June 10

BuxDU Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tilshunosligi kafedrasida "Sog`lom turmush- kelajak poydevori " nomli Ma`rifat soati tashkil qilindi.

Kuni kecha 10.06.2025 kunida BuxDU Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tilshunosligi kafedrasida "Sog`lom turmush-kelajak poydevori" nomli Ma`rifat soati tashkil qilindi. Mazkur ma`rifat soati davra suhbati tarzida tashkil qilinib, kafedraning barcha professor-o`qituvchilari faol qatnashdilar. “Turmushda ma’lum bir qoidalarga amal qilib yashagan odam yuz yildan ko‘proq umr ko‘rishi mumkin” deyishadi qadimgi donishmandlar. Qolaversa, tabiat inson uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib qo‘ygan. Masalan, daryo va buloqlar suvi chanqog‘ingizni qondiradi, shifobaxsh giyohlar vujudingizdagi dardlarni eritadi, meva hamda sabzavotlar tanaga quvvat beradi. Ulardan foydalanmasdan turib sog‘liq haqida gapirish qiyin.

Avvalo kishi o‘z qiziqishlariga mos  keladigan yumushlar bilan shug‘ullanishi lozim. Shundagina ishda omadga  erishadi, uyiga baraka oqib kiradi. Zavq bilan qilingan mehnat inson fikrini chuqurlashtiradi, dunyoqarishini boyitadi, vujudini yoshartiradi. Unutmangki, aynan mehnatdan zavq olish jarayonida fe’lu-atvoringiz yanada yaxshilanadi, olamga muhabbat ko‘zi bilan qaraysiz, o‘zni izlanishga chog‘laysiz.

Inson har bir narsada me’yorni saqlab, parhezkor bo‘lgani ma’qul. Dasturxon boshida taomni ko‘p yemang, ko‘katlar (oshko‘klar) va xom sabzavotlarni ham oz-ozdan iste’mol qilingki, ular hazmga yordam beradi.

Har kuni bir vaqtda ovqatlanishga odatlaning. Vaqt-bevaqt taom yeyish, sho‘r va achchiq narsalarga ruju qo‘yish tananing mutanosibligini buzadi va uni zo‘riqtiradi. Ovqatlanishda hamisha me’yorni saqlang, bu salomatligingizga  kafolatdir.

Bilish lozimki, ichkilikbozlik va kashandalik aqlni zaiflashtiradi, turli balolarga giriftor etadi, naslni buzadi, sog‘liqqa putur yetkazadi.

Xushfe’l va muloyim fe’lli insonlar uzoq yashaydilar. Siz ham yaratgandan o‘zingizga ruhiy barkamollik so‘rang. Unutmangki, hasad, shubha, ochko‘zlik, adovat, xiyonat, yolg‘onchilik va bemehrlik qalbdagi poklikka qarshi turuvchi qusurlardir. Agar shu illatlardan birortasi sizda bor bo‘lsa xotirjamligingiz buzulur. Ayni vaqtda shu qusurlar tufayli yurak ishi izdan chiqadi, miya toliqadi, ruhiyati aziyat chekadi, jizzakilik avj oladi.

Bitta haqiqat mavjud, u ham bo‘lsa “Salomatlikning katta boylik ekanligidir”.  Shunday vaqtda siz sog‘liqqa qarshi turuvchi har bir narsadan voz keching. Qadimgilar hikmatiga ko‘ra halol rizq-nasibaning salomatlik uchun xosiyati beqiyos. Chunki halollik hech qachon kishiga ruhiy zo‘riqish bermaydi, mijozni buzmaydi, yurakka ziyon yetkazmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, halollik aslida donolikning o‘zidir.

Davra suhbati qizg`in savol javoblarga boy bo`ldi.