Ivan Krilov
(1769-1844)
Isteʼdodli rus shoiri, dramaturg, noshir va publitsist Ivan Andreevich Krilov rus adabiyoti tarixidan asosan mashhur masalnavis sifatida oʻrin olgan. Uning ijodiy merosini 9 kitobdan joy olgan tragediya va komediyalar, 230 dan ortiq masal tashkil etadi.
Ivan Krilov 1769-yilning 2-fevralida Moskva shahrida harbiylar oilasida tugʻilgan. Kam oylik oladigan harbiy otaning maoshiga bir amallab kun kechirayotgan oila Ivan 6 yoshga toʻlganda oʻz boquvchisidan ajralib qoladi. Yoʻqchilik bois Ivan Moskvada boshlagan oʻqishini davom ettirolmaydi. Lekin mustaqil ravishda bilimlarini boyitib, oʻz davrining mashhur kishilaridan biriga aylandi. Bularning bari boʻlgʻusi masalchining mustaqil ravishda kitob oʻqishga, til oʻrganishga boʻlgan katta qiziqishi, tinimsiz intilishi, izlanishi samarasi edi.
Oddiy xalq Krilov uchun haqiqiy hayot maktabi boʻlib xizmat qilgan. U turli xalq sayillarida, koʻcha-koʻyda uyushtiriladigan bazmlarda koʻp bora ishtirok etardi, ulardan cheksiz zavq-shavq olardi. Qishloq bolalari bilan mushtlashib, uyiga yuzi momataloq holda qaytgan paytlari ham koʻp boʻlgan. Aynan oddiy odamlar orasida u xalq donishmandligining oʻtkir namunalaridan bahramand boʻldi. Kulgi, kesatiq, qochirim, hajv asnosida gʻaflatda yurgan, kalondimogʻ, bepisand olifta boyvachchalar, terisi qalin, tepsa-tebranmas amaldorlarning qitiq patiga tegishda moʻljalni shunday aniq olardiki, “oʻq” tegmasdan qolmasdi. U demoqchi boʻlgan fikrini oddiy xalq tilida, oddiy iboralar bilan qisqa va sodda bayon etardiki, taʼsirchanligi zumda kuchini koʻrsatardi. Ayniqsa, parrandayu darrandalar misolida jamiyatdagi mavjud illatlarga qarata aytilgan masallar nishonga bexato tegardi. Bu koʻpchilikning qahr-gʻazabini keltirsa-da, oʻzlari haqida gap ketayotganini bildirmaslik uchun tillarini tishlashga majbur boʻlishardi.
Dramaturgiya Krilov hajv “nota”sining yanada baland pardalarga koʻtarilishiga turtki berdi. U oyda bir marta chiqadigan hajviy jurnal nashr eta boshlaydi. Oradan sakkiz oy oʻtib, jurnal faoliyatini toʻxtatadi. Chunki unda bosilayotgan hajviyalar amaldorlar oʻrtasida keskin norozilikni keltirib chiqara boshlagandi. Mamlakat imperatori Ivan Andreevichga bu ishlarini toʻxtatib, yaxshisi sayohatga chiqishni maslahat beradi. Buning uchun unga hatto davlat gʻaznasidan mablagʻ ham ajratiladi. Biroq Ivan Krilov oʻz bilganidan qolmaydi – masal yozishda davom etaveradi.
1792-yilda isteʼfoga chiqqach, Ivan Krilov bosmaxona sotib oladi va u yerda “Zritel” (“Tomoshabin”) jurnalini nashr eta boshlaydi. Jurnal tezda ommalashib ketadi. “Qalb” qissasida podsholik tuzumi zoʻravonligi va Yekaterina II ning yasama liberalizmi ustidan kuladi, oʻquvchi bu yerda gap Rossiyadagi hayot haqida ketayotganini osongina anglab yetadi. 1792-yilning yozida uning bosmaxonasida tintuv oʻtkaziladi. Oʻtkazilgan tintuvdan soʻng jurnal yopiladi.
Mamlakatda imperator oʻzgargandan keyin vaziyat birmuncha yumshaydi. Krilov poytaxtga qaytib, yozish uslubini oʻzgartiradi – masal yozishga oʻtadi. Chunki tobora chirib borayotgan jamiyatning mavjud illatlarini ochiqchasiga aytib boʻlmasdi. Hayvonlar nomidan kinoyali gapirish, shama qilish, kesatiq, qochirim orqali maqsadiga erishadi. Uning “Boʻri bilan qoʻzichoq”, “Hayvonlar oʻlati”, “Boʻrilar va ovchilar”, “Dehqonlar va daryo” kabi masallarida ijtimoiy illatlar fosh etilgan, zulm va zoʻrlik qoralangan.
