November 2, 2024

    Ingliz tilshunosligi kafedrasida maktablar bilan hamkorlik ishlari davom etmoqda

Buxoro davlat universiteti ingliz tilshunosligi kafedrasi o’qituvchilari M.R. Saparova va G.G.Abdullayevalar Kogon tuman 1-maktab bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yganlar. Kuni kecha kafedra o'qituvchilari maktabda bo'lib, xorijiy til o'qituvchilari bilan “Ingliz tilini o'qitishda yangi yondashuvlar" mavzusida davra suhbati o'tkazdilar.

Shahar markazidan uzoqdagi joylarda maktab o'quvchilari odatda ingliz tili muhitidan ancha uzoq bo’lgan sharoitda o’sishadi va bolalarning fikrlashi mavhum shaklda qolaveradi, bolalarning yangi bilimlarni o’zlashtirish jarayoni doimo hissiyotlarga tayangan holda kechadi. Shuning uchun, ingliz tili o'qituvchilari o'qitishda oson metodikalar orqali, o'quvchilar atrofidagi buyumlardan, mamlakatlar va xorijiy shaharlar tarixiga doir va boshqa o'quv qo'llanmalaridan to'liq foydalanishadi. Bolalar o'quv mashg'ulotlarini tashkil qilish uchun sinfdagi narsalar orqali ularni chet tilida qo’llanilishini o’rgatib borishadi.Albatta, o'qitish mobaynida real hayot bilan bog’liq ma’lumotlardan foydalanishda o'qituvchilarning metodikasi katta rol o’ynaydi.

Davra suhbati davomida moslashuvchan sinf atmosferasini yaratish borasida so'z yuritildi. Inglizcha muhit, muhimi, yaxshi o'quv atmosferasiga tabiiy ravishda kirishga imkon beruvchi usullar, o'zini-o'zi boshqarish qobiliyati sust bo’lgan bolalarning butun mashg'ulot davomida e’tiborini jamlashi va egallab olishiga yordam beruvchi zamonaviy usullar borasida ham o'zaro fikr almashildi.

Yaqinda chet el safaridan qaytgan M.R. Saparova ITEC loyihasi davomida o'rgangan bilim va tajribalari bilan ham o'rtoqlashdi. Davra suhbati juda qiziqarli bahs-munozara va savol-javob tarzida olib borildi va o'qituvchilar tomonidan juda ham yaxshi qabul qilindi.