Aleksandr Pushkin
(1799-1837)
Pushkin ulug‘ rus adibi, yangi rus adabiyotining asoschisi. Otasi Sergey Lvovich qadimiy dvoryanlar avlodidan, gvardiya ofitseri bo‘lib, frantsuzcha she’rlar yozib turardi. Onasi Nadejda Osipovna Pyotrning tarbiyasida bo‘lgan habash A. P. Gannibal (asli ismi Ibrohim) ning nevarasi edi. Ota-onasi yosh Pushkinni buvisi Marya Alekseevna va enagasi Arina Rodionovna tarbiyasiga topshirgan. Uning amakisi Vasiliy Lvovich o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan shoirlardan bo‘lib, Pushkinlarnikiga taniqli shoirlar tez-tez mehmon bo‘lib kelardi. Bu muhit Pushkinda she’riyatga havas uyg‘otdi. 1811-1817 yillarda u Sarskoe selodagi litseyda ta’lim olgan. Pushkinning dastlabki she’ri matbuotda 1814 yildayoq bosilgan edi. 1833 yil dekabrida Nikolay I Pushkinni kamer - yunker qilib tayinlagan. 1837 yilda yosh frantsuz ofitseri Jorj Dantes bilan duelda Pushkin og‘ir yaralanib, vafot etadi.
Pushkinning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Boris Godunov», «Dubrovskiy», «Kavkaz asiri» Cho‘lpon tomonidan (1936-37), «Yevgeniy Onegin» Oybek tomonidan (1937), «Boqchasaroy fontani» Usmon Nosir tomonidan (1937), «Kapitan qizi» Abdulla Qahhor tomonidan (1939), «Ruslan va Lyudmila» Mirtemir tomonidan (1948) tarjima qilingan).
Asarlari: «Erkinlik» (1817, oda), «Chaadaevga» (1818), «Qishloq» (1819), «Hanjar» (1821), «Qur’onga taqlid», «Andrey Shene», «19 oktyabr», «Stenka Razin haqida qo‘shiq», «Sibirga maktub», «Armon» kabi she’rlari, «Ruslan va Lyudmila», «Kavkaz asiri» (1820-21), «Aka-uka qaroqchilar» (1821-22), «Boqchasaroy fontani» (1823), «Graf Nulin», «Poltava», «Mis chavandoz» (1833), «Gavriiliada» kabi poemalari, «Yevgeniy Onegin» (she’riy roman), «Buyuk Pyotrning habashi» kabi romanlari, «Boris Godunov» (tragediya), «Arzrumga sayohat», «Dubrovskiy» (povest, 1832-33), «Kapitan qizi» (1836, povest), «O’q», «Bo‘ron» kabi nasriy asarlari, «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1830-34), «Baliqchi va baliq haqida ertak» (1830), «Shoh Saltan haqida ertak» (1831), «Oltin Xo‘roz haqida ertak» (1834) kabi ertaklari va boshq.