Rus adabiyotining zabardast vakillaridan Aleksandr Pushkin va Vissarion Belinskiy Krilov masallariga yuqori baho bergan. Jumladan, Pushkin uni “aql makr-hiylasini ishga solib, hayvonlar tilidan oʻynoqi gaplar orqali istehzoli kulish, masxara, mazax qilishni maromiga yetkazib ifoda eta oladigan haqiqiy rus shoiri”, deb eʼtirof etadi. Krilov oʻz masallarida butun boshli Rossiyani sher – podsho boshchiligidagi amaldorlar, sitamgarlar boshqarayotganidan norozi boʻlib, ularni mazaxlaydi, qilmishlarini elga ovoza qiladi.
Masalchi odamlar shohidan xalqning dardi-tashvishiga quloq tutishni talab qiladi. Chunki xalq mamlakatdagi mavjud vaziyatni shoh aʼyonlaridan koʻra yaxshiroq biladi. Tekinxoʻr dvoryanlar va mehnatkash dehqonlar haqida “It va Ot” masalida shunday deydi:
…Albatta, – dedi Ot, – gaplaring toʻgʻri,
Sen borki, bu uyga kirolmas oʻgʻri.
Ammo agarda yer haydamasam men –
Bunda nimani ham qoʻriqlarding sen?
Muallif “Boʻri va qoʻzichoq” masalida oqsuyak zodagonlar zoʻrmi yo politsiyachilar, yoki yer haydaydigan dehqonlarmi, degan savolga birinchi misradayoq aniq va loʻnda qilib javob beradi:
Daraxtning boʻshini qurt yeydi doim,
Tarixda misollar juda koʻp bunga…
“Kvartet” masalida esa mamlakat vazirliklarining qayta tashkil etilishi mazax qilingan:
…Boʻlmoq-chun sozanda – mashshoq,
Uquv bilan kerakdir nozikroq quloq.
Siz-chi, aziz doʻstlarim, qanday oʻltirmang,
Mashshoq boʻla olmaysiz, ovora boʻlmang.
1810-yilda Ivan Krilov imperator kutubxonasi rahbarining yordamchisi vazifasiga tayinlanadi, 1812-yilda esa unga oʻzi rahbarlik qiladi. Iqtisodiy ahvoli oʻnglanib, jamiyatdagi mavqei ham mustahkamlanib boraveradi. Bu yerda 30 yil ishlaydi. Bu orada kutubxona faoliyatida katta oʻzgarishlar qiladi, bibliografik koʻrsatkich va slavyan-rus lugʻatini tuzish ustida ishlaydi. Uning rus tili va adabiyotini boyitishdagi xizmatlari tahsinga loyiq.
Rus adabiyotida asarlari xalqchil, hammabop boʻlgan Ivan Krilovdan boshqa yozuvchini topish qiyin. Uning masallari hayotligi davridayoq salkam 80 ming nusxada chop etilgan. Bu oʻsha davr adabiyoti uchun katta bir hodisa edi. Adabiyotshunoslarning haqli eʼtirof etishlaricha, Ivan Krilovning obroʻyi, shon-shuhrati barcha zamondoshlaridan, hattoki Pushkin va Gogoldan ham yuqori boʻlgan.
Mashhur rus masalchisi Ivan Krilov juda koʻngilchan boʻlganidan muallifi xafa boʻlmasin, deb boʻshroq asarlarni ham maqtab qoʻyavergan. Bir safar isteʼdodsiz bir shoir kitobiga oʻzi kirish soʻz yozib, asariga Krilov yaxshi baho berganini qistirib oʻtadi.
– Koʻrdingmi, Ivan Andreevich, sening bagʻrikengligingdan foydalanibdi, – deydi yozuvchiga bir doʻsti kuyunib. – Endi doim shu gapni aylantirib yuraveradi.
– Parvo qilma, – deb javob beradi Krilov. – Axir, mening yozganim ham, aytganim ham – masal. Buni hamma biladi!
Darhaqiqat, Ivan Krilovning yozganlari faqat masal boʻldi. Shu masallari uni elga tanitdi, xalqqa xizmat qildi, qilayapti.