Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi xorijlik mehmonlar nigohida
Ingliz tilshunosligi kafedrasi a'zolari F.E.Yuldasheva, PhD N.N.Xayrullayeva, PhD E.T.Sadikov va M.Sharipovlar kecha mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim siyosiy voqelik – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga xorijdan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarga tarjimon bo'lib xizmat ko'rsatishdi.
Jarayon davomida xalqaro kuzatuvchilar bir qancha saylov uchastkalariga tashrif buyurdilar. Tashrif mobaynida saylov jarayonlari yuqori tayyorgarlik va shaffof holda o'tayotganligini ta'kidlab o'tgan mehmonlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga uchastka saylov komissiyasi rahbaridan javob olishdi. Jarayonni yaqindan kuzatishdi. Tarjimonlar yordamida saylov jarayoni bilan bog'liq batafsil ma'lumotlarga ega bo'lishdi. Bundan tashqari, mehmonlar Buxoro shahar hokimi o`rinbosari B.Shaxriyorov bilan uchrashib, Xitoy bilan Buxoro tarixiga bog`lig kitob nashr qilishga hamda kino film yaratish borasida istiqbolli rejalar tuzishdi.
Shuningdek, xorijlik mehmonlar ko'hna Buxoroning ko'plab tarixiy obidalariga tashrif buyurdilar. Buxoroning eski shahar qismi bo'ylab sayohat jarayonida mehmonlar Mir Arab madrasasi, Machiti Kalon, turli savdo toqlarida, Labi Havuz majmuasida bo'lishdi. Shaharning boy madaniy me'rosi, tarixiy obidalari, milliy hunarmandchilik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar Buxoro amirlarining yozgi saroyi bo'lmish Moxi-Xosa saroyida ham bo'ldilar.
Bugun Buxoro xalqaro aeroportida BuxDU rektori Obidjon Xafizovich bilan uchrashib qolgan xorijlik mehmonlar tashrif bilan bog'liq boy taassurotlar haqida gapirib berishdi. Xorijlik xalqaro kuzatuvchi mehmonlarning Buxoroga tashriflari shu bilan o'z nihoyasiga yetdi.