishga bag'ishlangan. Haynrix Haynening ijodiy taqdirida uning "Romansero" (1851), "E'tirof" (1854) she'riy kitoblari alohida ahamiyatga egadir. Bu asarlar nafaqat shoir ijodi, balki nemis millati she'riy tafakkuri taraqqiyotida jiddiy voqea bo'ldi.
O'n uch yil davomida vatandan yiroqda, sarsonlikda yurgan otashin yurtsevar shoir uni millatga mehrsizlikda ayblagan kishilarga qarata "Germaniya. Qish ertagi" (1844) kitobiga yozgan so'zboshisida: "Men vatanni sizlardan kam sevmayman. Shu sevgim tufayli men o'n uch yil quvg'inda boidim, ayni mana shu sevgim tufayli oh-voh qilmasdan, iztirobdan yuzimni bujmaytirmasdan, yana, ehtimol, butun umrga quvg'in joyimga qaytmoqdaman", — deb yozganda bashorat qilgan edi. U yaqinlari bilan uchrashgach, shu yili yana Fransiyaga qaytib ketdi. Haynrix Hayne 1856-yilning 17- fevralida Parijda vafot etdi.
Haynening buloq suviday tiniq va jarangli she'riyati o'zbek kitobxonlarini ko'pdan buyon qiziqtirib keladi. Shuning uchun ham uning asarlari turli davrlarda Cho'lpon, Oybek, Mirtemir, Abdulla Sher, Xayriddin Sulton kabi ijodkorlar tomonidan o'zbekchaga ag'darilgan.

''Yosh kitobxon'' kitoblari