August 25, 2020

Robindranat Tagor

(1861-1941)

Rabindranat Tagor(Thakur Robindranath; 1861.7.5 — Kalkutta — 1941.7.8) — hind yozuvchisi va jamoat arbobi. Bengal tilida ijod qilgan. Kalkutta va London universitetlarida oʻqigan (1878—80). Angliyada chiqadigan "Gyanankur" va "Bharati" jurnallarida dastlabki sheʼr, doston va maqolalari bosilgan (1875 yildan). Vataniga qaytgach (1880), "Valmika dahosi" (1881) musiqali dramasini yozgan. Ilk sheʼriy tuplami — "Oqshom qoʻshiqlari" (1882) panteistik ruhda. "Tabiat intiqomi" (1883) pyesasi, "Tonggi qoʻshiqlar" (1883), "Suratlar va qoʻshiqlar" (1884) sheʼriy toʻplamlarida pok muhabbat ulugʻlangan. "Bibha sohili" (1883) va "Donishmand raja" (1886) tarixiy romanlarida zulm va adolatsizlik qoralangan. T. 1884—1911-yillarda "Brahma Samaj" diniy-maʼrifiy jamiyatining kotibi vazifasida ishlagan. Hindiston Milliy Kongressining(1886) ishlarida faol qatnashgan. Uning "Chitra" (1896), "Lahza" (1900) sheʼriy toʻplamlari, "Raja va Rani" (1889), "Qurbonlik" (1890), "Chitrangoda" (1892), "Malini" (1895) falsafiy dramalari va "Hisoblar" (1891), "Jazo" (1893), "Nur va soyalar" (1894) kabi hikoyalarida hind xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashi tasvirlangan. Jurnallarda siyosiy va ijtimoiy maqolalari chop etilgan. Kalkutta yaqinidagi Shantiniketonda maktab ochib, oʻqituvchilik qilgan. 20y.larda Vishvabgʻarati untiga asos solgan. "Koʻzga tushgan choʻp" (1902), "Halokat" (1905) romanlari va "Buzilgan uya" (1903) qissasi bilan bengal adabiyotida maishiypsixologik roman janrini boshlab berdi. 1902-yil T.ning xotini, otasi, oʻgʻli olamdan oʻtadi. Uning bu musibat va iztiroblari "Xotira" (1903), "Farzand" (1903), "Parom" (1906) sheʼriy toʻplamlarida aks ettirilgan. "Gora" romani (1907—10), "Qasos" (1905) dramasi va "Pochta" (1912), "Konservatizm qalʼasi" (1912) pyesalarida T. Hindistondagi barcha millat vakillarini, ular qaysi tabaqa va diniy mazhabdan boʻlishidan qatʼi nazar, ozodlik uchun kurashda yagona ittifoqqa birlashishga daʼvat etadi. Uning "Xalq qalbi" nomli qoʻshigʻi (1911) Hindiston Respublikasining , vatanparvarlik haqidagi "Mening oltin Bengaliyam" qoʻshigʻi (1913) esa Bangladesh Xalq Respublikasining milliy gimniga aylangan. "Gitanjali" ("Baxshida qoʻshiqlar", 1910) sheʼriy toʻplami uchun unga nufuzli mukofot berilgan. "Turnalar parvozi" (1914—16) sheʼriy turkumi shoirning Gʻarb mamlakatlariga qilgan safari, Birinchi jahon urushi va insoniyat taqsiri haqidagi oʻylarini aks ettirgan. "Toʻrt hayot" (1916) qissasi, "Xonadon va jahon" (1915—16) romani milliy ozodlik harakati voqealariga bagʻishlangan.
30y.larda T.ning siyosiy qarashlari yanada oʻsadi, u oʻz ijodida milliy ozodlik harakatiga eʼtibor qaratadi. Bu davrda "Intiho haqida doston" (1929), "Toʻrt qism" (1934) romanlari, "Yaproqlar" (1936), "Tungi sham" (1938), "Soʻnggi sheʼrlar" (1941) sheʼriy toʻplamlari nashr etildi.
T. 30y.larda badiiy asarlar bilan bir qatorda koʻplab darsliklar, falsafa va din boʻyicha ilmiy risolalar yozdi, milliy ozodlik harakati masalalarini adabiyotda yanada kengroq yoritishga katta eʼtibor berdi, hind sheʼriyatida yangi siyosiy janrni yaratdi ("Afrika", 1936; "Budda ixlosmandlari", 1937 va boshqalar). T. ijodi, hozirgi bengal adabiy tilining shakllanishida, sheʼriyatning yangi shakl va mazmun bilan boyishida hal qiluvchi rol oʻynagan. U oʻz sheʼrlariga musiqa bastalab, ommaviy qoʻshiqlar yaratgan.
Asarlari jahonning koʻp tillariga tarjima qilingan. T.ning "Halokat" romani asosida tayyorlangan "Gang daryosining qizi" dramasi (1956) va "Pochta" pyesasi (1961) hozirgi Oʻzbek milliy teatrida sahnalashtirilgan. "Oʻzbekfilm" kinostudiyasi "Gang daryosining qizi" filmini yaratgan (1961). 8 jildli asarlar toʻplami (1958—65) oʻzbek tilida nashr etilgan.

''Yosh kitobxon'' kitoblari